Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudida «Aurum-898» tungi klubida o‘ldirilgan sportchi Jamshid Kenjayevning turmush o‘rtog‘i Olisya Ruslanovna Mirzomurodovaning boquvchisini yo‘qotgani sababli yetkazilgan zarar va moddiy va ma'naviy zarar undirish haqidagi da'vo arizasi bo‘yicha ish ko‘rib chiqildi.
Sudning 2020 yil 17 yanvardagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, javobgar Shodali G‘ulomjonovich Qilichovdan da'vogar Olesya Mirzomuradova va Yoqubjon Kenjayev (marhumning otasi) foydasiga jinoyat natijasida yetkazilgan ma'naviy zarar uchun 250 000 000 so‘m (250 mln) miqdorida kompensatsiya undirilishi belgilangan.
Shuningdek, javobgarlar Alijon Xamrayev, Jahongir Yorqulov va Saidazim Kamoldinovdan solidar tartibda marhumning yaqinlari foydasiga jinoyat natijasida yetkazilgan ma'naviy zarar uchun 50 000 000 so‘m (50 mln) kompensatsiya undirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, hal qiluv qaroriga muvofiq, javobgar Shodali Qilichovdan da'vogar Olesya Mirzomuradova foydasiga boquvchisini yo‘qotganligi sababli yetkazilgan zararni qoplash uchun 2018 yil 27 fevralda tug‘ilgan Aisha ismli farzandining 18 yoshga to‘lguniga qadar har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobarining 1/3 qismi (taxminan 372 ming so‘m atrofida – tahr.) miqdorida zarar undirib boriladi.
Ishni ko‘rib chiqqan sudya Olimjon Shamsiyevning tahririyatga ma'lum qilishicha, hal qiluv qarori joriy yilning 7 fevral kuni kuchga kirgan va undiruvni ta'minlash uchun ijro varaqalari chiqarilib, Majburiy ijro byurosining tegishli bo‘limlariga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 8 avgustdan 9 avgustga o‘tar kechasi, chamasi soat 00:25 larda Yunusobod tumanidagi «Aurum-898» tungi klubi oldida janjal oqibatida erkin kurash bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi 25 yoshli Jamshid Kenjayev pichoqbozlik oqibatida vafot etgandi.
2019 yilning yanvar-mart oylarida ushbu qotillik bo‘yicha sud ishi bo‘lib o‘tgan, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ayblanuvchilarga hukm o‘qilgan, tungi klub qo‘riqchisi bo‘lgan Shodali Qilichov jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash sharti bilan 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Shuningdek, tungi klubning boshqa qo‘riqchilari Saidazim Kamoldinov, Alijon Hamrayev va Jahongir Yorqulovning har biriga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini manzil-koloniyada o‘tash belgilangan.