Yig‘ilishda qo‘mita tomonidan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularning nogironligini aniqlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati o‘rganilgani, sohada qator muammolar aniqlangani haqida so‘z bordi.
Qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmud Parpiyev o‘rganishlar davomida joylarda 2017 yil 1 dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni bilan tasdiqlangan Kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi ta'minlanmagani, juda ko‘p holatda nogironlar turli qiyinchiliklarga duch kelayotgani aniqlanganini ma'lum qildi.
Parpiyev nogironlar duch kelayotgan muammolarni sanab o‘tdi.
«Birinchi navbatda, nogironlikni belgilashda bemorning albatta shifoxonaga yotishi kerak, deb talab qo‘yilayotgani. Holbuki, prezident farmoni bilan tasdiqlangan maxsus dasturda bu talablardan voz kechish kerakligi belgilab qo‘yilgan, lekin bu amalga oshirilmagan.
Ikkinchidan, texnik reabilitatsiya vositalarini bepul olish uchun taqdim etiladigan bir martalik tibbiy xulosa berish tartibi haligacha joriy etilmagan.
Qolaversa, nogironlik belgilari yaqqol ko‘rinib turgan fuqarolar texnik reabilitatsiya vositalarini bepul olish uchun murojaat qilishganda ko‘p hollarda buning uchun shifoxonada davolanib chiqish yoki tibbiy ko‘rikdan o‘tish kerak, degan bahonalar bilan ovora qilib kelingan», deydi senator.
Yig‘ilishda shu kunga qadar tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati faoliyatini tartibga soladigan yagona normativ-huquqiy hujjat yo‘qligi, tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish mezonlari ishlab chiqilmagani, bu borada haligacha eski hujjatlardan foydalanib kelinayotgani, buning oqibatida nogironligi ro‘yi-rost ko‘rinib turgan shaxslar nogironlikka o‘tolmasdan qiynalayotgani tanqid qilindi.
«Nogironlikni aniqlash va belgilash jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilmasligi natijasida hali-hamon nogironlar tibbiy-mehnat ekspertizasi komissiyalariga o‘zlari yoki kimningdir hamrohligida borishga majbur bo‘lishmoqda.
Joylarda nogironlarga xizmat ko‘rsatish quvvati to‘g‘ri belgilanmagan. O‘rganishlarimiz davomida 2-3ta tuman uchun bitta tumanlararo TMEK qo‘yib qo‘yilgan. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibining murakkabligi aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘lib kelmoqda.
Nogironlar tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun 8-10 kun sarflashmoqda, jarayon qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagani ortiqcha ovoragarchiliklarga sabab bo‘lmoqda», – dedi Mahmud Parpiyev.
Yig‘ilishda Tibbiy mehnat ekspert-komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularning nogironligini aniqlash masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish haqida qaror qabul qilindi.
Qo‘mita raisi Robaxon Mahmudova nogironligi bo‘lgan shaxslarning muammolari doimiy ravishda o‘rganib kelinayotgani haqida gapirdi.
«Masalan, 2018 yilda nogironlarning ta'lim olishga oid huquqlari qanchalik ta'minlanayotgani o‘rganilgan va hukumatga parlament so‘rovi yuborilgan. 2019 yili «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning Toshkent viloyatidagi ijrosi o‘rganib chiqilgan.
Bundan tashqari, Muruvvat va Saxovat uylarida yashaydigan nogironlarga, shuningdek, keksalarga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatning holati o‘rganilgan. Bu jarayonda qator muammolar aniqlanib, qo‘mita tomonidan ularni bartaraf qilish choralari ko‘rilgan.
Bugun ushbu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularning nogironligini aniqlash masalasi o‘rganib chiqildi», – dedi Robaxon Mahmudova.