«Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» aksionerlik jamiyati elektr energetika tarmog‘i rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bugungi kunda viloyatda elektr energiyasi iste'molchilari soni jami 644 ming 875ta bo‘lib, shundan aholi xonadonlari 606 ming 425 tani, ulgurji iste'molchilar esa 38 450 tani tashkil etadi.
Ushbu iste'molchilar 171 dona 35–110 kV nimstansiyalar, 27 047,87 km uzunlikdagi 0,4–110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 8884 dona transformator punktlari orqali elektr energiyasi bilan ta'minlab kelinmoqda.
Jamiyat tomonidan 2019 yil davomida viloyatdagi barcha elektr energiyasi istemolchilariga jami 4 995,3 mln kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 noyabrdagi «2017-2021 yillarga mo‘ljallangan past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida»gi PQ-2661-son qaroriga asosan jami 812,6 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 263 dona transformator punktlarida yangi qurish va rekonstruksiya ishlari bajarildi.
Jumladan:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risidagi PF-5386-son farmoni hamda 2019 yil 20 fevraldagi «Obod qishloq» dasturini 2019 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4201-sonli qaroriga asosan 557,1 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 74 dona transformator punktlarida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. Shuningdek, 457,1 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlar va 296 dona transformator punktlari mukammal ta'mirlandi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi «Obod mahalla» dasturining asosiy parametrlarini tasdiqlash va ularning ijrosini ta'minlash masalalari to‘g‘risida»gi PQ-3812-son Qaroriga asosan 2 dona transformator punktlarida va 9,9 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlarida yangi qurish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. 23,0 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 20 dona transformator punktlari mukammal ta'mirlandi.
- Qashqadaryo viloyatida qurilayotgan namunaviy uy-joylar, xizmat uylari hamda yosh oilalar uchun uylar va shaharlardagi arzonlashtirilgan ko‘p qavatli uy-joylar elektr ta'minoti uchun jami 22,3 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 38 dona transformator punkti yangidan qurildi.
Iqtisodiyot tarmoqlari, uy-joy fondi va ijtimoiy soha muassasalarini 2019-2020 yillarda kuz-qish mavsumida barqaror ishlashiga tayyorlash yuzasidan 1969,2 km uzunlikdagi 0,4–110 kV elektr uzatish tarmoqlari va 655 dona transformator punktlarida mukammal hamda 23468,7 km uzunlikdagi 0,4–110 kV elektr uzatish tarmoqlari, 6825 dona transformator punktlarida joriy ta'mirlash ishlari bajarildi.
Bundan tashqari, Nishon tumani Talimarjon shahrida «Obod shahar» dasturi doirasida elektr ta'minotini yaxshilash maqsadida quvvati 160 kVA bo‘lgan 1 dona transformator punkti o‘rnatildi va 8,7 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari rekonstruksiya qilindi va yangidan qurildi. Shuningdek, 35/6 kVli «Talimarjon» nimstansiyasi, 34 dona transformator punkti va 48,2 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlarida mukammal hamda joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirildi.
Yakkabog‘ tumani «Eski Yakkabog‘» MFYdagi iste'molchilarni elektr energiyasi bilan ta'minlab turgan 7,7 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlarida rekonstruksiya qilish ishlari va 6,2 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari hamda 10 dona transformator punktlarida mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirildi.
Qashqadaryo viloyatining barcha hududlarida avariyani tiklash brigadalari hamda maxsus texnikalar tashkil qilinib, shay xolatga keltirilgan. Ushbu ishlarni amalga oshirish natijasida viloyatdagi 280 mingdan ortiq aholi xonadonlari, 7 mingdan ortiq ijtimoiy soha, kichik biznes iste'molchilarini elektr energiyasi ta'minoti yaxshilandi va kuz-qish mavsumida barqaror ishlashi ta'minlandi.
Iste'molchilarga sifatli va uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish, ularning sohadan qoniqish hissini oshirishni maqsad qilgan holda 2020 yil uchun ham yanada yuksakroq rejalar belgilab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi «Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3981-sonli qaroriga asosan hozirgi kungacha viloyatimizdagi 100 mingga yaqin iste'molchilarga EEHO va NQATga mos (ASKUE talabiga javob beradigan) elektr hisoblagichlarni «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Qashqadaryo HET» AJning o‘z mablag‘lari hisobidan o‘rnatish ishlari amalga oshirilib, 2020 yil yakunigacha barcha iste'molchilarga to‘liq o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2661-son Qaroriga asosan 1097,0 km uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 508 dona transformator punktlarida yangi qurish va rekonstruksiya ishlarini bajarish rejalashtirilgan.
Elektr uskunalarni 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun 2105 km uzunlikdagi 0,4–110 kV elektr uzatish tarmoqlari va 700 dona transformator punktlari mukammal ta'mirlash ishlarini bajarish rejalashtirilgan.
«Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati