Matematika bo‘yicha xalqaro olimpiadada g‘olib bo‘lgan yigitning otasini nima ranjitdi?

Jamiyat 21:33 / 04.02.2020 127739

O‘quvchining otasi Husniddin Arabov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda holat yuzasidan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Ochig‘ini aytaman, ijtimoiy tarmoqlarda o‘g‘lim Bekzod Nuriddinov nomi bilan bog‘liq munozaralarning bu ko‘rinishda tarqab ketgani nafaqat meni, balki butun oilamizni ranjitdi, – deydi H.Arabov.

Sababi, birinchi navbatda o‘g‘lim biror natijaga erishgan bo‘lsa, buning uchun kimdandir himmat kutishimiz insofsizlik. Bunga ehtiyoj ham yo‘q, deb hisoblayman. Chunki bunday olimpiadalarda har yili o‘nlab yoshlar sovrindor bo‘lib qaytyapti. Muhimi – farzandim dunyoni ko‘rib keldi, tengdoshlari bilan fikr almashdi, dunyoqarashi boyidi.

Yana bir gap: fan olimpiadasi sovrindoriga e'tibor qaratilmadi, degan fikr ham o‘rinsiz. Masalan, Bekzodjonning g‘olib bo‘lganini eshitgan kunimiz tuman hokimining o‘zi telefon qilib meni tabrikladi. Qolaversa, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi, tuman jamoatchiligi, yoshlar katta tantana bilan kutib olishdi. Juda faxrlandik. Ishonamanki, o‘g‘limning haqiqiy sinovlari, imtihonlari hali oldinda».

Xalqaro matematika maktabi direktori o‘rinbosari G‘ayrat Quliyevning aytishicha, ushbu maktabdan shu kabi xalqaro (norasmiy) olimpiadalarda sovrindor bo‘lgan o‘quvchilar talaygina.

Masalan, joriy o‘quv yilida ham Sevara Ostonova, To‘ymurod Qodirov, Olimjon Olimov, Aziz Ergashev, Anvar Rahmatov kabi o‘quvchilar Ozarboyjon, Janubiy Afrika kabi davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro olimpiadalarda sovrindor bo‘lib qaytgan.

Ma'lumot uchun, Bekzod Nuriddinov oltin medal olgan tanlov – Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari uchun Avstraliyada o‘tkazilgan SEAMO olimpiadasida o‘ndan ortiq davlatdan 7-18 yosh oralig‘idagi 400dan ziyod yoshlar qatnashgan.

Ko‘proq yangiliklar: