Volodimir Zelenskiy agar Ukraina NATOga qabul qilinmasa, yadroviy qurol yetarlicha xavfsizlik kafolati bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda u britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida qayd etdi. Intervyu parchalari 4 fevral kuni Morganning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga paydo bo‘ldi.
Jurnalist Zelenskiydan Ukraina Vladimir Putinni yangi hujumlardan tiyib turishda qanday xavfsizlik kafolatlarini ko‘rib chiqayotganini so‘ragan.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, agar Ukrainaning NATO a’zoligiga qabul qilinishi yillar yoki o‘nlab yillarga cho‘ziladigan bo‘lsa, unda «mutlaqo adolatli savol» yuzaga keladi:
«Ushbu yo‘lda bizni har doim bu yovuzlikdan nima himoya qiladi? Qanday yordam paketi? Qanaqa raketalar? Bizga yadroviy qurol berishadimi? Unday bo‘lsa, bizga yadroviy qurol berishsin. Biz Rossiyani to‘xtatib qolishimizga yetadigan miqdorda raketalar beriladimi? Men bunga ishonmayman, ammo o‘ylaymanki, bu yordam bergan bo‘lardi. Aks holda Rossiyaning yadroviy raketalarini qanday raketalar tutib qola oladi? Bu ritorik savol. Shuning uchun keling quyidagicha yo‘l tutamiz: bizga yadroviy qurolimizni qaytaring, raketa majmualarini bering, sheriklarimiz millionlik armiyani moliyalashtirishga ko‘maklashadi, o‘z kontingentingizni biz barqarorlik istayotgan, insonlar xotirjam bo‘ladigan hududlarimizga joylashtiring», — deydi Zelenskiy.
Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, agar Ukraina NATO a’zosi bo‘lmasa, «Putin mamlakat hududidan butunlay chiqib ketishi kerak», shundan so‘ng Kiyev barcha yo‘qotishlar uchun moliyaviy kompensatsiya masalasini ko‘taradi.
«U [Putin] biz NATO a’zosiga aylanishimiz mumkinligidan qo‘rqin hujum qildi. Yaxshi, biz NATO a’zosi emasmiz — yerlarimizni qaytaring. Bu xuddi shunday ko‘rib chiqilishi kerak», — deydi Ukraina prezidenti.
Ukraina 1994 yil dekabrda imzolangan Budapesht memorandum doirasida yadroviy quroldan voz kechgan. Hujjatda yadroviy quroldan voz kechilgani evaziga Ukrainaning hududiy yaxlitligi kafolanishi ko‘zda tutilgan. Hujjatga Rossiya, Ukraina, Buyuk Britaniya va AQSh imzo chekkan.