«105 fojia» - Erta ona bo‘lgan qizlar taqdiri haqida kim qayg‘uradi?

Jamiyat 16:30 / 26.01.2020 73394

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti statistikasida ta'kidlanishicha, rivojlanayotgan davlatlarda har yili 15-19 yoshdagi taxminan 16 million qiz ona bo‘ladi. Shundan 2,5 million kishini 16 yoshdan kichik qizlar tashkil qiladi.

«Homiladorlik va tug‘ruq vaqtidagi qiyinchiliklar dunyo bo‘yicha 15-19 yoshli qizlarning o‘limiga ham sabab bo‘lib kelmoqda.

Bundan tashqari, 10-19 yoshli ona bo‘ladigan qizlarning ko‘pchiligining hayoti 20-24 yoshlilar bilan solishtirganda xavf ostida bo‘ladi», deyiladi JSST ma'lumotida.

133/105

Xotin-qizlar qo‘mitasi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 2018 yilda jami 750 ming tug‘ruqqa 133ta erta tug‘ruq holati to‘g‘ri kelgan.

2019 yilning 10 oyi statistikasiga ko‘ra esa, 650 ming tug‘ruqqa 105ta erta tug‘ruq qayd etilgan. Bunda erta ona bo‘lganlar yoshi 17 yoshgacha hisoblanadi.

Turli nashrlarda jismoniy va ruhiy jihatdan ona bo‘lishga hali to‘liq tayyor bo‘lmagan qizlarning farzandli bo‘lgani haqida xabarlar chiqishi odatga aylanib qolgan.

«Falon hududda maktab o‘quvchisi ona bo‘ldi», «Falon maktabning 8-sinf o‘quvchisi chaqalog‘ini hojatxonada dunyoga keltirdi» degan «jimjimador» sarlavhalar bilan ijtimoiy tarmoqlarda aylanadigan xabarlarda ba'zan qizlarning anonim ma'lumotlari ham jamoatchilikka ochiqlanmoqda.

Biroq bunday qizlarga ham barcha huquqlarga ega inson sifatida qaralishi, bundan keyin hayotga tezroq moslashishlari, o‘z o‘rnini topishlari uchun ularga qanday yordam berilishi kerak?

Ularga tegishli axborot bilan ishlashda nimalarga e'tibor qaratilishi zarur?

Shaxsiy ma'lumotni tarqatish mumkin emas

Ichki ishlar vazirligi bergan ma'lumotga ko‘ra, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma'lumotlarni uning roziligisiz, qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish mumkin emas.

Agar shunday holat aniqlansa, bu holat uni sodir etgan shaxsga «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 461-moddasiga ko‘ra bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Zo‘ravonlikka uchragan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari ishlamoqda

Guljamol Asqarova

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari bo‘limi bosh mutaxassisi:

— Uzoq yillik tajribaga suyangan holda ayta olamanki, agar qizning nomusi, sha'ni bilan bog‘liq biror noxush holat ro‘y bersa, Xotin-qizlar qo‘mitasi birinchi navbatda yordamga boradi. Bu hol ro‘y bergunga qadarchi?

Holat sodir bo‘lgunga qadar ishlar birgina jamoat tashkilotininggina ishi emas, har birimizning vazifamiz, aslida.

Ota-ona, jamiyat, jamoatchilik, mas'ul tashkilotlar - hamma mas'ul. Bu  borada turli profilaktika ishlari ham olib boriladi, biroq bu – hayot. Unda illatli holatlar bo‘lib turadi.

Shuning uchun ham Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida zo‘ravonlikka uchragan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari ochildi. Ayni paytda respublika bo‘yicha 197ta shunday markaz mavjud.

Markazlarning maqsadi boshiga ish tushgan insonning ruhiyati bilan zargarona ishlash va hayotga qaytarishdir.

«Hamma narsa axloqsizlikka borib taqalmaydi, istisnoli holatlar ham bor...»

Yaqinda qo‘mitaga «Qizlarimizning axloqi buzilib ketayotgani tufayli erta tug‘ruq va erta turmush holatlari ko‘payib ketyapti», degan mazmundagi murojaat keldi.

Lekin bilishimiz kerakki, qizlar hayotidagi noxush holatlar faqatgina axloqsizlik tufayli sodir bo‘lmaydi. Masalan, 2019 yilning 10 oyi davomida 105 nafar erta tug‘ruq holati qayd etilgan.  Bu - 105 fojia degani. Biroq, bu holatlarning, ehtimol, 3tasi axloqsizlik tufayli sodir bo‘lgandir, lekin mana shu sonlarda zo‘ravonlik oqibatida hayoti buzilgan qizlar ulushi ko‘proq. Hozir reabilitatsiya markazlari mana shu qizlar bilan ham ishlashga, ularga yordam berishga imkon qadar harakat qilmoqda.

Tashkil etilganidan buyon markazlarga murojaat etgan xotin-qizlar soni 17 ming 766 nafarni tashkil etdi. Shu davrda murojaat etganlarning 2747 nafariga tibbiy yordam, 5295 nafariga psixologik yordam, 3556 nafariga huquqiy yordam ko‘rsatilib, 2121 nafarining ish bilan bandligi ta'minlangan.

Bir paytlar zo‘ravonlikka duch kelgan, nomusi toptalgan qizlar bilan bog‘liq ishlarni «qiz o‘z xohishi bilan rozi bo‘lgan» degan tamg‘a ostida yopib yuborilgan holatlarni ham kuzatganmiz.

Lekin hozir reabilitatsiya markazlari mana shu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka, nafaqat ayolni psixologik tiklash, balki huquqini himoyalash orqali imkon qadar yordam berishga harakat qilyapti.

Qiz sha'ni muhimmi yoki qasd?

Yaqinda ota-ona yuqori lavozimda ishlaydigan tanishining o‘g‘lidan farzandli bo‘lgan qizi haqida ma'lumot berishdan bosh tortdi. Har qanaqa da'vo arizalari berishni rad qilishdi. Chaqaloq esa tegishli tashkilotlar tomonidan boshqa oilaga farzandlikka berib yuborildi. Yordam berishga harakat qilgan tashkilotlarga ota-ona tomonidan rad javobi berildi.

Keyin bir qancha vaqt o‘tib ota-onalar bir-biri bilan kelisha olmay qolgach, qizning ota-onasi hatto farzandi haqidagi barcha ma'lumotlarni ochiqlashga, mansabdor tanishini shu yo‘l bilan ishdan bo‘shatishga harakat boshlashdi.

Bu holatda ota-ona qizining sha'nini o‘ylamadi, ololmagan qasdini o‘yladi, tarafkashlar o‘z manfaati yo‘lida shu oilani va o‘sha qizni xarob qildi. Bu kabi hammaga ham ma'lum bo‘lmagan, chuqur tahlillarni talab etadigan holatlar ham bor.

«Teskari ta'sirdan ehtiyot bo‘lish zarur»

Odamlar zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlar haqida ma'lumot olishga, tarqatishga juda qiziqishadi. Lekin bunday ma'lumotlar jamiyatga teskari ta'sir berishini ham jiddiy o‘ylab ko‘rish zarur.

Kichikligimda maktabimizda bir o‘quvchi simni rozetkaga tiqib sinab ko‘rayotgan paytida tok urib vafot etgandi. Shu voqea haqida maktabda va mahallada shu qadar ko‘p gapirilgandiki, o‘sha bolaning tok urishi voqeasi qanaqa bo‘lgani bizni juda qiziqtirib qo‘ygandi. Oxiri o‘sha muhokamalar ta'sirida men va ukam bir kunda mana shu tok urish holatini o‘zimizda sinab ko‘rganmiz...

Inson psixologiyasi, ayniqsa, o‘smirlar ruhiyati bilan juda nozik ishlash kerak, sohaning o‘z egalari ishlashi kerak.

Jarblanganlar haqida noprofessional yondashib axborot tarqatish kerak emas...

Ba'zida reabilitatsiya markazlaridagi holatlarni o‘rganish uchun borganimizda xotin-qizlar ayrim jurnalist yoki blogerlar ular haqida material tayyorlab, yuzlarini ozgina berkitgan holda tarqatib yuborishganidan shikoyat qilishadi.

«Meni ovozimdan tanib qolishdi. Endi nima degan odam bo‘ldim...», - deya dardlarini aytishadi.

O‘zbekistonda aynan mana shu turdagi jabrlanganlar, ularga tegishli axborotlar bilan ishlash bo‘yicha mexanizm shakllanish pallasida. Bu boradagi tajribalar ortib, mexanizm to‘liq shakllanishi uchun vaqt kerak.

Bunday hollarda o‘zi shundoq ham jabr chekib turgan insonlarga yana jabr qilib, ular haqidagi ma'lumotlarni noprofessional yondashuv bilan tarqatib yuborish esa yaxshi emas.

Zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs haqida ma'lumot tarqatishning tartibi bor

Kimdir zo‘ravonlikdan jabr chekkan qizni ko‘chada uchratib qoldi, deylik. Agar u axborot tarqatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan inson bo‘lsa, (bo‘lmasa ham) darhol qizdan ma'lumot olishga, tarqatishga harakat qiladi. Bu jarayonda qiz hayotiga tegishli ma'lumot jamoatchilikka ochiqlanib ketishi mumkin.

Vaholanki, ularga tegishli ma'lumotning saqlanishi qonun bilan kafolatlangan.

«Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 30-moddasida ham bu narsaga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

«Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining shaxsiga doir ma'lumotlari ishonib topshirilgan hamda kasbiy, xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan bu ma'lumotlar o‘ziga ma'lum bo‘lib qolgan, ushbu ma'lumotlarni oshkor etishga yo‘l qo‘ygan shaxslar qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladi», deyiladi qonunda.

Xotin-qizlar qo‘mitasining axborot tarqatuvchi shaxslardan katta iltimosi shuki, reabilitatsiya markazlaridan ma'lumot olayotganda imkon qadar axborotning maxfiyligiga, jabrlangan insonlarning shaxsiy axborotlari tarqalib ketmasligiga e'tiborli bo‘lishsin.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bu borada maxsus iltimosnoma bilan ham chiqdi.

«Men yurganim uchun yaxshiman…»

Ba'zida ayollarning yaqinlari tomonidan inkor qilinishi holatlari uchrab turadi. Erining aybini bo‘yniga olib qamoqda o‘tirib chiqqach ko‘chada qolgan ayollar, yaqinlariga borini berib hech vaqosiz qolgan ayollar...

Shu paytda Halima Xudoyberdiyevaning: «Men yurganim uchun yaxshiman...» degan satrini eslayman, ya'ni oyog‘im tagida shamol o‘tib, o‘zimni eplab yurganim uchun yaxshiman, aks holda keraksizman, deyilyapti! Dahshatli haqiqat!

Shunday holatlarda ayol 2 narsa uchun: sog‘ligi va huquqi uchun avvalo o‘zi kurashmog‘i kerakligini tushunishi shart, deb o‘ylayman.

 

«Ota-ona farzand oldida mas'uldir…»

Homidjon Ishmatbekov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari:

— Alloh taolo farzandni ota-ona uchun omonat qilib bergan. Uning ta'lim-tarbiyasi uchun ham ota-ona mas'ul hamda buning uchun qiyomat kunida ham Alloh taolo huzurida, albatta, javob beradi.

Farzand tarbiyalayotgan ota-ona har bir harakati, yurish turishi, muomalasi, boshqalar bilan o‘zaro munosabatida farzandlariga namuna bo‘lishi kerak. Chunki bola tabiatan nihoyatda taqlidchan va kuzatuvchan bo‘ladi. Shuning uchun uning atrofdagilari o‘z odatlari bilan ba'zan o‘zlari sezmagan holda ularga ta'sir qiladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Har biringiz mutasaddidir va har biringiz qo‘l ostidagilari uchun mas'uldir» deganlar (Muttafaqun alayh).

Yana bir hadisda «Birorta ota o‘z farzandiga odob-axloqdan afzalroq meros berolmaydi», deb marhamat qilingan.

Demak, har bir ota-ona avvalo farzandi uchun qilinadigan o‘z zimmasidagi vazifalarini yaxshi ado qilib, farzandiga din-u diyonat, halol-harom va shariatimiz ruxsat bergan va ma'n qilgan narsalarni o‘rgatishi kerak.

«Nikoh – barcha muammolarning yechimidir...»

Umumiy ma'noda dinimizda mo‘min-musulmonlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro muhabbat maqtaladi, targ‘ib qilinadi. Alloh taolo mo‘'minlarni Qur'oni karimda «ixva» ya'ni, aka-ukalar deb atagan.

Hatto dunyoda bir-birini Alloh yo‘lida yaxshi ko‘rgan do‘stlar qiyomat kuni soya yo‘q paytda Arshning soyasida bo‘lishlari hadislarda ta'kidlangan. Bu yerdagi din qardoshligi erkag-u ayolni o‘z ichiga oladi. Ayollar mo‘'minlarga dindosh opa-singil hisoblanadilar. Ularga dinimiz belgilab bergan chegarada muomala qilishimiz ayni muddaodir.

Nomahram erkak va ayol yaqin do‘st bo‘lishlariga kelsak, buning eng ma'qul yechimi – nikohdir. Nikohdan keyin ularning o‘zaro do‘stliklari, muhabbatlari ibodatga aylanadi, ulug‘ savob bo‘ladi. Bu Alloh taoloning islom ummatiga bergan imtiyozi va undan foydalanish kerak.

Lekin nikohsiz bunday do‘stlikning oxiri yaxshilikka olib kelmaydi, albatta. Chunki bunday «do‘stlik» ko‘pincha zinoga olib keladi, natijada nikohsiz farzandlar dunyoga keladi. Bunday farzandlar aksar hollarda tug‘ilmasdan «o‘ldiriladi» yoki chekka joylarga, chiqindixonalarga tashlab ketiladi. Gunoh ustiga gunoh, razolat ustiga razolat bo‘ladi.

Bu mavzuda to‘g‘ri yechim shuki, nafsimizni qo‘yib, haq yo‘lga ergashish lozim, zero Alloh taolo marhamat qiladi: «...Bas, sizlarga Mendan hidoyat kelganda, hidoyatimga ergashganlarga xavf yo‘qdir va ular tashvish ham chekmaydilar» (Baqara surasi, 38-oyat).

Yuqoridagilardan kelib chiqib, shariatda erkag-u ayol umuman gaplashishi mumkin emas, degan xulosa chiqmaydi. Dinimizda nomahram erkak va ayollar o‘rtasidagi munosabatlar: hujjatlarni rasmiylashtirish, savdo, ijara, qarz oldi-berdisi, ta'lim berish, davolanish va shu kabi ishlarda, zarurat miqdoricha gaplashishga ruxsat berilgan.

Bundan tashqari, dinimizda oila qurib yashash savobli amallardan biri hisoblanib, uni qanday tashkil qilish, uning boshlig‘i kim bo‘lishi, a'zolarining huquqlari, farzandlar tarbiyasi, a'zolari o‘rtasida chiqadigan kelishmovchiliklarni muolaja qilish kabi oilaviy hayotning barcha masalalariga javob berilgandir.

Alloh taolo nikoh asosida yashash insoniy fitratga muvofiq ekanini eslatib, shunday marhamat qilgan: «Sizlar eslatma olishlaringiz uchun Biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik» (Zoriyot surasi, 49-oyat).

Demak, Alloh taolo borliqdagi barcha narsalarni juft-juft qilib yaratgan.

Alloma Muhammad Mutavalliy Sha'roviy rahmatullohi alayh mazkur oyatning tafsirida bunday deganlar: «Oyatda qaramog‘ida bo‘ydoq yigit yoki bo‘yiga yetgan qizlari bor kishilarga: «Ularni nikohlab, sarf-xarajatlariga yordam beringlar, shunda o‘g‘il-qizlaringizning iffatlarini saqlab qolursizlar!», deb buyruq berilmoqda».

Hanafiy mazhabimizda kishi uylanib, hayotini iffat va pokizalik bilan o‘tkazishi uylanmasdan umrini nafl ibodatda o‘tkazishidan ko‘ra afzaldir deyilgan.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham oila qurishga targ‘ib qilib, ya'ni: «Nikoh mening sunnatimdir. Kim meni sunnatimga amal qilmasa, mendan emas. Turmush quringlar! Zero, men qiyomat kuni sizlarning ko‘pligingiz bilan faxrlanaman» (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Xulosa

Bir insonning tug‘ilib to voyaga yetgunga qadar bo‘lgan barcha bosqichlarda ota-onadan boshlab, butun jamiyatning ham zimmasida uning tarbiyasiga va hayotiga javobgarlik mas'uliyati bo‘ladi. Chunki hamma narsa bir-biriga bog‘liq.

Kimningdir hayotida noxush vaziyat sodir bo‘lmasligi uchun birimiz ota, ona yoki opa, uka, singil, do‘st sifatida mas'ulmiz.

Agar sodir bo‘lsa ham, ularning hayotga qaytishiga ham nimadir qilish yoki qilmaslik orqali yordam beraylik.

Zilola G‘aybullayeva

Ko‘proq yangiliklar: