Tojikistondagi koloniyada mahbuslar qochishga urinib, qo‘riqchilarga hujum qildi

Jahon 12:51 2558

Tojikistonning Vahdat shahridagi qattiq tartibli koloniyada 3 fevral kuni 9 nafar mahbus qochishga urindi. Ular qo‘lbola qurollardan foydalanib muassasa qo‘riqchilariga hujum qilgan. Bu haqda Tojikiston Adliya vazirligi Jinoyat-ijroiya bosh boshqarmasining Jamoatchilik bilan aloqalar markaziga tayanib, “Xovar” xabar bermoqda.

Hujum oqibatida koloniyaning uch nafar xodimi og‘ir tan jarohati olgan.

“Mahbuslar muassasa ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, qo‘lbola o‘tkir va tig‘li temir pichoqlardan foydalangan holda, hech qanday shikoyat va shartlarsiz o‘z jinoiy harakatlarini davom ettirdi. Ular muassasa qo‘riqchi askarlarini o‘ldirishga va qochib ketishga urindi”, — deyiladi xabarda.

Qo‘riqchilar qonun va xizmat yo‘riqnomalariga muvofiq chora ko‘rgan hamda hujum qilganlarga qarshi o‘t ochgan. Oqibatda uch nafar jinoyatchi o‘ldirilgan, qolganlari qo‘lga olingan.

Jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgani, ularning salomatligi “normada” ekani aytilmoqda.

Muassasani qo‘riqlash va himoya tizimi to‘liq tiklangan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil may oyida aynan shu muassasada mahbuslar isyon ko‘targandi: pichoq va kesuvchi asboblar bilan qurollangan 30 nafar mahbus muassasaning 3 nafar xodimini garovga olib, so‘ngra ularni o‘ldirgan. So‘ng ular boshqalarni qo‘rqitish maqsadida yana besh nafar mahkumni qatl etgan.

Qo‘zg‘olon bostirilib, isyon tashkilotchilari xavfsizlik kuchlari tomonidan yo‘q qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: