Qishki transferlarning so‘nggi kunlaridagi 7ta intriga

Sport 21:40 / 28.01.2020 38967

31 yanvar kuni Yevropadagi ligalarning ko‘pchiligida qishki transferlar darchasi yopiladi. Qolgan kunlar davomida yana kimlar jamoalarini o‘zgartirishi mumkin?

Brunu Fernandesh, «Sporting» L

Brunu Fernandesh. Foto AFP

Mo‘ljal: «Manchester Yunayted»

Bu transfer ertagi yozdan buyon davom etmoqda. Lissabonliklar klubi yetakchisi uzoq vaqtdan buyon «MYu» bilan muzokaralar o‘tkazmoqda, avgust oyida «Yunayted» muxlislari hatto Fernandesh «Benfika»ning mag‘lubiyatli o‘yinidan keyin yig‘lashini Portugaliya bilan xayrlashish sifatida qabul qilishgandi. Lekin barchasi murakkablashib ketdi va hamon Portugaliya chempionati yulduzining kelajagi tuman ichida qolmoqda. Pogba butun mavsumni jarohatini davolash bilan o‘tkazmoqda, shunday ekan, «MYu»ga Fernandesh suv va havodek zarur. Yanvarda «Yunayted» ushbu futbolchi transferi bo‘yicha bir necha taklif yo‘lladi. A Bola nashri ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi taklif — 60,5 million yevro miqdorida edi. Goal.com nashri xabariga ko‘ra, «Sporting» 80 million yevro talab qilmoqda, ammo «MYu» buncha ko‘p to‘lashga tayyor emas. Balki, Fernandesh yozgacha Lissabonda qolar.

Olive Jiru, «Chelsi»

Mo‘ljal: «Inter»

Ko‘k-qoralar bu mavsumda britan bozori uchun ochiq bo‘lmoqda: Aleksis Sanches, Lukaku, Yang, Mouzes, Eriksen... Navbatda — Jiru turibdi. Kontega hujum chizig‘ida Lukaku va Martines uchun zaxira varianti kerak, 33 yoshli fransuz esa bu rolga mos tushadi. Jiru bu mavsumda Angliya chempionatining atigi besh o‘yinida maydonga tushdi, yoshlar bilan yangi jamoa qurayotgan Frenk Lempard esa uni qo‘yib yuborishga qarshi emas. «Inter» klubi sport direktori bir hafta muqaddam Jiru bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilayotganini tasdiqlagandi, ammo u bu transfer faqatgina klubdagi forvardlardan birini sotish evaziga ro‘y berishini aytib o‘tgandi. Bugun Politano «Napoli»ga yo‘l oldi va Jiru uchun yo‘l ochildi.

Edinson Kavani, «PSJ»

Edinson Kavani. Foto AFP

Mo‘ljal: «Atletiko», «Chelsi», «Manchester Yunayted»

Parijyeda bu mavsumda «fantastik to‘rtlik» paydo bo‘lgan — Mbappe, Neymar, Di Mariya va Ikardi. Nazariy jihatdan klubning hujum chizig‘i kvintetga aylanishi kerak edi, ammo Kavaniga maydonda joy topilmadi va urugvaylik futbolchi — Parij aravasidagi beshinchi g‘ildirak bo‘lib chiqdi. Garchi Kavani 32 yoshda bo‘lsa-da, qish bo‘yi «PSJ»ning bu hujumchisi uchun «sovchilar»ning oyog‘i arimadi. Avvaliga «Chelsi» favorit sifatida ko‘rilgandi, ammo ko‘klar futbolchini ijaraga olmoqchi bo‘ldi. Qaysidir vaqtda bu hujumchi atrofidagi vaziyatni «MYu» va «Arsenal» ham kuzatdi, ammo yakunda «Atletiko» futbolchi uchun poygada oldinga chiqib oldi. AS nashrining yozishicha, barchasi hal bo‘lgan: tomonlar o‘rtasida 2,5 yillik shartnoma tuziladi. Morata, Joau Feliks va Diyegu Kosta uch kishi bo‘lib chempionatning birinchi mavsumida jami 11 gol urishdi, shunday ekan, madridliklarga Kavanining yordami juda zarur.

Kshishtof Pyontek, «Milan»

Mo‘ljal: «Tottenhem», «Chelsi»

Yana bir forvardning nomi yangiliklarda «Chelsi» bilan birga ketmoqda. O‘tgan mavsumning birinchi davrasida «Jyenoa»da porlagan 24 yoshli polyak «Milan»ga kelgach tempni pasaytirdi, yangi mavsumda esa umuman avvalgi o‘yinini topa olmay qoldi, qishki tanaffusda jamoaga Zlatan Ibrahimovich olib kelindi, natijada A Seriyaning so‘nggi o‘yinida Kshishtof zaxira o‘rindig‘iga mixlandi. Shu kunlarda La Gazzetta dello Sport nashri polshalik futbolchining agenti klubdan mijozini Angliyaga qo‘yib yuborishni so‘ragani haqida xabar tarqatdi, axir unga Yevropa chempionati arafasida terma jamoa tarkibiga kirish uchun o‘yin amaliyoti zarur. «Milan» Pyontek uchun 30 million yevro so‘ramoqda, «Chelsi» ham, «Tottenhem» ham bunday miqdordagi pulni to‘lay oladi, ammo London klublari futbolchini ijaraga olishga qiziqmoqda. Ko‘rinishidan, «rossoneri»ni bunday variant qoniqtirmaydi.

Rodrigo Moreno, «Valensiya»

Rodrigo Moreno. Foto AFP

Mo‘ljal: «Barselona»

Yanvarda «Barselona» jarohat tufayli Suaresdan ayrildi — urugvaylik hujumchi may oyiga qadar maydonga tusha olmaydi, shunday ekan katalonlarga hujumchi kerak. Avvaliga jamoa «Arsenal»dan Obameyangni yoki «Leypsig»dan Vernerni ijaraga olmoqchi bo‘ldi, ammo ikki variant ham imkonsiz bo‘lib chiqdi — klublar o‘zlarining eng yaxshi hujumchilarini mavsum o‘rtasida qo‘yib yubormasdi. Endilikda haqiqatga yaqin variant paydo bo‘lgan — «Valensiya» hujumchisi Rodrigo Kataloniyaga kelishi mumkin. Kelib chiqishiga ko‘ra braziliyalik bo‘lgan bu futbolchi Ispaniya terma jamoasiga nomzod hisoblanadi. Kataloniyadagi Sport gazetasi yozishicha, Rodrigo bilan barchasi og‘zaki hal qilib bo‘lingan, ammo «Valensiya» hali rozi bo‘lgani yo‘q. Bu vaziyatda «Barselona»ga yordam uchun superagent Jorjye Mendesh oshiqqan, shunday ekan, transfer yaqin.

Emre Jan, «Yuventus»

Mo‘ljal: «Borussiya» D, «Manchester Yunayted»

Mauritsio Sarriga Emre Jan kerak emas. Kelib chiqishiga ko‘ra turk bo‘lgan germaniyalik futbolchi bu mavsumda zaxira o‘rindig‘iga mixlangan va A Seriyaning faqat ikki o‘yinida boshlang‘ich tarkibda o‘ynadi. Lekin Jan hali yosh — u endigina 26 yoshda. Shu tufayli ushbu markaziy havbek uchun talab yuqori — «PSJ», «Everton» va «MYu» klublari ham uni sotib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda, ammo eng yaxshi imkoniyat Dortmundning «Borussiya» klubida. Italiyadagi xabarlarga ko‘ra, tomonlar muzokaralarning yakuniy bosqichida turibdi, transfer qiymati 23 million yevroni tashkil etadi.

Pablo Mari, «Flamengo»

Pablo Mari. Foto AFP

Mo‘ljal: «Arsenal»

«Arsenal» bu qishda hali hech kimni sotib olmadi, Mikel Arteta avvalgi murabbiy yiqqan tarkib futbolchilari bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lmoqda. Yanvarda Londonga «PSJ»dan Kyurzava kelishi haqida xabarlar tarqalgandi, ammo u hozir «Yuventus»ga o‘tishi haqiqatga yaqin. Lekin «Flamengo»dan Pablo Mari kelishi imkoniyati saqlanib qolgan. Arteta ushbu 26 yoshli ispan bilan yaxshi tanish, chunki ular 2016 yilda «Manchester Siti»da hamkorlik qilishgan, ammo keyinroq himoyachi brazillar klubiga sotilgan. Mari — markaziy himoyachi, yaqindagina «Chelsi»ga qarshi derbi o‘yini ko‘rsatdiki, «Arsenal» bu pozitsiyasini mustahkamlashi kerak. Dekabr oyida klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida Mari o‘zini yaxshi tomondan namoyish qilgan va u Yevropa yashil maydonlarida to‘p surishga haqlidir.

Ko‘proq yangiliklar: