Shifokorlarga tajovuzni Prezident ham qoraladi. Endi vaziyat o‘zgaradimi?

Jamiyat 14:52 / 25.01.2020 22980

OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda shifokorlarga qilingan tajovuzlar haqidagi xabarlar, videolavhalar muntazam tarqalib turadi. Vaziyat shu darajaga yetganki, o‘z kasbini bajarayotgan tibbiyot xodimlari nafaqat og‘ir tan jarohatlari olmoqda, balki aziz jonlari ham xavf ostida qolmoqda.

Bu holatlar quyushqondan chiqib ketganining yana bir isboti – bevosita davlat rahbarining nazariga tushgani bo‘ldi.

24 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, shifokorlarga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonlik holatlariga alohida e'tibor qaratdi.

Bu muammoga e'tibor qaratilishini sog‘liqni saqlash tizimidagi muhim qadam, deb hisoblasa bo‘ladi. Sababi ma'lum – inson kimningdir xizmatidan norozi bo‘lishi, o‘zining ayni paytdagi holati, kayfiyatsizligi bilan vaziyatni xaspo‘shlashi mumkin. Ammo kimgadir tajovuz qilishga, ayniqsa vazifasini bajarayotgan va diqqat e'tibori bemorda bo‘lgan shifokorga nisbatan samosud uyushtirishga hech kimning haqqi yo‘q!

Yana bir qiziq jihati, huquqni muhofaza qilish xodimlariga nisbatan deyarli tajovuzlar bo‘lmaydi, bo‘lganda ham darhol va ayovsiz jazo mexanizmi ishga tushadi. Ammo zo‘ravonlar nazarida oq xalat kiygan tibbiyot xodimi oq bayroq ko‘targan va taslim bo‘lgan asirday ojiz, uni bemalol kamsitaverish mumkin.

Bu zo‘ravonliklarning aksariyat qismi – yurtimizdagi shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimi xodimlariga to‘g‘ri keladi. 2017 yildan shu kungacha bu yo‘nalishdagi shifokorlarga 314 marta zo‘ravonlik qilish, ularga tan jarohati yetkazish, hatto ularning sog‘lig‘ini qayta tiklab bo‘lmas darajaga keltirish kabi noqonuniy harakatlar sodir etilgan.

Endi bu holatlarga qarshi ko‘rilgan choralarga e'tibor bering: aybdorlarga nisbatan bor yo‘g‘i 22 holatda jinoiy, 29 holatda ma'muriy jazo choralari qo‘llanilgan. Qolgan holatlarda esa yarashtiruv uslubi qo‘llangan. Mutlaq aksariyat holatlarda esa shifokorlarga taxdid qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy jazo ko‘rish masalasi umuman hal etilmagan.

Eng achinarlisi, amaldagi qonunchilikda xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularga bu jaryonda tan jarohati yetkazish uchun javobgarlik choralari nisbatan yengil darajada belgilangan. Oqibatda aybdor shaxslar ayrim hollarda qilmishiga yarasha jazolanmasdan qolib ketmoqda. Bu esa bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan shifokorlarga tahdid va zo‘ravonlik holatlarini yildan yilga ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

Bu o‘rinda yuqorida shoshilinch va tez tibbiy yordam xodimlariga nisbatan so‘nggi uch yil ichida 314 holatda sodir etilgan qonun buzilishlarni yillarga tasniflaydigan bo‘lsak, bunday holatlar 2017 yilda – 38 marta, 2018 yilda – 75 marta, 2019 yil va joriy yilning yanvar oyida esa – 204 marta qayd etilgan...

Zo‘ravonlar po‘pisa qilish bilan, turtish, urish bilan cheklanmaydilar. Shifokorlar yoqib yuborildi, ko‘zlaridan ayrildilar, pichoqlandilar. Endi bir o‘ylab ko‘raylik, shunday munosabat ko‘rgan mutaxassisning kasbiga nisbatan munosabati o‘z holicha qolishi mumkinmi, farzandiga shu taqdirni ravo ko‘ra oladimi? Malakali shifokorlarning xususiy tibbiyotga o‘tib ketishayotgani yoki xorijga ravona bo‘layotganlari bugungi kunning gapi emas-ku.

Abror Zohidov.

 

Qo‘shimcha qilish o‘rinliki, prezident parlamentga murojaatida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga ham to‘xtalib, jumladan shunday dedi:

«Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha islohotlarimizni ham qat'iyat bilan davom ettiramiz. Shifokorlarning jamiyatdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish, xalqimiz o‘rtasida ularga nisbatan hurmatni oshirish, ushbu kasb egalari uchun munosib mehnat sharoiti yaratish va daromadini ko‘paytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishimiz darkor.

Davlat tibbiyot tashkilotlari va aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashga o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘p yoki qariyb 1,5 trillion so‘m ajratiladi. 281 ta tibbiyot muassasasini qurish va ta'mirlashga budjetdan 1,1 trillion so‘m sarflanadi. Shuningdek, 17 ta ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot muassasasini boshqarishda zamonaviy menejment mexanizmlarini joriy etish zarur.

Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirish, sog‘lom raqobatni kuchaytirish, birinchi navbatda, ixtisoslashgan tibbiyot markazlariga xorijiy investorlarni jalb etish choralarini ko‘rish darkor.

Gematologik va virusologik yordam sifatini oshirish, bu turdagi davolash qiyin bo‘lgan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan isloh etishning vaqti keldi. Qon va virusli kasalliklarni barvaqt aniqlash, davolash uchun malakali gematolog, virusolog va immunolog tayyorlash, dori-darmon va tibbiyot texnikasi uchun mablag‘larni ko‘paytirishimiz kerak.

Ixtisoslashgan markazlar va ularning filiallarida, shuningdek, Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida shu yil elektron tibbiy kartalarni joriy etish darkor.

Sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirishni tubdan isloh qilish maqsadida bu yil majburiy tibbiy sug‘urtaga oid qonunlarni qabul qilish va ularni amalga oshirish bo‘yicha barcha tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish lozim.

Ushbu tizimni joriy yilda Sirdaryo viloyatida tajriba sifatida qo‘llash boshlanadi.

Dori vositalari harakatini nazorat qilish, kontrafakt mahsulotlar aylanishiga chek qo‘yish va dorilarning real narxini onlayn tartibida kuzatib borish tizimini yaratish ham dolzarb vazifadir».

Ko‘proq yangiliklar: