«Brentford» Muhammadali O‘rinboyev transferini e’lon qildi

Sport 16:06 / 01.02.2024 13056

Angliyaning «Brentford» klubi «Paxtakor» futbolchisi Muhammadali O‘rinboyev transferini e’lon qildi. 18 yoshli hujumkor yarimhimoyachi yarim yilga ijaraga olingan.

Angliya klubi rasmiy saytida berilgan xabarga ko‘ra, klub mavsum yakunida o‘zbekistonlik futbolchini sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. U Nil Makfarleyn qo‘l ostidagi ikkinchi jamoada harakat qiladi.

«Har bir yosh o‘yinchi Premer-ligada o‘ynashni orzu qiladi. Men ham o‘sha orzumga yana bir qadam yaqinlashganimdan juda ham xursandman. Endi bu yerda borimni berib ishlayman va o‘zbek futbolchilari nimalarga qodirligini butun dunyoga ko‘rsatmoqchiman», degan O‘rinboyev klub rasmiy saytiga bergan ilk intervyusida.

Bundan avvalroq Toshkentning «Paxtakor» klubi ham ushbu futbolchisi ingliz klubiga transfer qilingani haqida xabar bergandi.

«Iqtidorli futbolchilarni yetishtirib chiqarishda davom etayotgan «Paxtakor» akademiyasining navbatdagi tarbiyalanuvchisi ham xorij chempionatiga yo‘l oldi. Hozirgacha Angliyaning professional klublarida o‘zbek futbolchisi faoliyat olib bormagan», - deyilgan klub xabarida.

Ma’lumot uchun, O‘rinboyev «Paxtakor»da 17 yoshga to‘lmasdan o‘z debyutini o‘tkazgan va o‘z yosh toifasida terma jamoa a’zosi sanaladi. U «Paxtakor» safida 16 yoshida debyut qilib, hozirgacha 17 o‘yinda maydonga tushgan.

Muhammadali O‘rinboyev muqaddam «Bunyodkor» va «Navbahor» klublarida to‘p surgan, ayni vaqtda «Metallurg» klubi a’zosi bo‘lgan hujumchi Zabihullo O‘rinboyevning ukasidir.

«Brentford» klubi APL 20-turidan keyin 22 ochko bilan 15-o‘rinda bormoqda.

Ko‘proq yangiliklar: