«YeOIIga kirish juda ham kuchli ta'sir qiladi. Salbiy tarafdan» - Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari yuristi bilan suhbat

Jamiyat 16:00 / 26.01.2020 108514

Kun.uz sayti xodimlari Rosiyaga safar chog‘ida turli soha vakillari bilan suhbatda bo‘lib, ularning ish faoliyati va muammolarini o‘rganishga harakat qildi. Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlarga huquqiy yordam berish bilan shug‘ullanib kelayotgan asli o‘zbekistonlik huquqshunos Valentina Chupik bilan suhbatda migrantlar hayotiga oid muhim jihatlar haqida so‘radik. Suhbat o‘z-o‘zidan O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalasi bilan bog‘liq tarzda kechdi.

— So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi borasida ko‘plab muhokamalar bo‘lmoqda. Ayting-chi, O‘zbekistonning ittifoqqa qo‘shilishi o‘zbekistonlik migrantlarga qanchalik darajada ta'sir qiladi?

— Bu juda ham kuchli ta'sir qiladi. Ko‘proq salbiy tarafdan. Bunga misol qilib qirg‘iz migrantlarini aytishim mumkin. Qirg‘iz migrantlarini hibsga olish bo‘yicha murojaatlar o‘zbek migrantlarinikiga qaraganda ikki baravar ko‘p. Aslida Rossiyada o‘zbekistonlik migrantlar soni qirg‘iz migrantlariga qaraganda 6 baravar ko‘p.

Qirg‘iz migrantlarini hibsga olish qay darajada to‘g‘ri? Bu borada Sergiyenkoning (Moskva migratsiya masalalari bo‘yicha boshqarma rahbari, politsiya polkovnigi Dmitriy Vladimirovich Sergiyenko - tahr.) patent to‘lovchi fuqarolarni davlatdan chiqarib yubormaslik haqida maxsus buyrug‘i mavjud. Qirg‘iziston fuqarolari patent to‘lashmaydi, chunki ular Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi fuqarolari hisoblanadi.

Demak, shu bilan birga ular boshqalardan ko‘ra himoyasiz va ularning har qanday huquqbuzarliklari davlatdan chetlashtirilish bilan tugashi mumkin. Bu haqida politsiyadagilar ham yaxshi biladi. Shuning uchun, aynan qirg‘iz migrantlarini ko‘proq ushlashadi. Chunki ulardan pul undirish osonroq.

Ha, ular har oy 5 ming rubl patent to‘lashmaydi. Lekin politsiya xodimlari ulardan oyiga 1,5-2 baravar ko‘proq pul undirishadi. Chunki ularni haftada o‘rtacha ikki marta ushlashadi. Bizning migrantlarni esa ikki haftada o‘rtacha bir marta ushlashlari mumkin.

Bundan tashqari, bizning migrantlar bilan solishtirganda qirg‘iz migrantlarining rasmiy ishga joylashish imkoniyatlari pastroq hisoblanadi. Ish beruvchi ham ahmoq emas, ko‘p soliq to‘lagandan ko‘ra kamroq soliq to‘lash foydaliligini tushunishadi.

Qirg‘izistonlik migrantlarni ishga olgandan keyin jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘ini to‘liq to‘lash kerak bo‘ladi. Patent bilan ishlovchi muhojirlarga esa bunday soliq to‘lash shart bo‘lmaydi. Qolaversa, ularga ijtimoiy to‘lovlar va majburiy tibbiy sug‘urta to‘lovlari ham shart emas.

Bu shuni anglatadiki, patent to‘lab ishlovchi migrantlarni ishlatish ish beruvchiga taxminan 20 foizga arzon tushadi. Shu sababli, Qirg‘iziston fuqarolari soxta mehnat shartnomalarini sotib olishga majbur bo‘lishmoqda va bu shartnoma bo‘yicha hech qanday to‘lovlar ushlab qolinmaydi. Buni tekshirish juda ham oson. Agar mehnat shartnomasining soxtaligi isbotlansa shartnoma, migratsiya hisobi bekor qilinadi va migrant davlatdan chiqarib yuboriladi. Bunday vaziyatga bizning migrantlar ham tushishi mumkin, agar ular Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi fuqarolariga aylanishsa. 

Shuni bilamanki, Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirganidan keyin narxlar keskin ko‘tarildi. Shuningdek, Qirg‘iziston ittifoqiga kirishi bilan sanoat sohasi ham yo‘q bo‘lib ketdi. Ularning tikuvchilik korxonalari mahsulotlarini Rossiyada sotish orzulari, afsuski amalga oshmadi.

Ha, ular savdo-sotiq bilan shug‘ullanishmoqda, lekin Rossiyaning tikuv mahsulotlarini sotishmoqda. Kirib kelayotgan soliq va tushumlar Qirg‘iziston budjetiga emas, balki Rossiya iqtisodiga foyda olib kelmoqda. Ishchilar o‘sha-o‘sha Qirg‘iziston ishchilari.

Rossiyada o‘zbek migrantlari uchrayotgan asosiy muammolar nimalardan iborat?

— Asosiy muammo — ishchilarni noqonuniy hibsga olish va ulardan pul undirish. O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi o‘zbek migrantlarining ahvolini yaxshilamaydi. Yuqorida aytganimdek, faqat yomonlashishi mumkin. Chunki hujjat tayyorlashda hozirgidek tartib bo‘lmaydi.

Ikkinchi jiddiy muammo davlatdan chiqarib yuborish masalasi. Menga murojaat qilganlarning 40 foizi qirg‘iz fuqarolari. Ularning 10 foizi Rossiyada. Rasmiy statistika bo‘yicha 10 foiz, lekin amalda bundan to‘rt baravar ortiq miqdor. Bu ham YeOIIga kirishning oqibati hisoblanadi.

Migrantlar uchraydigan uchinchi muammo — oylikni ololmaslik masalasidir. Qirg‘izlarda esa bu muammo ham o‘ta sezilarli darajada ko‘p, chunki ular bilan shartnoma tuzishda hujjat tayyorlanmaydi, ularni majburlay olmaysan ham. O‘zbeklarda bunday muammo kamroq.

     O‘zbekiston hukumatining o‘zbek migrantlariga yordami sezilyaptimi?

— Hozirda tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha agentlik ishlay boshladi. Ularga rahmat aytamiz, ammo bu agentlik rahbarining shaxsiy tashabbusi bo‘lib qolishidan qo‘rqaman. Bu vaziyat u yerda ishlayotgan insonlarning shaxsiga bog‘liq bo‘lib qolishidan juda qo‘rqaman. Bu hali tizimli tarzda yo‘lga qo‘yilmagan. Lekin ularga minnatdorchiligimni bildiraman. Ko‘p yillardan buyon birinchi marta qo‘llab-quvvatlashni his qildim. Oldinlari yolg‘iz kurashishga majbur edim. Hozirda umid bor. Lekin men istardimki, bu bir tizim tarzida yo‘lga qo‘yilsin. Ya'ni fuqarolarni himoya qilish tizimi. 

Nafaqat tashqi mehnat agentligiga, balki O‘zbekiston elchixonasiga ham fuqarolarimizning himoya qilinishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyat tarzida yuklatilishi kerak. Vena konvensiyasida davlat o‘zining har bir fuqarosini himoya qilishi majburiyligi qayd etilgan. Elchixona turli tadbirlarga emas, aynan shu muammoga e'tibor qaratishini xohlardim.

Har bir migrantda muammo bir xil, patent bor yoki yo‘qligidan qat'i nazar politsiyachilar ulardan pul undiradi. Keyin davlatdan chetlatishadi. Chetlatishlarning yarmi isbotli bo‘lsada, ko‘p qismi noqonuniy, asossiz amalga oshiriladi.

Rossiyadagi ish beruvchilar oylik bergandan ko‘ra huquqni himoya qilish organlariga pora berishni afzal hisoblashgani sababli oylik to‘lamaslik holatlari yuz beradi. Masalan, ular huquqni himoya qilish organi xodimlariga pora berib ularni chaqirishadi, keyin ular ishchilarni hujjati joyida emaslikda ayblab, ularni deportatsiya qildirishlari ham mumkin. Bu holat Rossiya qonunlariga to‘g‘ri kelmaydi. Davlat xizmatchilari esa qonunga bo‘ysunishni majburiy deb bilishmaydi. Hatto ularni hukumat qo‘llab-quvvatlashi ham mumkin. Hayot shunaqa.

O‘zbekistonda meni ko‘zim ko‘k bo‘lgani sababli to‘xtatishlarini umuman tasavvur qila olmayman. Lekin bu yerda ko‘zing ko‘k bo‘lmagani uchun seni to‘xtatishadi. Rossiya bilan taqqoslaganda O‘zbekiston qonunga amal qiladigan davlat. Rossiya millatchiroq davlat hisoblanadi.

  • So‘nggi vaqtlarda jamoatchilik muhokamalari markazida turgan YeOIIga kirish masalasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bir necha bor munosabat bildirgan, gap a'zolik haqidamas, hamkorlik haqidaligi, O‘zbekiston ittifoqqa faqat kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilishini aytgan, biroz avvalroq parlamentga murojaatida ittifoqqa kirish masalasida xalqning xohish-irodasiga tayanib qaror qabul qilinishini ma'lum qilgandi.

«Bugungi kunda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilishi bo‘yicha masalalar o‘rganilmoqda.

Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish-irodasiga tayanamiz.

Shuning uchun xalq vakillari bo‘lgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, o‘z zimmalariga mas'uliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak.

Vazirlar Mahkamasi ushbu yo‘nalishdagi tahliliy va kompleks baholash ishlarini yakunlab, tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga taqdim etsin.

Shu bilan birga, biz Jahon savdo tashkiloti bilan boshlangan muloqotimizni, hamda Yevropa Ittifoqi bilan Hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi yangi bitimni tuzish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiramiz. Shuningdek, biz boshqa xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlardagi ishtirokimizni, yanada kuchaytiramiz», dedi prezident.

Ko‘proq yangiliklar: