Top-10: «Real» birinchilikni topshirdi va haftaning boshqa voqealari

Sport 17:00 / 09.03.2020 15314

Koronavirus va futbol

Premer-liga futbolchilari o‘yindan oldin qo‘l berib ko‘rishishni to‘xtatishdi Foto Reuters

 Koronavirus, asta-sekinlik bilan Yevropani, xususan futbolni ham zabt etishni boshladi. Ayniqsa, bu kasallik keng tarqalayotgan Italiyada chempionat o‘yinlarini o‘tkazish xavf ostida qolmoqda. Futbolchilarni himoya qiladigan kasaba uyushmasi hatto A Seriyani aprelgacha to‘xtatib turish taklifi bilan ham chiqdi.

Hozircha bunday qaror qabul qilinmadi, faqat ushbu turdagi aksariyat o‘yinlar qoldirildi, shuningdek, keyingi turlarda o‘yinlar yopiq, ya'ni tomoshabinlarsiz o‘tishi kelishib olindi. Chempionatning eng markaziy to‘qnashuvlaridan biri – «Yuventus» – «Inter» uchrashuvi mana muxlislarsiz o‘tdi. Ba'zi o‘yinlarda esa, futbolchilar maska taqqan holatda maydonga tushishdi.

Bundan tashqari, UYeFA ham o‘yinlar boshlanayotgan paytda qo‘l berib so‘rashishni taqiqlagan. Fransiyada «PSJ» – «Strasbur» o‘yini qoldirildi. Angliyada esa koronavirus yanada xavfliroq tus oladigan 70 yoshdan oshgan kishilarni stadionga kiritishni taqiqlashmoqchi.

Sovrin uchun kurash Turin va Rim o‘rtasida kechadi

Foto: Valerio Pennicino/Getty Images

Tomoshabinlarsiz o‘tgan o‘yinda «Yuventus» «Inter» ustidan Aaron Remzi va Dibalaning gollari evaziga ishonchli g‘alabaga erishdi va raqibidan 9 ochkoga ilgarilab ketdi. To‘g‘ri, milanliklar zaxirasida bir o‘yin bor, lekin shunda ham, olti ochkolik farqni yo‘qqa chiqarish Konte shogirdlari uchun imkonsiz ekanini murabbiy ham tushunib turibdi.

«Yuventus» bir necha yildan beri shu darajaga keldi, biz esa, yangi jamoa qurishni boshlaganimizga yetti oy bo‘ldi xolos», – deb vaziyatga real qarashga chaqirdi o‘yindan so‘ng Antonio Konte.

Endi buyog‘iga turinliklar yo‘lida «Inter»dan ko‘ra, «Latsio» kattaroq g‘ov bo‘lsa kerak. Birinchidan, bu jamoalar o‘rtasidagi farq bir ochkoni tashkil qilyapti, xolos. Ikkinchidan, «Yuventus»ni qanday yutishni o‘rganib olgan va so‘ngi 2 o‘zaro o‘yinni yutgan «Latsio»da hali yana bir o‘zaro o‘yin turibdi. Uchinchidan, «Yuventus»ni YeChLning qiyin davri kutmoqda, «Latsio»da esa A Seriyadan boshqa turnir yo‘q. Kuzatamiz.  

«Boshoqshehir» yana peshqadam

Uch yildan buyon «Istanbul Boshoqshehir» bahorni Turkiya Superligasi peshqadami sifatida boshlayapti, lekin yoki «Beshiktosh» yoki «Galatasaroy» tajriba evaziga sovrinni yutib ketmoqda.

To‘g‘ri, agar «Trabzonspor» o‘z o‘yinini yutib olsa, ochkolar soni tenglashadi, lekin bu safar Okan Buruk shogirdlari yanada jiddiy va yetarli tajriba bilan hal qiluvchi pallaga yetib kelishdi. Jamoa qatorasiga uch o‘yinda ishonchli g‘alabaga erishib kelmoqda, shuningdek, Yevropa Ligasida «Sporting»ga 1:3 hisobida yutqazib, ajoyib kambekni amalga oshirdi va o‘z maydonida 4:1 hisobida ustun keldi.

Eng qizig‘i, keyingi turda «Istanbul Boshoqshehir» safarda aynan «Trabzonspor»ga qarshi maydonga tushadi. Bu o‘yin chempionlik masalasida juda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Peshqadamlardan uch ochkogina kam to‘plagan «Galatasaroy» esa o‘lja poylagandek ta'qib qilib kelmoqda.

Ispaniyada YeChL uchun bahs

Ispaniyada Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun juda muhim bo‘lgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Simeone shogirdlari bu o‘yinda g‘alaba qozonib, 3-o‘ringa chiqib olish imkoniyatini qo‘ldan boy berishdi. Birinchi bo‘limni 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlagan tomonlar ikkinchi bo‘limda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishdi va hisob o‘zgarmadi. Qizig‘i, bu «Atletiko» va «Sevilya»ning o‘zaro o‘yinlardagi ketma-ket to‘rtinchi durangidir. Oldingi uch o‘yin bir xil – 1:1 hisobida yakunlangandi.

Yaxshiyamki, Top-4 uchun kurashayotgan barcha jamoalar bu turda ochko yo‘qotishdi. «Xetafe» o‘z maydonida «Selta» qarshiligini sindira olmagan (0:0) bo‘lsa, «Valensiya» va «Vilyarreal» autsayderlar bilan o‘yinlarda ochko yo‘qotishdi. «Sosedad» esa «Kamp Nou»da munosib qarshilik qila olgan bo‘lsa-da, Messining penaltidan urgan goli tufayli mag‘lubiyatga uchradi.

«Bavariya» yana chempion?

 

Har bahorda shu bo‘lar takror. Germaniyada doim barqaror, kuchli jamoalar paydo bo‘lishadi, navbati bilan turnir jadvalini boshqarishadi ham, lekin u paytlarda o‘z muammolari bilan o‘ralashib yurgan «Bavariya» vaqti kelganida, yana katta sahnaga chiqadi. Tarkibning sifati va zaxira o‘rindig‘ining kuchi mana shu yerda bilinadi. «Bavariya» so‘nggi 11 uchrashuvning 10tasida g‘alaba qozondi. Endi myunxenliklarning yaqin ta'qibchi bilan farqi 4 ochkoni tashkil qilmoqda. 

Esingizda bo‘lsa, mavsum boshida Levandovski har o‘yinda gol urar, uning yordamisiz «Bavariya»ni tasavvur qilib bo‘lmasdi. Lekin hozir, polshalik hujumchi jarohatda, maydonga tushmayapti, lekin tarkibda Myuller, Gnabri, Kimmix, Koutino, Goretska kabi futbolchilar mas'uliyatni o‘z zimmalariga olishmoqda. «Bavariya»ning Bundesligadagi raqiblarida bunday sharoit yo‘q.

Joze yana bosim ostida

Ma'lum vaqt Joze bilan barqarorlikka erishgan «Tottenhem» yana eski nuqtaga qaytib keldi. To‘g‘ri, hozirgi holat Keyn va Sonning jarohati, Eriksenning jamoani tark etishi bilan ham bog‘lanishi mumkin, ammo «Byornli»ga qarshi o‘yin har tomonlama juda yomon chiqdi.

«Byornli» bu o‘yinda deyarli 3.5 xG yaratdi, bu ushbu turdagi eng katta ko‘rsatkichdir. Agar vaziyatlardan unumli foydalanilganda, hisob bemalol 4:1 ko‘rinishida mezbonlar foydasiga yakunlanishi mumkin edi. Ya'ni bu o‘yinda «Tottenhem» ikki ochko yo‘qotishdan ko‘ra, bir ochkoga ega bo‘ldi, deyish haqiqatga yaqinroq.

Bu «Tottenhem»ning qatorasiga 5-g‘alabasiz o‘yinidir. 7 o‘yindan beri jamoa o‘z darvozasini daxlsiz saqlay olmayapti. YeChLda «Leypsig»ga qarshi javob o‘yini oldidan «Tottenhem»ning ahvoli mana shunaqa.

Zlatanning sehri tugadimi?

Aslida bu yerda biroz paradoksal holat ham bor. Zlatanning kelishi «Milan»ning natijalariga sezilarli ijobiy ta'sir ko‘rsatgani tabiiy – jamoa qatorasiga 10 o‘yinda faqat bir marta, Milan derbisida mag‘lubiyatga uchragandi, xolos. Lekin yana qiziq tarafi, aynan Ibrahimovich gol urgan o‘yinlarda «Milan» yakunda uch ochkoga ega bo‘la olmayapti. «Inter»ga qarshi o‘yinda Zlatan gol urgandi, o‘yin 2:4 hisobida ko‘k-qoralar g‘alabasi bilan tugadi. Endi esa, shvetsiyalik hujumchining yana bir goli «Milan»ga foyda bermadi. «Jyenoa» ungacha ikki gol urib ulgurgandi.

Natijada «Milan» «Napoli»ga yetib olish imkonini qo‘ldan boy berdi.

Manchester - qizil

Foto: Premier League

O‘yindan so‘ng, butun ijtimoiy tarmoqlar, futbol olami «Manchester – qizil» iboralari bilan to‘lib ketdi. Ushbu mavsumdagi to‘rt Manchester derbisidan uchtasida qizillar g‘alaba qozonganliklari bu iddaoning isbotidir.

Sulsherning «MYu»si qaysidir ma'noda, bir necha yil oldingi Kloppning «Liverpul»ini eslatib yubormoqda. Yo‘q, o‘yin uslubi, hujumkorligi bilan emas, butunlay teskari – «Liverpul» avvaliga xaos yaratib, uni asta-sekinlik bilan boshqariladigan holatga keltirgan bo‘lsa, Sulsher avval tartibni joriy qilib, asta-sekin kreativlikni oshirib boryapti. Bruno Fernandeshning transferi bu yo‘ldagi dastlabki qadamlardan biri bo‘ldi. O‘sha «Liverpul» va «Manchester Yunayted» o‘rtasida bitta o‘xshashlik bor – beqaror natijalar, mana shunday emotsional, alohida o‘yinlardagi katta g‘alabalar bilan almashib turibdi.

Kecha ham, aslida «MYu» hali kuchli to‘rtlikka ham kirmagan bo‘lsa-da, bir qator ijobiy rekordlarni urdi. Jamoa 60 yildan beri birinchi marta, bir mavsumda ham «Siti», ham «Chelsi»ni ikki martadan yutishga muvaffaq bo‘ldi, masalan. Albatta, barqarorlik ham kelyapti – «Yunayted»ning mag‘lubiyatsiz seriyasi 10 o‘yinga yetdi. Agar Yevropa Ligasidagi LASK bilan o‘yinda ham manchesterliklar yutqazishmasa, Sulsherning murabbiylikdagi shaxsiy rekordi takrorlanadi.

«Siti»chi? «Siti»ning fronti boshqa. APLda yaxshigina farq bilan orqada borayotgan Pep Gvardiola bor e'tiborini «Real» bilan o‘yinga qaratishi tabiiy. Shuning uchun murabbiy derbidagi natijadan ko‘ra, o‘yinning umumiy borishi, ba'zi futbolchilarning ahvoliga ko‘proq e'tibor qaratgani tabiiy. Va albatta, Kevin de Bryuynesiz juda qiyin bo‘lar ekan. 

«Real» yana peshqadamlikni boy berdi

 

Foto: Fran Santiago/Getty Images

Yakshanba oqshomi yana bir e'tiborli natija bilan tugadi. «Betis» klubi o‘z maydonida «Real»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi va turnir jadvalida ikkinchi o‘ringa tushirib yubordi. Umuman, andalusliklar uch o‘yindan beri «Real»ga yutqazmay kelayotganliklarini ham ta'kidlash kerak.

Gap seriya haqida bo‘lsa, «Real» oxirgi besh o‘yindan atigi bir marta - klasikoda g‘alaba qozonganini ta'kidlash kerak. Demak, o‘sha natija ko‘proq «Barselona»ning yomon o‘yini natijasi deb baholash mumkin. Zero, Zidan shogirdlari so‘nggi bir oyda Ispaniya kubogidan chiqib ketdi, Yevropa Chempionlar Ligasida qoniqarsiz natija ko‘rsatildi, shuningdek, La Ligada uch o‘yinda ochko yo‘qotib, juda yomon sport formasida ekanliklarini namoyish qilishmoqda.

Darvoqe, hal qiluvchi gol Karim Benzemaning xatosidan so‘ng, «Barselona» tarbiyalanuvchisi Kristian Telo tomonidan urildi.

Bu turda «Real Sosedad»ni kichik hisobda mag‘lub etgan «Barselona» yana peshqadam.

Lempard va uning ustozlari

Foto: Premier League

Bu yil yuqori divizionda debyut mavsumini o‘tkazayotgan Frenk Lempard izlanmoqda, o‘zi kabi yosh va tajribasiz futbolchilar bilan birga jiddiy maqsadlarni ko‘zlamoqda. Ha, ba'zida o‘xshayapti, ba'zida yo‘q, lekin Frenk bir narsada barqaror – ustozlarni jazolashda.

Frenk Lempard «Chelsi» bilan 4 marta Angliya chempioni bo‘lgan. Uch marta Joze Mourino bilan va bir marta Karlo Anchelotti qo‘l ostida. Qizig‘i, Lempard aynan mana shu murabbiylarga qarshi o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etmoqda. «Chelsi» Joze Mourino qo‘l ostidagi «Tottenhem»ni ikki marta mag‘lubiyatga uchratdi. Bu oqshom esa Karlo Anchelotti «Everton» bilan «Stemford Brij»ga tashrif buyurgandi. Yaqindagina Dunkan Fergyuson bilan birga «Chelsi»ni 3:1 hisobida yutgan, umuman to‘rt o‘yindan beri bu jamoaga yutqazmay kelayotgan «Everton» bilan...

Lekin Frenk Lempard an'anasiga sodiq qoldi va mehmonlarga hech qanday imkoniyat qoldirmadi – 4:0. Bu Lempardning APLdagi eng yirik g‘alabasidir. Hozircha.

Ko‘proq yangiliklar: