2020 yil hosilidan boshlab to‘rt viloyatda ingichka tolali g‘o‘za navlarini joylashtirish va yetishtirish keng yo‘lga qo‘yiladi

Iqtisodiyot 15:27 / 31.01.2020 12360

Vazirlar Mahkamasining “Ingichka tolali paxta yetishtirishni samarali tashkil qilish, yangi navlarni ko‘paytirish va rag‘batlantirish mexanizmini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi, Iqtisodiyot va sanoat, Moliya vazirliklari va ”O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2020 yil hosilidan boshlab Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida ingichka tolali g‘o‘za navlarini joylashtirish va yetishtirishni keng yo‘lga qo‘yish; ingichka tolali g‘o‘zaning ”istiqbolli nav” sifatida ekib kelinayotgan navlarini ularning ishlab chiqarishdagi ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritish;

Surxondaryo viloyatida 40 ming gektar maydonda ingichka tolali g‘o‘za navlarini ilmiy asoslangan holda joylashtirish;

Qashqadaryo viloyatida 6 500 gektar, Buxoro viloyatida 5 000 gektar, Navoiy viloyatida 1 000 gektar maydonga ingichka tolali g‘o‘za navlarini joylashtirish va keng ishlab chiqarish sinovini olib borish, ijobiy natijalar olingan taqdirda yetishtirilgan paxta hosilini qayta ishlash uchun zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan qayta ishlash korxonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Qarorda belgilanishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida ”Ingichka tolali g‘o‘za navlari seleksiyasi va urug‘chiligi” laboratoriyasini tashkil etadi va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi bir oy muddatda ingichka tolali g‘o‘za navlari genetikasi, seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalarini va ingichka tolali paxta xomashyosini tozalash uskunalarini takomillashtirish bo‘yicha davlat ilmiy dasturlari grant tanlovlarini o‘tkazadi va tanlov g‘olibi bo‘lgan ilmiy loyihalarning 2020 yildan boshlab moliyalashtirilishini ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: