«Tunda qurilishda ishlab, kunduzi hunar o‘rganardim» – Moskvada avtoslesarlikni o‘rgangan ayol hikoyasi

Jamiyat 12:30 / 25.01.2020 31684

Rossiya. Moskva viloyati tumanlaridan biridamiz. Bir necha qo‘ng‘iroqlashuv va telefonimizdagi xaritani ishga solgan holda bu yerga yetib keldik. Maqsadimiz – ayollarga xos bo‘lmagan hunarni o‘rgangan qashqadaryolik qiz bilan uchrashish, uning hayotidan lavha tayyorlash, maqsadiga yetishish uchun nimalar qilganini tinglash, o‘quvchilarga yetkazish.

– Rossiyaga qanday keldingiz, dastlab nima ish qildingiz bu yerda?

– O‘zbekistonda «stroyka»da ishlardim. Blok quyardim, g‘isht terardim. Bir qo‘shnimiz: «Iroda, sening hunaring bor, Rossiyaga bor», dedi. 2010 yilda Rossiyaga kelganman. Allohga shukr, yo‘limni topdim. Birinchi kelganimda til bilmasdim, yo‘l bilmasdim. O‘shanda, Balashixada monolit «stroyka»da ishladim. Armatura to‘qirdik, beton olardik. 3 yil o‘sha joyda ishladim.

– Ayollarga xos bo‘lmagan bir hunar egasi ekansiz. Avtoslesarlik bilan shug‘ullanarkansiz.

– Aslida, bu ishga jalb qilgan kishi boshlig‘im edi. Meni dadam o‘zi «svarchshik» (payvandchi). Dadamdan avtogen va «svarka» (payvandlash)ni o‘rganganman. Bu yerda (qurilishda) ham «svarka»da ishlardim.

Bir yakshanba kuni, boshlig‘im mashinasini ustaga berganini aytib, birga borib kelishni so‘radi. Borsak, biri «shkurka» qilyapti, biri «jyestyanka» qilyapti, boshqasi «gruntovka», yana biri bo‘yoq sepyapti.

Men o‘zim avtomobillarga qiziqqanim uchun boshlig‘imdan bir oyga qanchaga o‘rgatishlarini so‘rab berishini iltimos qildim. Oyiga yuz dollar deyishdi. Rozi bo‘ldim. 2014 yilda bu kasbni o‘rganganman.

Tunda qurilishda ishlardim, kunduzi avtoustaxonada hunar o‘rganardim. Bu hunarni uch oy ichida o‘rganib, chiqib ketganman.

– Tunda qurilishda, kunduzi ustaxonada. Charchab qolmadingizmi? Qanday ulgurdingiz?

– Betonni kechasi 3-4 soatda quyib bo‘lardik. Soat 4-5da uxlasam ham bemalol ertalab 9gacha dam olardim. U yerda esa, avtoservisning yopilishiga qarab, soat 6-7, ko‘pincha 8gacha qolardim. Shu soha bo‘yicha ishlayotganimga 6 yil bo‘lyapti. Hech qaysi ustozim, qo‘limdan ushlab, uni qil, buni qil, deb o‘rgatmagan. O‘zim qarab-qarab, mustaqil ishlab o‘rganganman.

Bu hunarni o‘rganishda sizning sezgi organingiz muhim rol o‘ynaydi. O‘zim detallarni olib, to‘g‘rilab, ustozga ko‘rsatardim. Ishingizga mehr bersangiz, qiziqishingiz qanchalik kuchli bo‘lsa, shuncha tez o‘rganasiz. Urilgan mashinani noldan boshlab, chiqarib yuboraman.

– Shu faoliyatni O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yishni o‘ylab ko‘rmaganmisiz?

– Avtomobilga bo‘yoq sepishni o‘rgatgan ustozim Toshkentda chaqiryapti. Payvandlashni o‘rgatgani shu yerda. Nasib bo‘lsa, barcha asbob-uskunalarni olib qo‘ydim, O‘zbekistonga qaytib borsam, ochish niyatim bor.

– Ayrimlar yengil-yelpi yo‘llar bilan pul topishni xohlaydi.

– Bundaylarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Erkaklar bilan ishlaganim uchun meni ham har xil o‘ylaganlar bo‘ldi. Ayrimlariga javob ham qildim. Har kim o‘zi biladi, shu narsani o‘ziga ep bilarkan, barchaga Alloh o‘zi insof bersin.

O‘zbekistonda bir film chiqibdi, unda o‘zimni ko‘rgandek bo‘ldim. Men o‘z ishimdan g‘ururlanaman. Necha kishi aytadi, ayol kishisan, qo‘llaringni qara, qorayib ketgan deb. Endi ishda shunday bo‘ladi-da. Bu ish mening g‘ururim.

Opalar, singillar, qiynalgan bo‘lsangizlar, Rossiyada yengil-yelpi pul topadigan bo‘lishsa, qaytib ketishgani yaxshi. O‘zbekistonda farzandlarining bag‘rida bo‘lishsin.

– Chetda yurgan ayollarimizga tajovuz holatlari, ish haqini bermaslik holatlari haqida eshityapman. Sizda ham maoshni ololmagan vaqtingiz bo‘lganmi?

– Bo‘lgan. 5-6 yildan buyon bir joyda ishlayman. Bir opaning maslahati bilan Moskvaga ketdim. Avtoservis egasi dog‘istonlik edi. Ishladim, bo‘yadim, «jyestyanka», «polirovka» qildim...

Bir mashina 6 marta bo‘yalgan ekan. Uni o‘z holiga keltirish kerak edi. Ko‘z oldimda 2 kishi «polirovka» qildi. O‘xshamadi. Men unga mashinaning bir detalini polirovka qilib berishni taklif qildim. Agar yoqsa, men aytgan pulni berasan, dedim. Rozi bo‘ldi. Old «krilo»ni «shkurka» va «polirovka» qildim. Mashinani tashqariga olib chiqdi, chunki «polirovka» yorug‘da bilinadi. Keyin chaqirdi, 15 ming (rubl) beraman, dedi. O‘sha vaqti narx shunaqa edi.

Vazifani bajardim. Egasini chaqirishdi. Kech bo‘lgani uchun men ketayotgandim. Kelib ko‘rgach, yoqibdi. Ertasiga borib, pulimni so‘rasam, pulni bergani yo‘q, deydi. Shu bilan ololmadim. Yana «jyestyanka» qilgan mashinaning pulini ham berishmadi. Bo‘yoq qilishgacha tayyorlagan edim. Uning ham puli qolib ketdi.

– Bugungi kuningizdan, hayotingizdan mamnunmisiz?

– Allohga shukr, roziman. Ertalab ko‘zimni ochganimda tan-u jonim sog‘, Allohga shukr qilaman.

Irodaning ish jarayoni bilan tanishar ekanmiz, bir kun avvalgi suhbatimiz yana davom etdi.

Shu o‘rinda, ta'kidlashni istardikki, ayrim erkakman deb yurgan yurtdoshlarimiz hayotda duch kelgan ba'zi sinovlar, qiyinchiliklar qarshisida mag‘lub bo‘lib, ichkilikka ruju qo‘yayotgani, oilasiga nisbatan zulm qilishgacha borayotgani ko‘z oldimizga keldi.

Gapning indallosi, ayol boshi bilan tushkunlikka tushmasdan maqsadga yetish uchun kurashgan, tun-u kun qiyinchilikka, uyqusizlikka bardosh berib, hunar o‘rgangan, shuning ortidan oilasini halol rizq bilan boqayotgan Irodalar o‘rnak olishga arziydi.

Zero, hunar – hunardan unar, deya bejiz aytilmagan. Rizqni esa, barcha narsaning yaratguvchisi – razzoq Alloh beradi. Siz-u bizdan harakat xolos. O‘zingizni o‘tga-cho‘g‘ga, harom-xarish yo‘llarga urishingiz kerak emas.

Tolib Rahmatov

Ko‘proq yangiliklar: