Qalin puli, to‘ydan keyingi hayot, hovli tozalashda xitoycha texnologiya va yechimini kutayotgan masala – «Xitoylik kelin – 2»

Jamiyat 13:17 / 19.01.2020 69628

Bir necha oy muqaddam Kun.uz sayti orqali Sirdaryoga Xitoydan kelin tushirgan oila haqidagi «Unga Kumush deb ism qo‘yganmiz. Xitoydan kelin olgan o‘zbek xonadoniga tashrif» sarlavhali maqola va lavha e'lon qilingan edi. Maqola muhokamalarga sabab bo‘ldi, ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirganlar orasida to‘ydan keyin qaynona va kelin munosabatlariga qiziqish bildirganlar ham yetarlicha topildi.

Oradan bir qancha vaqt o‘tgandan so‘ng yosh kelin-kuyov yana tashabbus bilan chiqib, lavhaning davomini qilish taklifini bildirishdi. Taklifga binoan ijodiy guruhimiz Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi «Ulug‘obod» mahallasida yashayotgan oilada mehmon bo‘ldik.

«O‘tgan 4 oy davomida ota-onamdan shikoyat tushgani yo‘q»

To‘ydan keyin Misrga o‘qishga ketdim. O‘tgan 4 oy davomida ota-onamdan shikoyat tushgani yo‘q. Hammasi joyida. Kelin ota-onamning xizmatlarini qilib yuribdi. Boshlanishida qiyin bo‘ldi. O‘qituvchi yolladik. Kundalik hayotda ishlatiladigan eng muhim gaplarni o‘rgatdi. Idish-tovoq yuvish, pol artish, hovli supurish va hokazolar.

«Har zamonda svet, gaz suv o‘chib turadi. Qolgani yaxshi»

O‘zbekistonda yashash yaxshi. Tabiati, iqlimi. O‘zimizga to‘q yashaymiz. Faqat har zamonda elektr, suv va gaz o‘chib turadi. Lekin o‘rganib qoldik. Qolgan sharoitlar yaxshi.

«Qaynonamni tushunmasam «gugl» orqali tarjima qilaman»

Qaynonam bilan tushunmovchilik bo‘lmagan. Agar gaplarini tushunmay qolsam, telefonimni olib «Google translate» orqali gaplarini tarjima qilaman.  Men gapirishga qiynalaman. Shunda qaynonam mening nima demoqchiligimni, nima qilmoqchiligimni kutib turadi.

«Men uchun eng qiyin ish bu - ovqat qilish»

Men uchun eng qiyin ish ovqat qilish. Sababi ovqatni buzib qo‘yishdan qo‘rqaman. Chunki xitoycha ovqatlarning ta'mi bilan bu yerdagi ovqatlarning ta'mi boshqa-boshqa. O‘zbek taomlaridan sho‘rva, manti va chuchvara qilishni bilaman.

«Hovlimizni karcher orqali supuradi»

Hovlimiz kattaligi sabab uni supurishga qiynalib qoldi. Shundan keyin «Xitoydan karcher olib kelaman. Ko‘p vaqtimni olyapti. Boshqa ishga ulgurmayapman. Kelajakda ishlash niyatim bor» deb, Xitoyga karcher buyurtma berib olib keltirdi. Hozir haftasiga ikki marta karcher bilan hovlini tozalab chiqadi.

«Xitoyda o‘rtacha qalin puli 15 mingdan 30 ming dollargacha boradi»

Xitoyda yigit kishi uylanishi uchun uning ko‘p puli, uyi va mashinasi bo‘lishi kerak. Hududga qarab qalin puli ham bir-biridan farq qiladi.  Ayolim boy shahardan, u yerda qalin puli o‘rtacha 30 ming dollar. Turmush o‘rtog‘imning otasi esa mendan bu pulni so‘ramadi. Faqat men oila qurganimdan so‘ng uning barcha xarajatlarini o‘z zimmamga olishim kifoya bo‘ldi.

«Kimgadir baxt kerak, kimgadir pul»

Bugungi kunda qiz topib beradigan agentliklar bor. Xitoyliklar o‘zlaridan qiz topa olmaganliklari sababli Malayziya, Tailand, Filippin va Markaziy Osiyoga ham kirib kelishyapti. Qo‘pol qilib aytganda, xotinni pulga sotib olishyapti. Kimda-kim xitoyliklarga qiz topib bersa, 3 ming dollardan 5 ming dollargacha suyunchi puli beriladi. Qiz rozi bo‘lib, Xitoyda yashashni boshlasa, suyunchi pulini olishadi. O‘zimizning guruhlarimiz bor. Unda asosan talabalar yig‘ilgan. Xitoyliklar shu guruhlarga kirib, bizga qiz topib berishni va yaxshigina pul ishlashni taklif qilishadi. Biz esa bunday holatlarni yoqlamaymiz. Qarshimiz.

«O‘zim o‘qigan litseyda xitoy tili fakultetini ochmoqchimiz. Lekin…»

Men ayolimga musulmon oilalarda erkak kishi tashqarida, ayol kishi uyda deb tushuntirganman. «Yo‘q! Uyda o‘tirishni yoqtirmayman. Ishlayman» deb turib oldi. Nima ish qilmoqchiligini so‘raganimda o‘qituvchilik qilmoqchiligini aytdi. Shundan so‘ng juda ko‘p tashkilot, vazirliklarga murojaat qildik. Lekin hozircha biror natijaga erisha olmadik. Darsliklarimiz, kitoblarimiz bor. O‘zimizda mablag‘ ham bor. O‘qituvchilik ulug‘ kasb. Agar fakultet ocha olsak, men ham qaytib kelib, dars beraman. Fakultet ochishimizga yordam berishsa yaxshi bo‘lar edi.

Ko‘proq yangiliklar: