AQShning Missisipi shtati gubernatori inauguratsiyasida O‘zbekiston elchisi ishtirok etdi

Jahon 23:56 / 22.01.2020 5398

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov boshchiligidagi delegatsiya Missisipi shtatining yangi gubernatori Teyt Rivzning inauguratsiyasi marosimida ishtirok etdi. Marosim shtat poytaxti hisoblanmish Jyekson shahrida bo‘lib o‘tgan. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi. 

Shtatning 65-gubernatori bo‘lgan Rivz 2019 yil 5 noyabrdagi gubernator saylovlarida g‘alaba qozongan. U 2004 yildan beri shtat ma'muriyatida ishlab kelgan, 2012-2020 yillar davomida gubernator o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan.

O‘zbekiston delegatsiyasining Jyeksonga tashrifi davomida gubernator ofisi vakillari, shtatning sobiq gubernatori Fil Brayant, shtatning iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi vazirlari Glen Makkolux va Endi Gibson bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Missisipi gubernatori ofisi O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsion sohalarda hamkorlik aloqalarini kengaytirishni davom ettirishga tayyorligini ta'kidlab o‘tgan. Shuningdek, Teyt Rivzning joriy yil oktyabrida O‘zbekistonga tashrif buyurishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.    

Uchrashuvda Missisipining sobiq gubernatori Fil Brayant 2019 yil mayida O‘zbekistonga uyushtirgan tashrifini iliq xotiralar bilan eslab o‘tgan.

“Men uchun O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin unga tashrif buyurgan birinchi amerikalik gubernator bo‘lish sharaflidir. Yangi O‘zbekiston – bu jadal rivojlanayotgan islohotchi davlat bo‘lib, u butun mintaqaning kun tartibini belgilamoqda va dunyodagi boshqa davlatlarga munosib o‘rnak bo‘lib xizmat qilmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan Brayant.

Ko‘proq yangiliklar: