Salvador AQShdagi jinoyatchilar va noqonuniy migrantlarni qabul qilishga rozi bo‘ldi

Jahon 23:18 / 04.02.2025 610

Salvador AQShda qo‘lga olingan noqonuniy migrantlarni o‘z qamoqxonalariga joylashtirishga rozi bo‘ldi. Bundan tashqari, prezident Nayib Bukele qo‘shimcha haq evaziga Qo‘shma Shtatlarda sudlangan jinoyatchilarni hibsga olishni va’da qildi. Ular «megaqamoqxona» nomi bilan mashhur «Terrorchilarni saqlash markazi»ga yuborilishi mumkin.

Nayib Bukele va AQSh davlat kotibi Marko Rubio noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bo‘yicha bitimni 3 fevral kungi uchrashuvda imzolagan. Davlat departamenti saytidagi press-relizda keltirilishicha, Salvador AQSh hududida noqonuniy ravishda yurgan MS-13 hamda Venesuelaning Then de Aragua to‘dalari a’zolarini qabul qilishga rozi bo‘lgan.

«Biz ularni jo‘natamiz, Salvador bo‘lsa ularni o‘z qamoqxonalariga joylashtiradi. Nayib Bukele ayni vaqtda AQShda jazo o‘tayotgan jinoyatchilar, ular hatto Amerika fuqarosi yoki qonuniy rezident bo‘lsa ham shunday yo‘l tutishni taklif qildi», — deydi Rubio.

Bukele uchrashuv natijalariga izoh berarkan, Salvador Qo‘shma Shtatlarga «qamoqxona tizimining bir qismini autsorsingga berishni» taklif qilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Salvador faqat «sudlangan jinoyatchilarni» qabul qiladi va buning evaziga AQShdan mablag‘ undiradi, ammo shu bilan birga, mamlakatdagi qamoqxona tizimi yanada barqarorlashtirilishiga imkon yaratiladi.

Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishishdan ancha oldin noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishini e’lon qilgandi. Inauguratsiyadan keyin darhol kolumbiyalik migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish boshlandi. Bogota avvaliga ularni qabul qilishdan bosh tortdi, ammo Trampning 25 foizli boj tahdididan keyin o‘z qarorini o‘zgartirdi.

Ko‘proq yangiliklar: