Samarqandlik fuqaroning xonadonidan 2 yarim kiloga yaqin «marixuana» topildi

Jamiyat 22:56 / 17.02.2020 4329

Samarqand shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 5-son IIB tezkor xodimlari tomonidan olingan ma'lumotlarga asosan, Samarqand shahrining Spitamen shohko‘chasida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan Sh.A.ning yashash manzilida tintuv o‘tkazilgan.

Samarqand viloyat IIB axborot xizmatining Kun.uz’ga bergan ma'lumotiga ko‘ra, tintuv mobaynida Sh.A. yashayotgan uyning yerto‘lasida «marixuana» giyohvandlik moddasini eslatuvchi, quritilgan o‘tkir hidli modda 3 dona shirinlik qutisida, 3 dona sellofan paketda, 1 dona yelim qopda, 1 dona qora rangli sumkada yashirincha saqlab kelinayotganligi aniqlangan. Ashyoviy dalillar belgilangan tartibda hujjatlashtirib, tekshirib ko‘rish uchun Samarqand viloyat IIB Ekspert kriminalistika bo‘limiga yuborilgan.

Foto: Samarqand viloyat IIB axborot xizmati

Samarqand viloyat IIB Ekspert kriminalistika bo‘limining xulosasiga ko‘ra, mazkur o‘tkir hidli modda 2419,37 gramm miqdordagi «marixuana» giyohvandlik moddasi ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro Sh.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-, 273-moddasi 5-qismi, 270-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, — deyiladi IIB ma'lumotnomasida.

Ko‘proq yangiliklar: