Navoiyda bir oilaning bor-budi yonib ketdi: xonadon egalari o‘t o‘chiruvchilar kechikkanidan norozi

Jamiyat 21:16 / 25.01.2020 24957

20 yanvar kuni Navoiy shahri «Guliston» mahallasida yashovchi Ravshan Narziyevning uyida kechasi yuzaga kelgan yong‘in xonadonning bor-budini ko‘kka sovurgan.

Xonadon egalari bilan suhbatimizdan avval mahalla ahlidan bir necha kishi bizga murojaat qildi. Ularning aytishicha, mahalla ahli tabiiy gaz bosimining har kuni tez-tez keskin ko‘tarilib-tushishidan xavotirda qolgan. Gaz bosimining bir me'yorda emasligi yong‘in xavfini keltirib chiqarmoqda. Shu sababdan ham so‘nggi vaqtlar ichida aynan «Guliston» mahallasining o‘zida uchinchi marta yong‘in sodir bo‘lmoqda.

Uy sohiblari bilan telefon orqali muloqotimizda ular hech narsani uydan olib chiqishning imkoni bo‘lmagani, mol-mulk, hujjatlar, pul va hatto kiyish uchun zaruriy qalin kiyimlar ham yonib ketganini aytishmoqda. Shuningdek, xonadon ahli o‘t o‘chirish xizmatining vaqtida yetib kelmaganidan afsusda.

Xonadon sohibining o‘g‘li Bekzod Bozorovning aytishicha, yong‘in – kechasi gaz bosimining kuchayib ketishi ortidan kelib chiqqan. B.Bozorov Navoiy shahar YoXBga qo‘ng‘iroq qilib xabar bergach, o‘t o‘chirish mashinasi salkam 50 daqiqada yetib kelgan. Ammo yong‘inni o‘chirib ulgurmasidan, mashinadagi suv tugab qolgan, suv zaxirasi kam bo‘lgan.

Navoiy shahar hokimligi xonadonga yordam berilishini ma'lum qilgan. Hokim o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi xonadon egalari bilan uchrashgan. Ammo xonadon sohiblari ularga yordam ko‘rsatish shu hududdagi umumta'lim maktabiga yuklanganidan rozi emas. Maktab, tabiiyki, biror yordam ko‘rsata olgan emas.

Biz holatga aniqlik kiritish uchun Navoiy shahar hokimligiga bog‘landik. Shahar hokimligi mas'ullari tez orada bu borada rasmiy ma'lumot berilishini ma'lum qilishdi. Mazkur yong‘in borasida DYoXX Navoiy shahar bo‘limidan biror ma'lumot olishga bo‘lgan urinishlarimiz besamar ketdi.

Eslatib o‘tamiz, 16 yanvar kuni Navoiy shahridagi Yangi bozor mavzesi hududidagi 4 qavatli savdo markazida yong‘in sodir bo‘lgan edi. O‘shanda ham DYoXX Navoiy shahar bo‘limi mazkur yong‘in yuzasidan Kun.uz muxbirlariga biror ma'lumot bermagan edi.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: