Navbatdagi murojaat ortidan Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani tomon yo‘l oldik.
«Maorif» mahallasining Maorif ko‘chasida yashovchi fuqarolar 20 yildan beri ichimlik suvi yo‘qligi muammosi haqida yozishgan.
Mahallada ahli muammolarni bayon qilishdi.
Darhaqiqat, bu yerdagilar ro‘zg‘or uchun eng kerakli bo‘lgan ichimlik suvi yo‘qligidan qiynalib yashashmoqda.
«Ko‘chamizda 20 yildan oshiqroq vaqt ichida 100dan ziyod xonadon uchun toza ichimlik suvi bo‘lmagan. Suvni katta yo‘l yoqasidagi buloqdan 1-2 kilometr masofadan tashib ichamiz. Hovlilarimizga zax suv tortish inshootidan suv tortib kelganmiz. Undan tomorqani sug‘orish uchun foydalanamiz. Iste'mol uchun yaroqsiz. Tekshirish uchun suv namunalarini tuman DSENMga olib borganmiz, ular «Ichish uchun yaroqsiz!», deb yozilgan laboratoriya xulosasi bergan.
Toza ichimlik suvi bizda doimiy muammo.
Bu masala yuzasidan 2019 yil fevral oyida mahallamizga respublika ishchi guruhi kelganida arz qilganmiz. Ishchi guruhi vakili tuman mutasaddilariga «10 kun ichida o‘rganinglar», deb topshiriq bergandi. O‘rganildi.
Ishchi guruh rahbari Oltiariq tuman «Suvoqova» boshlig‘idan «Maorif» mahallasidagi ichimlik suvi muammosini tez kunda hal etishning imkoni bormi?» deb so‘ragan. Tashkilot rahbari bajarishga va'da bergandi. Biroq va'da va'daligicha qolib ketdi. Ko‘chamizga yonma-yon ko‘chalarda suv minoralari bor. O‘sha minoralardan suv tarmog‘i tortish mumkinligini ishchi guruhi vakillariga aytganmiz. Shundan so‘ng, mahalla vakillari 2-3 marta hokimiyatga borib, tarmoq uchun 700 metr polietilen quvur ajratilishiga erishdik.
Ko‘chamizga tarmoq tortish uchun esa yana ming metr quvur kerak. O‘sha 700 metrlik quvurlarni 2019 yilning aprel oyida tuman «Suvoqova» tashkiloti olib kelgan. Lekin suv tortish ishlari boshlanmayapti. Ko‘p marta tuman rahbarlariga uchradik. Ular har safar va'da bergani-bergan. Yolg‘on va'dalardan zerikdik. Oxiri saytga murojaat qilishimizga to‘g‘ri keldi», deydi mahalla oqsoqollaridan biri Abdulatif Ahmedov.
Mahalladagi ayollar, yosh bolalar uzoq masofadan xonadonlariga turli idishlarda suv tashiyotgani kishining rahmini keltirardi.
Imkoniyati borlar esa xalq tilida «muravey» deb ataluvchi mototsikldan foydalanadi.
«Erkaklar ishga ketadi. Uzoq joydan suv tashish o‘zimizga qoladi. Hovlimizdan chiqadigan zax suv ham bir kunda bir marta 1 soat vaqt tushadi, xolos. Bu suv tarkibini tekshirtirishganda ichishga yaroqsiz bo‘lib chiqqan. Ariqdan oqayotgan suv ham toza emas», deydi Tojixon Hotamova.
Bir yil oldin mahallaning eski guzari binosiga olib kirib qo‘yilgan polietilen quvurlar uzoq muddat ishlatilmay tursa, yaroqsiz holatga kelib qolishi mumkinligini ta'kidlashdi.
Maorif ko‘chasidagi fuqarolar yetarli uzunlikdagi quvurlar olib kelinib, «Suvoqova» tashkilotidan biror mutaxassis kelib kavlash, qazish va manbadan tortish ishlariga bosh-qosh bo‘lib tursa, mahalla vakillarining o‘zlari hashar yo‘li bilan tarmoqqa suv tortishlarini aytishdi.
Shuni aytish kerakki, mahalla ahli o‘z vaqtida bu masala bo‘yicha ko‘p joylarga murojaat qilgan. 2015 yilgi murojaatga prokuraturadan kelgan javob xatida toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish 2016 yil davlat dasturiga kiritilishi haqida taklif berilgani aytib o‘tilgan.
Mavjud muammoga izoh olish uchun Oltiariq tumani hokimligida ham bo‘ldik.
Tuman hokimligidagi navbatchilar bu masalada «Suvoqova» tashkiloti rahbari batafsil ma'lumot berishini aytishdi. Keyin tashkilot rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, hokimiyat binosiga kelishni so‘rashdi.
«Suvoqova» rahbari Asrorbek Esajonov tez fursatda hokimlikka yetib keldi.
«Maorif ko‘chasidagi muammoni o‘rganish yuzasidan o‘zim bir necha bor o‘sha joyga borganman. Mahalla ahli hashar uyushtirishi kerak. O‘z vaqtida mahalladagi xonadonlardan biri suv minoradan tarmoqqa ulash uchun kavlash ishlariga ruxsat bermagan. Shu holatda qolib ketgan. 10 kun oldin ham mahalla raisiga ayni shu masala bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilganman», dedi mutasaddi.
Hokimlik binosiga «Maorif» MFY raisi Shuhratjon Yuldashev ham yetib keldi.
«Muammo hal bo‘lmayapti. «Suvoqova» o‘tgan yili 700 metr uzunlikdagi 50 millimetrli quvur berib ketgan. Hali ko‘milgani yo‘q. Mutaxassislar kelib, «Yana diametri 76 millimetrli 500 metr uzunlikdagi quvur olib bo‘lsa, so‘ng hashar qilib ko‘mamiz», deyishdi.
Mahalla ahli bepul kavlatib berishni so‘rayapti. Odamlarimiz o‘zi uchun ozgina sharoit ham qilish kerak. Xullas, 76 millimetrli quvur bo‘lsa, shu paytgacha ish yurgan bo‘lar edi», deyishdi. Uch-to‘rt marta «Suvoqova»ga murojaat qildim. Natija bo‘lgani yo‘q. Hozirgi kunda mahalliy budjetda mablag‘ yo‘qligi uchun ish yurmayapti. Qurilish firmasi esa hech bo‘lmasa, 10 foizini o‘tkazib bermasa ish boshlamaydi. Yangi qurilgan suv minorasi tarmog‘iga ulash uchun yana 4,5 kilometr polietilen quvur bo‘lsa, mahalla 100 foiz ichimlik suvi bilan ta'minlanadi», deydi mahalla raisi.
Tuman markazidan bir kilometr masofada joylashgan «Maorif» mahallasidagi holat yechimi qayerda? Nahotki, o‘tgan yillar davomida tuman mas'ullari to‘rt mingdan ziyod aholi yashovchi hududning ichimlik suvi bilan ta'minlanishi uchun bosh qotirishmagan?
Umid qilamizki, mazkur ko‘chadagi ichimlik suvi muammosi yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilingach, mahalliy budjetdan mablag‘ ajratilib, tuman mutasaddilari tez kunlarda muammoni hal etish choralarini izlab topishadi.
Sarvarbek Nazarov