Xitoy koronavirus sababli keskin choralar ko‘rayotgan davlatlarga norozilik bildirdi

Jahon 14:23 / 06.02.2020 27510

Xitoy koronavirus tarqalishi sababli Xitoyga nisbatan o‘ta keskin cheklov choralari joriy etgan mamlakatlarga norozilik bildirdi. Bu haqda XXR tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Xua Chunin ma'lum qildi.

U Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JST) Xitoy hukumatining kasallik tarqalishiga qarshi ko‘rayotgan choralarini yuqori baholaganini va Xitoy bilan aloqalarni cheklashni tavsiya etmaganini ta'kidladi. Qator davlatlar keskin choralar ko‘rganidan so‘ng Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (XFAT) ham mamlakatlarni JST tavsiyalariga rioya qilishga chaqirdi.

"Biz JST va XFATning professional tavsiyalarini inkor etgan tegishli davlatlarga norozilik bildiramiz", - dedi Xua Chunin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu davlatlarning harakatlari kasallik tarqalishining oldini olishda yordam bermaydi, balki jamiyatda sun'iy ravishda vahima keltirib chiqaradi.

Avvalroq Xitoy AQShni koronavirus to‘g‘risida ataylabdan vahima tarqatishda ayblagandi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirusga chalinganlar soni 28 mingdan oshgan, 563 kishi vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: