O‘zbekiston | 09:50 / 25.01.2020
19626
2 daqiqa o‘qiladi

Maykl Pompeo fevral oyi boshida Toshkentga keladi

AQSh Davlat departamenti rahbari Maykl Pompeo 2−3 fevral kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi. U Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashadi, shuningdek Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi uchrashuvda qatnashadi.

Foto: REUTERS

AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo yanvar oyi oxirida Yevropa va Markaziy Osiyoga turne uyushtiradi. AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u 29 yanvar kuni tashrifini Buyuk Britaniya poytaxti Londondan boshlaydi, 31 yanvar kuni Ukrainaga keladi, 1 fevral kuni Belarusda bo‘ladi. Shundan so‘ng u avval Qozog‘istonga, keyin O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

Toshkentda Maykl Pompeo prezident Shavkat Mirziyoyev va tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashadi.

Shuningdek, u O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi «Markaziy Osiyo — AQSh» formatidagi vazirlar uchrashuvida («C5 + 1») qatnashadi. 

«Maykl Pompeo AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasiga muvofiq mintaqa davlatlarini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlaydi», deyiladi Davlat departamenti xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Pompeo Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘ylab turnesi doirasida 5-6 yanvar kunlarida Toshkentga tashrif buyurishni rejalashtirgandi, ammo Yaqin Sharqda Eron bilan yuz bergan mojarolar tufayli bu tashrif noma'lum muddatga qoldirilgandi. 

Mavzuga oid