Qamashi hokimligi tadbirkor ayolning mulkini tortib olmoqchimi?

Jamiyat 17:01 / 10.02.2020 17360

Avvalroq Kun.uz saytida Qamashi tumanida faoliyat yuritadigan «Ali-Muhammad-Bek Invest» MChJ rahbarining roziligisiz, unga tegishli yer maydonidan o‘nga yaqin gaz quvurlari tortilgani, buning oqibatida tadbirkorga qarashli yer maydonining yaxlitligiga putur yetib, mulk huquqlari poymol etilayotgani, gaz quvurlari esa tegishli tashkilotlarning turli yolg‘on bahonalari bilan boshqa joyga ko‘chirilmay qolayotgani haqida maqola e'lon qilingan edi.

Materialni tayyorlash davomida Qamashi tuman hokimligida vaziyat yuzasidan tegishli mas'ullarning izohlari olingan bo‘lsa-da, tuman hokimligi bu masalaga mutlaqo «o‘zgacha rakurs»dan qaralgan munosabatini e'lon qildi.

Unda bir guruh tadbirkorlar «Qamashi tumani iqtisodiyotining yuksalishi tayanchidir» deb ko‘kka ko‘tariladi. Albatta, bu masalada tuman hokimligini tushunish mumkin, har bir hokimlik tumanda ko‘proq tadbirkor bo‘lishi va ular yordamida tumanning iqtisodiy salohiyati yaxshilanishi, aholi ko‘proq ish bilan ta'minlanishini istaydi.

Ammo bu hokimlikka tadbirkorlarga nisbatan ularning imkoniyatlari va moliyaviy salohiyatidan kelib chiqib ayricha munosabatda bo‘lish, tumanga kamroq foyda keltirayotgani uchun tadbirkorning mulkini tortib olish, huquqlarini poymol etish va o‘zi istagandek qarorlar qabul qilish huquqini bermaydi.

Qamashi tuman hokimligi o‘z munosabatida iqtisodiy jihatdan baquvvat bo‘lgan tadbirkorlarga yon berib, zaif tadbirkorlarning mulkiy huquqlarini buzayotganini ochiqchasiga tan olmoqda.

Munosabatda hokimlik «Ali-Muhammad-Bek Invest» MChJga tegishli binoni «abgor holatdagi imorat» deb atagan. To‘g‘ri, munosabatda nomlari keltirilgan boshqa tadbirkorlarning mol-mulklari oldida Nazarovaga tegishli mulk oddiy bo‘lishi mumkin, ammo «abgor» emas. O‘sha mulk abgor bo‘lgan taqdirda ham, u daxlsiz hisoblanadi. Qamashi tuman hokimligi esa tadbirkor Bibixalima Nazarovaning mulkiga tadbirkorning ruxsatisiz daxl qilgani yetmaganday, bugun uning o‘zini aybdor qilishga urinmoqda.

 Maqolada tadbirkor Nazarova kelajakda bu yerda qo‘shimcha binolar qurish va binolarga issiqlik tizimini o‘rnatishni rejalashtirgani, ammo yerda o‘nga yaqin gaz quvurlari tortilgani bu ishlarni boshlashga to‘siq bo‘layotganini aytgan edi. U mulkini 2018 yilda olgani tuman hokimligi munosabatida ham tasdiqlangan.

2019 yilning boshida uning yeridan noqonuniy ravishda gaz quvurlarini tortish ishlari boshlangan. Tadbirkor esa asl maqsadlari bir chetda qolib, bor kuchi va imkoniyatini noqonuniy gaz quvurlariga qarshi kurashga sarflashga majbur bo‘lmoqda.

Tadbirkor Nazarovaning aytishicha, Qamashi tumani hokimligi uni vatanga manfaat keltirmayotganlikda ayblagan.

«Ayol boshim bilan juda ko‘p qiyinchiliklarni yengishimga to‘g‘ri kelmoqda. Xo‘sh, tuman hokimligi menga nima yordam berdi? Bino ko‘rimsiz ekan, hokimlik unga zamonaviy bino qurish uchun kam foizli kredit mablag‘lari olishimda yordam berib, meni har tomonlama qo‘llab-quvvatlasa bo‘lardiku? Aqalli biror marta meni chaqirib, qani, faoliyatingni rivojlantirish uchun hokimlik tomonidan senga nima yordam kerak deb so‘radimi?», deydi tadbirkor.

Hokimlik ham Nazarovaning yeridan o‘tkazilgan gaz quvurlari 4x100 metr, jami 4 sotix yerni egallaganini tasdiqlaydi. Aftidan, Qamashi tumani hokimligi «3 gektar yerdan 4 sotix yerni tadbirkorga mutlaqo manfaat keltirmaydigan gaz quvurlari band qilsa nima bo‘pti?», qabilida o‘ylamoqda. Muammo 4 sotix yerda emas. Chunki texnik qoidalarga ko‘ra, gaz quvurlari o‘tkazilgan joyga tutash bo‘lgan ma'lum masofa himoya hududi hisoblanib, u yerda jiddiy qurilishlar qilib bo‘lmaydi. Masalaning bu jihati hokimlik uchun ahamiyatsizdek, go‘yo.

Hokimlik munosabatida maqolada bu haqida aytilmagan bo‘lsa-da, «tuman mas'ullarining aralashuvi bilan hatto shu yerdan o‘z tadbirkorlik korxonalariga quvur olib o‘tgan tadbirkorlar Bibixalima Nazarovaga uning yeridan o‘tgan quvurlar ustidan eni 4 metr, uzunligi 100 metr bo‘lgan temir ko‘prik qurib berishni taklif qilganida ham u tomonidan rad javobini olgani» aytiladi.

Vaholanki, «O‘ztransgaz» AJ Qashqadaryo viloyat hududiy gaz ta'minoti filiali xodimi Laziz Xoliqov bergan ma'lumotga ko‘ra, tadbirkor Nazarovaning yeridan o‘tgan gaz quvurlarining ikki yonida 12 metrdan, jami 24 metr himoya zonasi bo‘lishi lozim. Demak, tadbirkor Nazarovaning 4 sotix emas, jami 28x100=28 sotix yeri yaroqsizga chiqadi.

Bundan tashqari, tadbirkorning yeri 100x300 metr o‘lchamda va gaz quvurlar uning 175-180 metr oralig‘idan o‘tkazilgan. Agar quvurlar ustidan temir ko‘prik o‘rnatilsa, tadbirkorning yeri ikki qismga bo‘linib qoladi. Uning ikki yonidagi yer boshqalarga tegishli va u traktor, kombayn kabi texnikalardan o‘zi istagandek foydalana olmay qoladi.

Qolaversa, Qamashi tumani hokimligi tadbirkorning mulk huquqini buzgani yetmaganday, javob xatida «Tadbirkor tumani hokimligi mas'ullari tomonidan taklif qilinayotgan har qanday imtiyozli kelishuvni ham rad etayotgani»ni ta'kidlaydi. Ammo, tadbirkorga uning yeridan o‘tgan 4x100 metr yerni band qilgan quvurlar ustidan temir ko‘prik qurib berish haqidagi mantiqsiz va tadbirkorning zarariga ishlaydigan taklifni aytmasa, boshqa hech qanday imtiyozli kelishuvlar taklif etilmagan. Bu haqida munosabatda ham lom-mim deyilmagan.

Hokimlik shuningdek, «Muhri bor, lekin faoliyati noma'lum MChJ» deb tadbirkor Nazarovaning faoliyatini shubha ostiga oladi. Biroq, tadbirkor Nazarova ushbu mulkni 2018 yilda sotib olgan. 2019 yilda jiddiyroq ish boshlamoqchi bo‘lib turganida uning yerini payhon qilib gaz quvurlari tortishadi. Shundan so‘ng u vaqtini o‘z yeridan noqonuniy gaz quvurlarini tortganlar bilan kurashib o‘tkazmoqda.

Hokimlik o‘z munosabatida Kun.uz muxbirini «ikkinchi tomonni eshitmaslik»da ayblagan. Aslida sayt muxbirlari hokimlik binosida bo‘lib, na hokimning o‘zini va na uning biror o‘rinbosarini topa olgan. Hokimlik axborot xizmati xodimi muxbirlarga «Qamashitumangaz» filiali rahbarini ro‘baru qila olgan, xolos.

Hokimlik tadbirkorni 2018-2019 yillarda 3 gektar lalmi yer uchun soliq to‘lamaganlikda ayblamoqda. Ammo, Qamashi tuman soliq inspeksiyasi bergan ma'lumotda tadbirkor egalik qilayotgan yer-mulk solig‘i o‘z vaqtida to‘lab borilayotgani aks etgan. Bundan tashqari, Qamashi tuman soliq inspeksiyasi xodimi Xonimov Xolmahmad tadbirkor Nazarovaga tegishli «Ali-Muhammad-Bek Invest» MChJning soliq idorasidan qarzi yo‘qligi, 2018-2019 yillarda hisoblangan soliqlar o‘sha yillarda to‘langanini Kun.uz’ga tasdiqladi.

Hokimlik munosabatida «Ali-Muhammad-Bek Invest» MChJga qarashli bino inshootlari va yer maydoni Muborak magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli Yakkabog‘-Shahrisabz magistral gaz quvurining himoya zonasida ekani yoziladi. Muborak MGQBdan olingan ma'lumotnomada esa tadbirkor Nazarovaning binosi 325x8 millimetrli magistral gaz quvurining himoya zonasida emasligi ko‘rsatilgan.

Muborak MGQB boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchi I.K.Haydarov Qamashi tuman hokimligi nazarda tutgan Yakkabog‘-Shahrisabz magistral gaz quvurining Qamashi tuman hududidan o‘tgan qismi «G‘uzor-Qamashi magistral gaz quvuri» deb nomlanishi va tadbirkor Nazarovaga tegishli yer hamda bino ushbu magistral gaz quvuri himoya maydoniga kirmasligini tasdiqladi.

Qamashi tuman hokimligi o‘z munosabatini «Zero, qonun ustuvorligi ertangi porloq kelajagimizning ishonchli kafolatidir», degan so‘zlar bilan yakunlagan. Nahotki, bir tadbirkorning mulkka egalik qilish huquqini toptash va qonunlarni oyoqosti qilish mana shunday balandparvoz gaplar bilan yopib yuborilsa...

Ushbu maqola yozilayotgan paytda tadbirkor Kun.uz tahririyatiga Qamashi tumani hokimi bilan telefon orqali suhbati yozilgan audioni taqdim qildi. Unda Nazarova tuman hokimidan yana bir marta yeridan noqonuniy o‘tkazilgan gaz quvurlarini oldirishda yordam berishini so‘raydi. Hokim esa suhbat davomida tadbirkorga «Kerak bo‘lsa, yeringni tortib olaman», deb tahdid qilgan.

Kun.uz tahririyati vakolatli organlar, xususan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda ayollarning iqtisodiy, ijtimoiy huquqlari va imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlovchi «Tadbirkor ayol» assotsiatsiyasi Bibixalima Nazarova duch kelgan muammoni hal etishda ko‘maklashishiga umid bildirib qoladi.

Mavzu yuzasidan surishtiruvlarni davom ettiramiz va tez kunlarda Qamashi tuman hokimi va tadbirkor o‘rtasida muammo yuzasidan intervyu uyushtirishga harakat qilamiz.

Ko‘proq yangiliklar: