O‘zbekistonda shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi keng nishonlanadi

O‘zbekiston 07:42 / 17.07.2024 1567

Madaniyat vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmalari, YuNeSKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Badiiy akademiya hamda jamoatchilik vakillarining Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini mamlakatda keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuziladi.

Tashkiliy qo‘mita (A. Aripov) bir hafta muddatda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash hamda uning ijodiy merosini keng targ‘ib qilish bo‘yicha quyidagi vazifalarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini tasdiqlaydi hamda uning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishini ta’minlaydi:

  • shoirning “Tanlangan asarlar” to‘plamini o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarni qayta chop etish va taqdimotlarini o‘tkazish;
  • davlat buyurtmasiga binoan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan sahna asarlari hamda “Ajiniyoz” badiiy-publitsistik filmini yaratish va ularning taqdimotlarini uyushtirish;
  • Nukus shahrida shoir ijodiga bag‘ishlangan “Ayt, sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan” mavzusida mamlakat yosh ijodkorlarining tanlovini, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li hayoti va ijodiga bag‘ishlangan insholar tanlovini o‘tkazish;
  • 2024 yilning sentabr oyida Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, tasviriy san’at asarlari va xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasini o‘tkazish;
  • 2024 yilning oktyabr oyida Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining adabiy merosini o‘rganish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish;
  • Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyini tashkil qilish;
  • Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining Mo‘ynoq tumanidagi qabrini obodonlashtirish va unga yodgorlik o‘rnatish, mazkur tumanda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li nomidagi ekopark barpo etish;
  • mamlakatdagi oliy va o‘rta maxsus, professional, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar ishtirokida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuv va adabiy kechalar uyushtirish;
  • 2024 yilning noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechalarini tashkil etish.
Ko‘proq yangiliklar: