Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasiga ko‘ra, quyidagi asosiy yo‘nalishlar belgilangan 2020 – 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi tasdiqlanadi:
soliq-budjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida o‘rta muddatli budjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik budjetni shakllantirishning yangi «natijaga yo‘naltirilgan budjet» tizimini joriy etish;
makrofiskal prognozlar ishonchliligini ta'minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni va budjet jarayoni ishtirokchilarining mas'uliyatini oshirish;
budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas'uliyatini kuchaytirish;
fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;
budjet hisobi standartlarini unifikatsiya qilish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash;
budjet ma'lumotlarining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta'minlash;
budjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.
2020 – 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi tasdiqlanadi.
Quyidagi tartib eksperiment sifatida o‘rnatiladi va unga muvofiq:
a) 2020 yilning 15 iyuniga qadar 2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar chegaralangan miqdorlarining dastlabki taqsimoti:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan birinchi darajali budjet mablag‘lari taqsimlovchilariga;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari, tumanlar va shaharlar hokimliklarining moliya bo‘limlari tomonidan tegishli budjetlardan mablag‘ oluvchi hududiy budjet mablag‘lari taqsimlovchilariga yetkaziladi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablag‘ oluvchi vazirlik va idoralar, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda hududiy budjet mablag‘lari taqsimlovchilari tomonidan kelgusi o‘rta muddatli davr uchun budjet so‘rovlari joriy yilning 15 iyuliga qadar muddatda tegishli moliya organlariga taqdim etiladi. Bunda budjet so‘rovlari vazirlik va idoralar, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda hududiy budjet mablag‘lari taqsimlovchilariga yetkazilgan budjet mablag‘larini chegaralangan miqdorlari doirasida shakllantiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi budjet so‘rovini taqdim etish tartibi va muddatlari o‘zgarishini inobatga olgan holda 2020 yil 15 aprelga qadar 2021–2023 yillar uchun budjet so‘rovini tuzish tartibini ishlab chiqib, hududiy moliya organlariga, birinchi va ikkinchi darajali budjet mablag‘lari taqsimlovchilarga yetkazilishini ta'minlaydi.
2020-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasiga ko‘ra, strategiyaning maqsadlariga erishish uchun quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirish zarur:
strategik maqsadlarga yo‘naltirilgan hamda o‘rta muddatga mo‘ljallangan soliq-budjet siyosatini yuritish;
fiskal nazoratni kuchaytirish, birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilari uchun ajratiladigan budjet mablag‘larining chegaralangan miqdorlarini Oliy Majlis tomonidan belgilash orqali budjet jarayoni ishtirokchilarining mas'uliyatini va hisobdorligini oshirish;
uzoq muddatga davlat moliyaviy barqarorligini ta'minlashga yo‘naltirilgan soliq-budjet siyosatini joriy etish;
budjet jarayonining shaffofligi va budjet ma'lumotlarining ochiqligini oshirib borish;
budjetlararo munosabatlarni tubdan isloh qilish, mahalliy budjetlarning mustaqilligini va javobgarligini oshirish hamda budjetlararo transfertlar taqdim etishning shaffof mexanizmini joriy etish.
Strategiyani amalga oshirish davri 2024 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, quyidagi oltita muhim maqsadlarni o‘z ichiga oladi:
1) budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas'uliyatini kuchaytirish;
2) budjet ma'lumotlarining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta'minlash;
3) soliq-budjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida o‘rta muddatli budjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik budjetni shakllantirishning yangi “natijaga yo‘naltirilgan budjet” tizimini joriy etish;
4) fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;
5) budjet hisobi standartlarini unifikatsiya qilish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash hamda budjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
6) institutsional va qonunchilik bazasini mustahkamlash.