Qoraqalpog‘istondagi ko‘rkam namozxona buzilishi mumkin. Tadbirkor uni saqlab qolishni so‘ramoqda

Jamiyat 08:06 / 28.01.2020 41455

«Dovud ota» bojxona postini O‘zbekistonning shimoliy chegara darvozasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Rossiya va Qozog‘istondan kelayotganlar aynan shu joydan O‘zbekistonga kiradilar. Bu yerga eng yaqin katta shaharlar – Qo‘ng‘irot 350 km, Nukus esa 450 km uzoqlikda joylashgan. Cho‘l-u biyobon o‘rtasidagi bu joy iqlimining juda noqulayligi – yozda jazirama issig‘i, qishda esa qahraton sovug‘i bilan ajralib turadi.

2013 yilda mahalliy tadbirkor Davronbek Qo‘chqarov bojxona posti yaqinida 210 kishiga xizmat ko‘rsatuvchi kafe, 50 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona barpo qilgan. Hozirgi kunda bu majmua hamyurtlarimiz va sayyohlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Uzoq va og‘ir yo‘l bosib kelgan odamlar shu joyda yuvinib, taranib, ovqatlanib, hordiq chiqarish imkoniyatiga ega. Buning uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.

 

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish siyosati ustuvor yo‘nalishlardan biri qilingach, yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimi oshdi. Ayniqsa, Xiva, Buxoro, Samarqand va boshqa joylardagi tarixiy obidalarni, qadamjolarni tomosha, ziyorat qilish istagida kelayotganlar ko‘paydi. Mos ravishda «Dovud ota» bojxona posti orqali kirib kelayotganlar orasida poklanib, namoz o‘qib olish uchun sharoit so‘rayotganlar soni ham o‘sdi.

2017 yilda Davronbek Qo‘chqarov ularga qulaylik yaratish maqsadida, shuningdek Haj safaridan qaytgan onasi Yaqutjon Ishmuratova tavsiyasiga ko‘ra, yaxshi niyatlar bilan kichik namozxona qurishga qaror qildi.

«Ko‘plab allomalar, donishmandlar va mo‘tabar zotlar yetishib chiqqan, jahonga mashhur ziyoratgoh va qadamjolarga ega bo‘lgan mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish, sayyohlarni jalb etish yo‘lida ko‘plab ishlar olib borilayotganini ko‘ryapmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: «O‘zbekiston ham sayohat, ham ziyorat uchun qulay mamlakat. Chunki ona zaminimizda butun dunyoga ma'lum va mashhur bo‘lgan ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan. Ular qoldirgan boy ma'naviy-madaniy merosga xalqaro maydonda qiziqish juda katta», deb aytgan so‘zlaridan ruhlanib, o‘g‘limga shu joyda kichik namozxona qurishni maslahat berganman. Bundan tashqari, yurtboshimizning avtomagistral yo‘llar bo‘yida namozgohlar qurilishi borasida bergan topshiriqlari ham menga «qanot» bo‘lgan», – dedi 76 yoshli Yaqutjon ona.

Namozxona qurilishi 2018 yilda boshlanib, 2019 yilda tugatilgan. Biroq keyinchalik namozxona uchun tanlangan joy majmua hududida emasligi, balki O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga tegishli ekani ma'lum bo‘ldi.

«So‘nggi yillarda kafe va mehmonxona majmuasiga tashrif buyurayotgan sayyohlar, ziyoratchilar soni ko‘paydi. Ularning ba'zilari uzoq yo‘ldan horib-charchab kelganidan so‘ng, poklanib olish, namoz o‘qish uchun joy, sharoit so‘rashar edi. Kafemizda bunga imkoniyat bo‘lmagani, tashqarida yozning issig‘i, qishning sovug‘ida namoz o‘qish og‘irligi sababli, majmuamiz chekkasida yaxshi niyatlar bilan kichik namozxona qurdik. Tashlandiq bir joy obod bo‘ldi, chiroyli ko‘rinishga keldi. Afsuski, e'tiborsizlik qilibmiz, bino qurilgan hudud bizga tegishli emas, balki O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tasarrufida ekan», – dedi majmua rahbari Nigmat Yusupov.

Namozxonani barpo qilish uchun tadbirkor ozmuncha mablag‘ va vaqt sarflamadi. Qurilish materiallarining aksariyati olis masofadan, Qo‘ng‘irot va Nukus shaharlaridan, ba'zi qismlari Qozog‘istondan juda katta xarajatlar evaziga keltirilgan.

«Qurilish jarayonini o‘zim boshqarganman. Sahro o‘rtasidamiz, shu tufayli ko‘plab qurilish materiallarini juda uzoqdan, Qo‘ng‘irotdan (350 km), Nukusdan (450 km) olib keldik. Tomni yopish uchun materiallarni Qozog‘istondan oldirganmiz. Albatta, bu narsalar xarajatlarning keskin oshishiga olib keldi, ammo bundan nolimaymiz. Xayrli ish bo‘lgani uchun hech narsani ayamadik. Qurilish jarayoni ham oson bo‘lmadi. Namozxona qurishni boshlaganimizni eshitgan, bilgan yurtdoshlarimiz, sayyohlar juda xursand bo‘lishdi. Ular savob umidida, bitta g‘ishtni qo‘yib bo‘lsa-da, bir ketmon loyni otib bo‘lsa-da, namozxona qurilishiga o‘z hissasini qo‘shishga harakat qilishdi, ustalarga yordam berishdi. Mana, juda chiroyli bino barpo qilinganini ko‘ryapsiz», – dedi majmua xodimi G‘ulom Boboniyazov.

Darhaqiqat, namozxonada barcha zarur sharoitlar muhayyo qilingan. Hojatxona bor, tahoratxona issiq/sovuq suv bilan ta'minlangan. Namozgoh yorug‘ va shinam, issiq pol bilan jihozlangan.

Qayd qilish joizki, binoning dizayni o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi – u yarimoy shaklida bo‘lib, kichik minorachasi ham bor. Albatta, sahro o‘rtasidagi bunday namozgoh estetik tomondan ham sayyohlar e'tiborini o‘ziga tortadi.

Namozxona qurilishidagi xatolik, ya'ni O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hududiga o‘tib ketilgani ma'lum bo‘lgach, tadbirkor Davronbek Qo‘chqarov uni qonuniylashtirib, hujjatlashtirib olish harakatini qilgan. Ammo Qo‘ng‘irot tumani hokimligiga bu haqda qilgan murojaatlari yechimini topmagan. Natijada, ish sudgacha bordi.

2019 yil 18 dekabr kuni Qo‘ng‘irot tumanlararo fuqarolik sudi «Dovud ota» bojxona posti yaqinida joylashgan, qurilish osti maydoni 152,7 kv.m. bo‘lgan imoratning noqonuniy qurilgani va javobgar Davronbek Qo‘chqarov tomonidan buzib tashlanishi, bundan tashqari, uni 461,6 ming so‘m jarimaga tortilishi to‘g‘risida qaror chiqardi. Ayni paytda Davronbek Qo‘chqarov sudning bu qarori ustidan yuqori instansiyaga apellyatsiya tartibida shikoyat bergan.

Qayd qilish joizki, bu imorat shaklan masjidga o‘xshasa-da, aslo masjid emas. Uning minorasi temir quvurdan yasalgan bo‘lib, tepasiga chiqishning iloji yo‘q. Uni noyob qiyofadagi ko‘rkam turizm obekti desak ham bo‘ladi. Unda imom va boshqa xodimlar ishlamaydi. Bu yerda azon aytilmaydi, 5 mahal namoz yoki juma namozi o‘qilmaydi. U faqat musofirlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, zarurat bo‘lgan holatlarda foydalaniladi. Uning kaliti majmua ma'muriyatida saqlanadi. Uzoqdan kelayotgan yoki xorijga otlangan odamlar shu joyda poklanib, namozini o‘qib olishadi va safarini davom ettirishadi. Binoning tashqarisi va ichkarisining ozoda saqlanishi, barcha jihozlarning ishlab turishi majmua ma'muriyati tomonidan nazorat ostiga olingan.

Ha, qonunbuzarlik holati sudda aniqlandi va isbotini topdi, buni hech kim inkor qilmayapti. Ammo Davronbek Qo‘chqarov, uning onasi Yaqutjon Ishmuratova va biz bilan suhbatda bo‘lgan ko‘plab boshqa insonlar namozxonaning buzilmasligini, saqlab qolinishini so‘rashmoqda. Hatto uni O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hisobiga yoki «Vaqf» xayriya jamoat fondi tasarrufiga o‘tkazilishiga ham rozi bo‘lib turishibdi. Tadbirkor binodan foydalanish jarayonidagi kelgusi xarajatlarni ko‘tarishga, uning ozodaligi va sarishtaligini saqlab turishni zimmasiga olishga ham tayyor ekanini ta'kidlamoqda.

Zamonaviy va qadimiy arxitektura uslubi uyg‘unligini o‘zida mujassam etgan ko‘rkam bino O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlarni, ziyoratchilarni hayratga solyapti. Uzoq yo‘ldan charchab kelgan mehmonlar shu joyda dam olib, jismonan va ruhan poklanib, ibodatini ado qilib, shu yurt sha'niga, siyosatiga, mehnatsevar va bag‘rikeng o‘zbek xalqiga yaxshi duo qilishyapti. Bunda hech qanday ziyon bo‘lmasa kerak.

Bu mojaroda qandaydir murosa, ikkala tomonni ham qoniqtiradigan muqobil yechim zarur, deb o‘ylaymiz. Bunda qaysidir tomonning manfaati emas, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘si, imiji masalasi ustuvor bo‘lishi kerak. So‘nggi yillarda hukumatimiz uni ko‘tarish uchun ko‘plab chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Uni tushirib yuborish, ko‘p yillik mehnatning samarasini pasaytirish uchun esa oddiy xato kifoya qiladi.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: