Koronavirusning Superligaga ta'siri, mavsumdagi ilk iste'fo va Andijondagi anshlag. Tur voqealari sarhisobi

Sport 14:09 / 17.03.2020 12924

Yakunlangan haftaning so‘nggi uch kuni davomida Superliga 3-tur bahslari o‘tkazildi. Mamlakatimizning yettita stadionida kechgan uchrashuvlar yakunida Tribuna.uz sayti tur sarhisobini taqdim etadi.

 Tur o‘yini: Qosimov Abramovni mag‘lub etdi

Turning markaziy o‘yini Olmaliqda kechdi. Mirjalol Qosimov qo‘l ostidagi OKMK jamoasi Vadim Abramov boshchiligidagi «Bunyodkor» klubini qabul qildi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda Murod Toshmatov va zaxiradan maydonga tushirilgan Hojimat Erkinov tomonidan kiritilgan gollar mezbonlarga mavsumdagi ilk g‘alabani taqdim etgan bo‘lsa, «Bunyodkor» dastlabki mag‘lubiyatni tan oldi.

 Tur qahramoni: Rayyevatsdan ajoyib debyut

Serbiyalik hujumchining Qo‘qonga qaytishi omadli chiqdi. «Qo‘qon-1912» - «So‘g‘diyona» (2:1) uchrashuvida Rayyevats dastlabki golning vujudga kelishida katta hissa qo‘shgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay Murod Xolmuhammedovning yon chiziqdan uzatgan to‘pini qiyin vaziyatda ajoyib zarba bilan darvozaga kiritdi. Debyut o‘yinidayoq ikkita samarali harakati bilan qo‘qonliklarga muhim g‘alabani tortiq etgan Rayyevats – tur qahramoniga aylandi.

 Tur muxlislari: «Vodiy derbisi»dagi anshlag

Superliga-2020da muxlislar tashrifi borasida rekord (25 328 tomoshabin) Namanganda qayd etilgan bo‘lsa, ikkinchi eng yaxshi ko‘rsatkich Andijonda kuzatildi. «Andijon» va «Navbahor» o‘rtasidagi «vodiy derbisi»da 15 152 tomoshabin tashrif buyurdi. E'tiborlisi, shu kuni Namangandan ham 5 ming nafarga yaqin muxlislar kelishgan. O‘yin murosasiz kechgan bo‘lsa-da, tomoshabinlar gollarga guvoh bo‘lishmadi. Shunga qaramay, ikki jamoaning ashaddiy muxlislari o‘yinni “qizitib” berishdi. 

 Tur fakti: «Buxoro»da – hammasi nol, faqat 0:3…

Superliga 3-turidan keyin chempionatdagi yaqqol autsayder jamoa – «Buxoro» klubi bo‘lib qoldi. Muhsin Muhammadiyev jamoasi Buxorodagi maydon tayyor holatda emasligi sabab faqat safarda to‘p surishga majbur bo‘lmoqda. E'tiborlisi, buxoroliklar jamoasi o‘tgan uch o‘yinda ham 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lishdi va so‘nggi o‘ringa tushib qolishdi. Jamoa ochko tugul, gol ham ura olayotgani yo‘q...

 Tur e'tirofi: «Navbahor» futbolchilari avtohalokatda vafot etgan muxlislarni xotirlashdi

Andijondagi o‘yin voqealarga boy bo‘ldi. «Andijon» - «Navbahor» (0:0) uchrashuvidan so‘ng mehmon jamoa futbolchilari 2019 yil 10 mart kuni Toshkentdan qaytishda avtohalokatga uchrab, vafot etgan muxlislarni xotirlashdi. Namanganlik futbolchilar o‘yin yakunida o‘z muxlislari qarshisida marhumlarning rasmi tushirilgan futbolkalarni ko‘tarishdi.

 Tur voqeasi: «Qizilqum» bosh murabbiyi ketma-ket ikkinchi o‘yinda ko‘rinish bermayapti

Navoiy klubi mavsumni «Nasaf»ga qarshi uyida mag‘lubiyat bilan boshlagach, jamoa bosh murabbiyi Hamid Aktamov so‘nggi ikki o‘yinni murabbiylar o‘rindig‘ida emas, tomoshabinlar qatorida kuzatmoqda.

Qizig‘i, Muborakdagi uchrashuvda ham Aktamov uchrashuvni “vip-loja”dan kuzatdi. Jamoani katta murabbiy Akmal Xoliqov maydonga boshlab tushdi va klub mavsumdagi ilk ochkosini qo‘lga kiritdi.

 Tur iqtibosi: «Bugunoq hokim bilan uchrashib jamoadan ketaman» - Aleksandr Xomyakov

«Viloyat hokimi va klub prezidenti Shuhrat Qo‘shoqboyevich natija hamda g‘alabalarni talab qilishga haqqi bor. Bugunoq rahbar bilan uchrashib jamoadan ketaman. Natija yo‘q ekan balki yangi murabbiy futbolchilarni ruhlantrib yuborar. O‘z ishimdan qoniqmadim. Hozir nima desam ham bahona bo‘lib qoladi. Ketma-ket uchta o‘yin g‘alabasiz bo‘ldi. Bugun juda ham yomon o‘ynadik. Yana qaytaraman ariza yozib bosh murabbiy lavozimini tark etishga tayyorman, barchasi rahbariyatga bog‘liq. 3ta turda 1 ochko bu kam» - deya fikr bildirdi «Andijon» bosh murabbiyi Xomyakov.

 Tur iste'fosi: Xomyakov - Superligadagi ilk iste'fo

Ushbu mavsumdagi ilk iste'fo 3-turdan keyin kuzatildi. «Andijon» - «Navbahor» (0:0) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov iste'foga chiqishini ma'lum qildi. Dushanba kuni esa o‘z arizasiga ko‘ra, Andijonni tark etgan.

Qayd etish joiz, Xomyakov o‘tgan mavsumning ikkinchi qismida vodiyda ish boshlagandi. Hozirda ushbu murabbiyga «Mash'al» va «Qizilqum» klublari qiziqish bildirmoqda.

 Turning eng chiroyli goli: Murod Toshmatov

Turning eng chiroyli goliga uchta da'vogar bor edi. Bular, Derdiyo‘qning bosh bilan kiritgan goli, Shaymanovning uzoqdan yo‘llagan zarbasi va Toshmatovning kuchli zarbasi. Muhimligi jihatdan Olmaliqdagi gol eng chiroyli gol sifatida qayd etilishiga munosibroq edi. Shu bois, Murod Toshmatovning «Bunyodkor» darvozasiga jarima chizig‘i tashqarisidan kiritgan golini “eng chiroyli gol” deb topdik.

 Tur fotosi: stadiondagi «niqoblar»

O‘zbekistonda ilk koronavirus holati aniqlangach, aksariyat muxlislar ehtiyot chorasi sifatida Superliga o‘yinlariga stadionga himoya niqobi bilan kelishdi. Shu jumladan, Andijondagi «Sog‘lom avlod» stadionida shunday holatni uchratish mumkin edi. Yakshanba kungi uchrashuvlardan keyin bir qator ommaviy tadbirlar kabi Superliga o‘yinlari ham noma'lum muddatgacha to‘xtatildi.

 Tur ramziy jamoasi

Superliga 3-turi yakunlariga ko‘ra, quyidagi futbolchilar Tribuna.uz talqiniga binoan tur ramziy jamoasidan o‘rin olishdi.

 Darvozabon: Arslonbek Ahrorov («Andijon»)
 Himoyachilar: Murod Xolmuhammedov («Qo‘qon-1912»), Igor Golban («Navbahor»), Igor Zonich (OKMK), Farrux Sayfiyev («Paxtakor»)
 Yarimhimoyachilar: Shahzod Shaymanov («Lokomotiv»), Ruslan Margiyev («Qizilqum»), Murod Toshmatov (OKMK), Jaloliddin Masharipov («Paxtakor»), Oybek Bozorov («Nasaf»).
 Hujumchi: Filip Rayyevats («Qo‘qon-1912»)

 Superliga 3-turidan keyingi turnir jadvali:

 Usmon Ibodov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: