Toshkent tibbiyot akademiyasi xalqaro e'tirofga sazovor bo‘ldi

Jamiyat 17:30 / 27.02.2020 3109

2020 yil 25 fevral kuni Toshkent tibbiyot akademiyasi mamlakatning barcha tibbiyot oliy ta'lim muassasalari ichida birinchi bo‘lib «Yevropa tibbiyot maktablari» uyushmasining to‘laqonli a'zosiga aylandi.

Ushbu muhim voqea uyushma vitse-prezidenti, Vilnyus Universiteti (Litva) tibbiyot fakulteti dekani, professor Algirdas Utkus va Vilnyus Universiteti delegatsiyasining Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan tashkil etilgan qo‘shma «Ta'lim forumi»da e'lon qilindi.

Forum doirasida TTAni Yevropa tibbiyot maktablari uyushmasi a'zoligiga rasman qabul qilinganligi to‘g‘risidagi sertifikat Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, professor Laziz To‘ychiyevga tantanali ravishda taqdim qilindi.

Ma'lumot uchun: Yevropa tibbiyot maktablari uyushmasi 1979 yilda Yevropa tibbiyot maktablari rahbarlari uyushmasi sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda uyushma tibbiy ta'limni rivojlantirishdagi eng muhim masalalarni hal qilish uchun Yevropadagi eng yirik oliy tibbiy ta'lim muassasalaridan biridir.

Shu bilan birga, Uyushma Yevropadagi bosh akkreditatsiya tashkilotlari bilan birgalikda tibbiy ta'lim dasturlarining sifati va Yevropadagi oliy ta'lim standartlari va Jahon tibbiy ta'lim federatsiyasi standartlariga muvofiqligini baholash loyihalarini amalga oshiradi.

TTAning nufuzli xalqaro tashkilot hisoblangan «Yevropa tibbiyot maktablari» uyushmasiga a'zo bo‘lishi O‘zbekistondagi tibbiyot oliy ta'lim muassasalarini xalqaro miqyosga ko‘tarish va ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq mahalliy ta'lim dasturlarining sifatini oshirish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biridir.

Tantanali tadbir davomida Litva sog‘liqni saqlash vazirining forum ishtirokchilariga rasmiy tabrigi o‘qildi, Vilnyus universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi rahbariyati tomonidan taqdimotlar qilindi, shuningdek, TTA o‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik yo‘llari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarida o‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkazishga oid choralar-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Ma'lumot uchun: Vilnyus Universiteti Yevropadagi eng katta va qadimiy universitetlardan biridir. U 1579 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi paytda universitet Yevropa Ittifoqida tibbiy ta'lim va ilm fan bo‘yicha yetakchilardan biri bo‘lib hisoblanadi. Vilnyus universiteti Boltiqbo‘yi davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib o‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga muvaffaqiyatli o‘tkazib, o‘quv dasturlarini Yevropa standartlariga moslashtirgandir.

Forum yakunida Toshkent tibbiyot akademiyasi va Vilnyus universiteti o‘rtasida tibbiy ta'lim sifatini oshirish loyihalarini amalga oshirish uchun asos bo‘ladigan hamkorlik shartnomasi tantanali tarzda imzolandi.

Litva delegatsiyasining tashrifi doirasida bir qator qo‘shma o‘quv tadbirlar, TTA va Vilnyus universiteti Ilmiy kengashining qo‘shma majlisi hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi va uning viloyatlardagi filiallarida talabalar bilan uchrashuvlar, universitetning yetakchi professor-o‘qituvchilari tomonidan ma'ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bunday hamkorlikni amalga oshirish, tibbiy ta'lim sifatini har tomonlama yaxshilashga qaratilgan birinchi amaliy qadamlardan biri bo‘lib, Toshkent tibbiyot akademiyasining Yevropa tibbiyot maktablari uyushmasiga a'zo bo‘lishi esa O‘zbekistondagi barcha tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining xalqaro integratsiyasi va tibbiy ta'limni xalqaro darajaga olib chiqishda amaliy yordam beradi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi
Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: