Prezident qarori: yer uchastkalarini shaffof va ochiq tanlov o‘tkazish orqali ajratish mexanizmi joriy etiladi

O‘zbekiston 11:20 / 29.01.2020 14863

Qaror bilan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020 yilda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Shunga asosan, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab aholini don mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash va narxlar keskin o‘zgarishining oldini olish maqsadida intervension xaridlar tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • 2021 yil hosilidan boshlab don uchun davlat buyurtmasi hajmlarini bosqichma-bosqich kamaytirish, shu jumladan, boshoqli don xarid qilish va sotishda erkin raqobatni ta'minlaydigan bozor mexanizmlarini joriy etish;
  • oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash uchun davlat buyurtmasi tizimidan davlat zaxirasidan foydalanishga o‘tish bo‘yicha mexanizmni ishlab chiqish.

2020 yil 1 martdan paxta va boshoqli don yetishtirishda band bo‘lmagan maydonlarda tuproq-iqlim sharoitlari va bozor kon'yunkturasidan kelib chiqqan holda tumanlarni bosqichma-bosqich ixtisoslashtirish tizimi joriy etiladi.

2020 yil 1 apreldan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyatining Qibray va Toshkent tumanlarida, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona va Oltiariq tumanlarida hamda Qashqadaryo viloyatining Kitob va Nishon tumanlarida:

  • jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun shaffof va ochiq tanlov o‘tkazish orqali ajratish mexanizmi joriy etiladi;
  • jismoniy va yuridik shaxslarga keyinchalik tanlovga qo‘yish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish huquqini taqdim etgan holda maxsus geoportal orqali yer uchastkasi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni joylashtirish huquqi beriladi;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish huquqining bozor qiymatini baholash hamda ulardan soliqqa tortishda foydalanish mexanizmi joriy etiladi.

Qarorga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning vakolat va faoliyat yo‘nalishlari funksional baholash mezonlari asosida qayta ko‘rib chiqiladi.

2020 yil 1 mayga qadar yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda sohada davlat boshqaruvi tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha choralar amalga oshiriladi.

2020 yil 1 martdan boshlab agrosanoat majmuiga kiruvchi ilmiy, ilmiy-tadqiqot va ilmiy-tajriba muassasalarining bino va inshootlarini saqlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy moliyalashtirish shartlariga o‘tkaziladi.

Qaror bilan 2020-2021 yillarda Davlat budjeti hisobidan bazaviy moliyalashtirishga o‘tkaziladigan agrosanoat majmui tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ro‘yxati tasdiqlandi.

Ko‘proq yangiliklar: