O‘zbekiston | 15:26 / 23.03.2020
22816
7 daqiqa o‘qiladi

Koreys universitetlari qaysi jihatdan bizga o‘rnak bo‘la oladi? Koreyadagi o‘zbek talabalari fikri

«O‘zbekistonda ham semestrni yaxshi bahoga tamomlagan talabalarga keyingi semestr uchun grant yutib olish imkoniyatini berish kerak», – deydi respondentlardan biri.

Kun.uz`ning Janubiy Koreyadagi muxbiri Eldor Vohidov bu mamlakatdagi o‘zbek talabalar o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazib, koreys oliy ta'limi va uning o‘rnak olish mumkin bo‘lgan jihatlari haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Natijalar aniqligini ta'minlash uchun Koreyaning 4ta yirik shahri – Seul, Busan, Tegu va Dejonda turli mutaxassislik bo‘yicha o‘qiyotgan talabalarning fikrlari jamlandi.

Koreyada tahsil olishning sizga ma'qul kelmagan tomonlari bormi?

Har joyni qilma orzu, har joyda bor tosh-u tarozi, deb bejiz aytishmagan. Ko‘plab ijobiy tomonlari bo‘lgani kabi, xorijda yashab, o‘qishning ham o‘ziga yarasha mashaqqatlari va u yerdagi tizimning ma'qul kelmagan jihatlari topiladi, albatta.

Aksariyat talabalar til masalasida e'tiroz bildirdilar. Janubiy Koreya oliygohlari xorijlik talabalar uchun ko‘ngli ochiq mamlakatlardan sanaladi. Shu boisdan, ingliz tili ta'lim tili hisoblangan yo‘nalish va o‘quv yurtlari bisyor. Muammo shundaki, ingliz tilidagi imkoniyatlar koreys tilidagiga qaraganda ancha sust bo‘lib chiqdi. Universitet portal tizimi, muhim adabiyotlar aynan davlat tilida ekani va professorlarnng ingliz tili darajasi tanqid ostida qoldi.

Ta'lim bilan aloqador masalada koreys tilining dominantligi tilga olingan bo‘lsa, yashash tarzi haqida gap ketganda vatan sog‘inchi, oila a'zolardan uzoqda bo‘lish va o‘zbek taomnomasiga o‘rgangan kishilarning koreyscha achchiq ovqatlarga moslasha olmaganliklari Koreyada tahsil olishning og‘riqli nuqtalaridan ekanligi aytib o‘tildi.

Qo‘shimcha sifatida aytish kerakki, mamlakat ta'limida o‘quvchini majburlab, tergab darsga jalb etish tajribasi yo‘q. Ma'lum bo‘lishicha, aynan shu masala ham ayrim yurtdoshlarimizga ma'qul kelmagan.

Baho olishda korrupsiya alomatlarini sezganmisiz?

So‘rovnomada ishtirok etgan barcha talabalar bir ovozdan manfiy javob qaytarishdi: «Yo‘q, pora alomatlari umuman kuzatilmagan».

Ma'lumot uchun, Koreyada talaba o‘z xohishi bilan professor-o‘qituvchini shirinlik yoki kofe bilan mehmon qilishi, ustozlarning bayram vaqtlarida turli hadyalarni olishi qat'iy qoralanadi.

Koreys ta'lim tizimidagi qaysi yutuqli jihatni O‘zbekistonga joriy etish foydali bo‘ladi, deb hisoblaysiz?

Mushtariybegim:

– Korrupsiyani yo‘q qilish kerak, shu orqali juda ko‘p masalalar ijobiy tomonga hal bo‘lgan bo‘lardi.

Davlatbek:

– Koreyada davlat tilini bilganlik darajasiga qarab, chet ellik talabalarga maxsus grantlar beriladi. Bu esa xorijliklar orasida koreys tilining keng yoyilishiga sabab bo‘lyapti. Xuddi shu kabi o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishni oshirish kerak. Eng kamida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari orasida sinab ko‘rish foydadan xoli bo‘lmasdi.

Dilxumor:

– Fanlarni ixtiyoriy tanlash tizimini joriy etish kerak. Bunda talaba o‘z rejalariga ko‘ra dars jadvalini tuzib chiqadi, ma'qul soatlarga darslarni joylashtirish orqali vaqtidan unumli foydalanishi mumkin.

Shahzod:

– Fanlarning kredit qoidasini olib kirish kerak. Bu tizim allaqachon dunyoning yetakchi davlatlari ta'limida joriy etilgan. Bunda talaba semestr boshida fanlarni xohishiga ko‘ra tanlagan holda ma'lum bir kredit sonini yig‘ishi talab etiladi.

Ixtiyoriy ravishda professor-o‘qituvchilarning darslari tanlanishi ikki tomonlama foydali bo‘ladi. Birinchidan, talaba o‘z qiziqqan sohasida ko‘proq bilim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ikkinchidan, o‘qituvchilar o‘rtasida raqobat yuzaga keladi. Kimning fani ko‘proq ma'qul topilganiga qarab darajalar sarhisob qilinadi.

Malika:

– Yelektron portal tizimi. Bu, bir so‘z bilan aytganda, talabalar hayotidan barcha hujjatbozlik ishlarini olib tashlash demakdir. Kishi dars jadvali, qaysi professor ma'ruzasi ekani va sinfxona haqida to‘liq ma'lumot olib turadi. Sessiya yakunlangach, baholar ham aynan shu portalda e'lon qilinadi. «Zachetka» ko‘tarib, domlaning ortidan yurish degan tushuncha yo‘q. Yakuniy baholarga qarab, keyingi semestrda to‘lanishi zarur bo‘lgan kontrakt miqdori aynan shu portalda e'lon qilinadi.

O‘ylaymanki, bu tizimni O‘zbeksiton oliygohlariga tatbiq etilsa, talabalar uchun chinakam qulaylik bo‘ladi.

Sarvar:

– Koreya ta'lim tizimidagi, O‘zbekistonga joriy qilish mumkin bo‘lgan eng yaxshi jihat – bu o‘qish mobaynida yaxshi baho olib, keyingi semestr uchun grant yutib olish imkoniyatining mavjudligi deb bilaman.

Bu yerda mutlaq kontrakt yoki to‘liq grantda o‘qish tartibi yo‘q. A'lo bahoga o‘qisangiz, foizlik grantlar ortib boraveradi. Bu tartib-qoida bir paytning o‘zida talabaning xotirjam bo‘lib qolishiga to‘sqinlik qiladi va yanada qattiqroq bilim olishida ruhlantirish vazifasini o‘taydi.

Munavvara:

– Istardimki, O‘zbekiston ta'limida ham forma erkinligi uchun ruxsat berilsa. Asosiy e'tiborni ta'lim sifatiga qaratish kerak, deb o‘ylayman. Kiyinish va soch-soqol uslubi bilimlarni belgilab bermaydi. Musulmon qizlar hijob o‘ragan holda o‘qish istagini bildirgan taqdirda, oliygohlarda ro‘mol sababli taqiqlarga uchramasligi kerak.

So‘rovnoma natijasidan ma'lum bo‘ldiki, Koreyada o‘qiyotgan o‘zbek talabalar bir paytning o‘zida ham amaliyot, ham nazariyadan saboq olmoqdalar. Bildirilgan takliflarda ta'lim rivojini ko‘zlovchi ko‘plab bandlarni ko‘rish mumkin. Koreya ta'limi rivojida korrupsiya holatlari yo‘qligi qayta-qayta tilga olindi.

Eldor Vohidov,
Kun.uz`ning Janubiy Koreyadagi muxbiri.

Mavzuga oid

E`lonlar