O‘zbekistonda bugun tadbirkorlarga katta e'tibor qaratilmoqda. Ularning haq-huquqlarini himoya qilish haqida ko‘plab farmon va qarorlar e'lon qilindi. Ammo bugun joylarda ba'zi mutasaddilar prezident va hukumat tomonidan tadbirkorlarga taqdim etilayotgan shart-sharoit va e'tiborga qaramasdan ularning haq-huquqlarini toptashda hamda mulklariga zarar yetkazishda davom etishmoqda.
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida faoliyat yuritayotgan «Ali-Muhammad-Bek Invest» MChJ rahbari Bibixalima Nazarova nohaqlikka duch kelmoqda.
U tomonidan Kun.uz saytiga qilingan murojaatda «Qamashitumangaz» idorasi va boshqa bir guruh tadbirkorlar tumanning «Qiziltepa» MFY hududida joylashgan «Ali-Muhammad-Bek Invest» MChJga qarashli 3 gektar yer maydonining o‘rtasidan tadbirkorning ruxsatisiz, noqonuniy tarzda o‘nga yaqin gaz quvurlarini o‘tkazishgani haqida yozilgan.
Sayt muxbirlari ushbu muammoni o‘rganish uchun Qamashi tumanida bo‘ldi.
Tadbirkor B.Nazarovaga tegishli 3 gektar maydon 100x300 metr o‘lchamda bo‘lib, uning bir qismida molxona va tovuqxona sifatida foydalanish uchun bino qurilgan va u yerda tadbirkor parrandachilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.
2019 yil bahor oylarida tadbirkor egalik qilayotgan jamiyatga tegishli yer bilan tutash bo‘lgan hududda «Qamashitumangaz» filiali tomonidan gaz taqsimlash stansiyasi quriladi.
Shundan so‘ng, «Qamashitumangaz» filiali gaz taqsimlash stansiyasidan aholiga gaz berish uchun tadbirkorning yeridan noqonuniy tarzda gaz quvuri o‘tkazadi.
Qurilish ishlari olib borilayotgan vaqtda, biroz o‘tib undan quvur tortilayotganda ishchilar tadbirkorning yeriga ekilgan bug‘doy va arpani ham payhon qilib tashlashadi.
Tadbirkor mazkur holat yuzasidan Qamashi tuman xalq qabulxonasiga og‘zaki murojaat qiladi. Murojaatga javoban Xalq qabulxonasiga «Qamashitumangaz» filiali rahbari E.Hayitov chaqiriladi.
U aholiga tortilgan gaz quvuri vaqtinchalik turgani va uni tez orada ko‘chirishlarini aytib, muammoni hal qilishga va'da beradi. Lekin u yoz davomida va'dasini bajarmaydi.
«Bu orada men o‘z ishlarim bilan band bo‘lib yurganimda noyabr oyida turli korxonalar tomonidan gaz tarqatish stansiyasiga yana bir nechta quvur tortilibdi», deydi tadbirkor.
Quvurlar soni ko‘payganidan so‘ng, 2019 yil 20 noyabr kuni tadbirkor yordam so‘rab Qamashi tuman prokuraturasiga shikoyat arizasi bilan murojaat qiladi.
Qamashi tuman prokuraturasi holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazganda «Qamashitumangaz» filiali rahbari E.Hayitov, tadbirkorga uning yeridan o‘tkazilgan gaz quvurlardan faqat bittasi «Qamashitumangaz» filialiga tegishli ekani, qolgan quvurlar turli tadbirkorlarga tegishli ekanini ma'lum qiladi.
So‘ng, qish mavsumida gaz quvuri ko‘chirilsa aholi xonadonlari gazsiz qiynalib qolishi mumkinligini aytib, tadbirkordan bahorgacha muhlat berishini so‘raydi.
Tadbirkor rozi bo‘ladi va bu haqda rozilik xati yozib beradi.
Tadbirkor bir necha bor Qamashi tumani hokimi qabuliga kirib, unga o‘zi duch kelayotgan muammo yuzasidan og‘zaki tarzda murojaat qiladi va yeridan tortilgan noqonuniy gaz quvurlarini oldirishda yordam so‘raydi. Qamashi tuman hokimi tadbirkorga boshqa joydan yer berishini aytadi. Tadbirkor rozi bo‘lmaydi.
Shundan so‘ng tadbirkor Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish Qamashi tuman qabulxonasiga yozma murojaat qiladi. Tadbirkorning aytishicha, bu qabulxona hanuz uning murojaatiga javob bermagan.
2019 yil 9–10 dekabr kunlarida Qashqadaryo viloyatida turli vazirliklar, idoralar va qo‘mitalarning rahbar xodimlari ishtirokida sayyor qabul bo‘lib o‘tadi.
O‘shanda tadbirkor o‘z muammosi yuzasidan Bosh prokuror o‘rinbosari E.Yo‘ldoshev, Prezidentning davlat maslahatchisi A.Usmonov va respublika «Hududgazta'minot» AJ rahbari o‘rinbosari T.Turdiyev qabuliga kiradi.
Prezident maslahatchisi A.Usmonov Qamashi tumani hokimiga, Bosh prokuror o‘rinbosari E.Yo‘ldoshev Qashqadaryo viloyat va Qamashi tuman prokurorlariga tadbirkorning muammosini zudlik bilan hal qilib, noqonuniy tortilgan gaz quvurlarini uning yeridan oldirish choralarini ko‘rish haqida topshiriq beradi.
«Hududgazta'minot» AJ rahbar o‘rinbosari T.Turdiyev esa tadbirkorga sudga murojaat qilishni maslahat beradi.
Tadbirkor unga muammo bo‘yicha sudga murojaat qilmasligini, gaz quvurlarini noqonuniy tortganlar uni ko‘chirishi lozimligini aytadi.
Tadbirkorning ma'lum qilishicha, bugungi kunda uning muammosi bilan bog‘liq ish Qashqadaryo viloyati prokuraturasi xodimi S.Azimov nazoratida turibdi. Uning aytishicha, sayyor qabul bo‘lib o‘tganidan keyin ham uning yeridan yangidan yangi gaz quvurlarini tortish ishlari davom etgan.
S.Azimov ushbu muammoni o‘rganish davomida «Hududgaz Qashqadaryo» MChJ va gaz nazorati inspeksiyasi xodimlarni ishga jalb etgan va ikki marta Qamashiga kelib, tadbirkor va uning yeridan gaz quvuri tortgan korxona va tashkilotlarning rahbarlarini, tuman hokimiyati vakillarini to‘plab, muammoning yechimi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan.
Ana shu yig‘ilishlarning ikkisida ham tadbirkor tuman hokimligi tomonidan o‘ziga boshqa joydan yer berish va kompensatsiya to‘lanishi haqidagi taklifni rad etgan va yeridan noqonuniy tarzda o‘tkazilgan gaz quvurlarini oldirishni talab qilgan.
B.Nazarovadan nega boshqa joydan yer berish haqidagi taklifga rozi bo‘lmaganini sababini so‘radik.
«Hozirgi yerimda tovuqxona va qo‘yxona bor. Binoni buzib olib ketib, boshqa joyda qayta qurishning o‘zi bo‘lmaydi. Bino boshqa joyda, yer boshqa joyda bo‘lib qolsa, buning ham o‘ziga yarasha noqulayliklari bor. Buning ustiga buziladigan binolar uchun arzimagan miqdorda pul berishmoqchi. Qolaversa, nega mening yerimdan roziligimsiz noqonuniy tarzda gaz quvuri o‘tkazishadi?», deya javob berdi u.
«Ali-Muhammad-Bek Invest» MChJ yeridan ruxsatsiz quvur o‘tkazgan tadbirkorlar, bugun o‘sha gaz quvurlarni ko‘chirish katta xarajat talab qilishini bildirishmoqda.
Muammoni o‘rganish uchun borganimizda tadbirkorga tegishli yerdan o‘tgan gaz quvurlarining jami soni sakkiztaga yetganiga guvoh bo‘ldik.
«Muammo bo‘yicha qayerga murojaat qilsam ham mutasaddilar muammoni hal qilishni emas, balki mening shaxsim, ish faoliyatim bilan qiziqishyapti», deydi tadbirkor.
Biz tadbirkor qurgan binoni ko‘zdan kechirganimizda u yerda parranda ham, chorva mollari ham yo‘q edi.
Tadbirkordan buni parrandachilik va chorvachilik bilan yilning asosan ob-havo issiq paytida shug‘ullanishi, qish mavsumida shug‘ullanishning imkoni yo‘qligi bilan izohladi.
«Kelajakda bu yerda qo‘shimcha binolar qurish va binolarga issiqlik tizimini o‘rnatish ishlari rejamda bor. Egalik qilayotgan yerimdan o‘nga yaqin gaz quvurlarini tortishgani bu ishlarni boshlashimga to‘siq bo‘lyapti», deydi u.
Voqea joyini ko‘zdan kechirganimizda, o‘z vaqtida gaz tarqatish stansiyasidan tortilgan gaz quvurlarni tadbirkorning yerini chetlab o‘tib yoki ruxsat olib uning yerining bir chetidan tortib ketish imkoniyati ham bo‘lganini ko‘rdik. Negadir loyihachilar bunday qilishmagan. Chetdan qaraganda bu ishlar jo‘rttaga tadbirkorning yerini tortib olish uchun qilinganday taassurot qoldiradi.
Aks holda, tadbirkor yeridan noqonuniy tarzda gaz quvurlarini o‘tkazishayotgani haqida shikoyat qilganidan keyin ham o‘sha yerdan yana bir nechta gaz quvuri tortilganini nima deb izohlash mumkin?
Ushbu muammo yuzasidan izoh olish uchun Qamashi tuman hokimligiga bordik. U yerda bizga «Qamashitumangaz» filiali rahbarini ro‘baru qilishdi.
Tadbirkor aytganiday, gaz idorasi rahbari o‘z gapini muammo haqida emas, balki tadbirkorning ish faoliyatidan kamchilik topish bilan boshladi.
Undan gaz quvurlari tadbirkorning yeridan emas, nega sal nariroqdan o‘tkazilmagani sababini so‘raganimizda u janubroqdagi yer dehqon xo‘jaliklariga berilgan yer ekanini aytdi.
Qamashi tuman Yer zaxiralari va davlat kadastr bo‘limi boshlig‘i Abdurasul Bozorov bergan ma'lumotga ko‘ra, tadbirkorning yeriga tutash o‘sha hududlar, aholiga 2019 yil boshida dehqon xo‘jaligi sifatida foydalanish uchun berilgan. Lekin bugungi kunda ushbu hudud qarovsiz holda tashlab qo‘yilgan.
Endi qarang: tadbirkorning bino tiklangan yeridan ruxsatsiz, noqonuniy gaz quvur yotqizsa bo‘laverar ekan-u, biroz narida aholiga dehqon xo‘jaligi sifatida foydalanishga 2019 yil yanvar-fevral oylarida berilgan bo‘lsa-da, yilning oxirigacha qarovsiz yotgan yerdan tortib bo‘lmas ekan.
Undan ham qizig‘i — «Qamashitumangaz» filiali rahbari xuddi xarajatni o‘z cho‘ntagidan to‘laydiganday «quvurlarni ko‘chirish katta mablag‘ni talab qiladi», degan gapni ushlab olgan.
Shu o‘rinda bir mulohaza: Hammamizga ma'lum, bugun mamlakatimizda tadbirkorlarning haq-huquqlarini himoya qilish eng ustuvor masalaga aylangan.
Shuning uchun ham 2019 yil 14 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini tashkil etish belgilandi.
Ana shunday holatda joylardagi ayrim mutasaddi shaxslar tomonidan tadbirkorlar ishiga xalaqit berish, ularning mulkiga zarar yetkazish ishlari davom etayotgani juda achinarli holatdir.
Kun.uz tadbirkor B.Nazarova duch kelayotgan muammo ijobiy hal qilinishi masalasida tegishli idora va tashkilotlardan izoh so‘rab qoladi.
G‘ayrat YO‘LDOSh,
Kun.uz muxbiri.