Moskvada sartaroshxona ochgan o‘zbek: «Boshida patentga ham pulim yo‘q edi»

Jamiyat 18:50 / 10.02.2020 55509

Namangan viloyatining Chust tumanidan bo‘lgan sartarosh hozirgi kasbi bilan pul topguniga qadar ko‘p qiyinchiliklarga duch kelganini gapirib berdi.

«Ishni qarzga boshlaganman»

– Rossiyaga birinchi marta 2009 yilda kelganman. Ish yaxshi bo‘lmagan. Zo‘rg‘a yo‘lkiraga pul topib, qaytib ketganmiz. Keyin yana 2010 yilning boshida keldim. Kelib ofitsiantlik qilganman. Til bilganim uchun sheriklarimga o‘xshab unchalik qiynalmadim. Biroz ishlab, avgust oyida institutga kirish uchun uyga qaytdim. Institutga ham kira olmadim.

Ancha vaqt o‘tdi, sharoitim ham og‘irlashdi. Keyin 2017 yili qarz olib, yana Rossiyaga keldim. Boshida juda qiynaldim, qarzlarim ko‘p edi. Do‘konda ishladim, afsuski u ham yopilib ketdi. Toshkentlik bir opamning yordamida sartaroshxona ochdim. Ishni qarzga boshlaganman. Dastlab shu yerlik bolalarning sochini tekinga olardim. Keyin sekin-sekin ishim rivojlana boshladi.

Rossiyaga kelganimda kvartira muammosiga duch kelganman. O‘zi biletni qarzga olib kelganman. Yana bu yerda kvartira va patentga ham pul to‘lash odamni ancha qiynab qo‘yadi. Ko‘pchilik ish topishda qiynaladi. Lekin internetni yaxshi tushunganim va tilni bilganim menga foyda bo‘lgan. Kelishimdan oldin internetga e'lon berib, ishni aniq qilib kelganman.

«Pul to‘plab olsam, O‘zbekistonga qaytaman»

– Moskvada ishlashning yaxshi tomoni, bu yerda pul topish osonroq. Rossiyada qo‘rqmaysiz. Misol uchun, o‘z biznesingiz yaxshi yurmadi. Ishni yopasiz-da, internetdan 500-600 dollarlik ishni topasiz. Ish topish oson.

Pul yig‘ib olsam, O‘zbekistonga qaytaman. O‘z ishimni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Oldin ota-onamning bolalar do‘koni bo‘lar edi. Do‘konda ishlaganman. Kollejni tugatganimdan keyin faqat o‘zim ishlaganman. Dadam xorijga borishlari kerak edi. Kuzatishga kelganimda do‘konimizni soliq xodimlari bosgan, keyin do‘konimizni musodara qilishgan. Bir do‘konni 3 kishi ishlatardik. O‘sha vaqtlari (2012-2013 yillar) juda qiyin edi savdo qilish.

«O‘zbekistonda o‘zgarishlar katta»

– Hozir O‘zbekistonda o‘zgarishlar juda katta. Bir voqea aytib beraman. Uyimizni qurishni boshlaganimizda kadastr hujjati qila olmaganmiz. Dadam ham, men ham juda ko‘p harakat qilganmiz. Oxiri qachon uyimni buzishga kelsa, keyin aytaman dedim. Yaqinda uyga bordim. Yagona darchada sinfdoshim ishlaydi. Kerakli hujjatlarni olib bordim, o‘zlari kelishdi. Bir haftadan keyin qaror chiqdi. To‘lovini qilib, ma'lumotnomani kadastrga olib borib berdim. 3-4 kunda kadastr tayyor, deb telefon qilishdi.

«Ruslar sizga qanday muomala qilishi o‘zingizga bog‘liq»

– Atrofdagilarning qanday muomala qilishi hammaning o‘ziga, o‘zini qanday tutishiga bog‘liq. O‘zingizni hurmat qilsangiz, ular ham hurmat qilishadi.

Hozir vaziyat ancha yaxshilangan. Fitnes zallarga borsangiz, o‘zbeklarni ko‘rib ancha quvonasiz...

Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali ko‘rishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: