Vazirlar Mahkamasi darajasida davlat tashkilotlarida Mehnat kodeksining ish vaqti va dam olish vaqtlariga rioya qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda. Bundan avvalroq, davlat rahbari ham bevosita ish vaqti tartibiga rioya qilish masalasida ko‘p bora to‘xtalgan edi. Lekin, Kun.uz tahririyatiga kelib tushayotgan murojaatlarda ham ish vaqti tartibiga rioya qilinmasligi haqida so‘z bormoqda.
Shu munosabat bilan, Kun.uz muxbiri Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mehnat muhofazasi davlat inspektori Nozima Sulaymonovaga savol bilan murojaat qildi.
- Xodimlar ayrim holatlarda ish vaqtidan ortiqcha ishlashiga ham to‘g‘ri kelib qoladi. O‘z istagi bilan qolish bu boshqa masaladir, ammo ko‘p hollarda shunday sharoitlar qilinadiki, xodim qolishga majbur bo‘ladi. Topshiriqlar ketma-ket beriladi. Vazifalarni ham bajarishi lozim bo‘ladi, natijada bosim ostida qoladi. Shunday holatlar mehnat xavfsizligiga sohasiga kiradimi?
- Mehnat kodeksida belgilanganki, har bir xodim haftasiga 40 soatdan oshmasdan ishlashi kerak. Ammo, ming afsus, ko‘p tashkilotlarda haftasiga 48 soatdan ham ortib ketmoqda. Bu nimaga olib keladi? Agar, xodimlar haftasiga 48 soatdan ortiq ishlasa, ularning organizmi stresslarga, turli jarayonlarga bardoshliligini yo‘qotadi. Nima uchun 40 soat belgilangan. Chunki, xodim 40 soat ishlab, 2 kun dam olganida, uning organizmi keyingi hafta uchun dam olib, tayyorgarlik ko‘radi.
Afsuski, bizlar buni unutib qo‘yganmiz. Hozirgi kunda, davlat tashkilotlari, xususiy korxonalarda haftasiga 48 soat va undan ko‘p vaqt ishlayotganlar ham bor. Bu borada ham choralar ko‘rishga, tushuntirishlar olib borishga harakat qilyapmiz.
Ish beruvchilardan bir iltimosimiz borki, korxonasining unumdorligini oshirishni xohlasa, iqtisodiy rivojini oshirmoqchi bo‘lsa, xodimlarga dam olishni to‘g‘ri tashkillashtirib berish kerak. Bu Mehnat kodeksining ham talabi. Kodeksda ishchi-xodimlarning ishlash tartibi va dam olish vaqtini belgilash ish beruvchining majburiyatiga kiradi.
Xo‘sh, ishchilarning haftasiga 48 soatdan ko‘p ishlashi nima olib keladi?
Xodimlar organizmi charchaydi, miya faoliyati susayadi, ish jarayonida xatoliklar ko‘payadi, xodim borib-borib depressiyaga tushadi va bu insult-infarktga olib keladi. E'tibor bersangiz, yoshlar orasida ham shu xastalikka duch kelganlar ko‘p.
Men o‘ylaymanki, kodeksda ish soati haftasiga 40 soat belgilanishi bejizga emas.