Yunusobod fojiasi bo‘yicha tuzilgan maxsus komissiya qarori qachon e'lon qilinadi?

O‘zbekiston 12:00 / 17.01.2020 40809

Bugun, 17 yanvar. 6 nafar hamyurtimizning bevaqt o‘limiga sabab bo‘lgan Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yuz bergan baxsiz hodisaga bir oy to‘ldi.

2019 yilning 18 dekabrida, fojia ro‘y berganidan bir necha soat o‘tib Vazirlar Mahkamasining 1058-sonli farmoyishiga muvofiq hodisa sabablarini o‘rganish, oqibatlarini bartaraf etish hamda kelgusida shu kabi holatlarni oldini olish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzilgandi.

Keyinroq, hodisa oqibatida halok bo‘lgan 6 nafar ishchilarning har biri uchun 100 mln. so‘mdan kompensatsiya tayinlanib, pullar marhumlarning yaqinlariga to‘lab berilgani haqida xabar qilindi.

Ma'lumki, xodimlarning mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda vafot etishiga sabab bo‘lgan baxsiz hodisalar maxsus tekshirishdan o‘tkaziladi. Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hududida va uning tashqarisida mehnat vazifalarini bajarayotganda yuz bergan jarohatlanish, zaharlanish, portlash, falokatlar, imoratlar, inshootlar va konstruksiyalar buzilishi, kuyish, muzlash, elektr toki va yashin urishi, shuningdek tabiiy ofatlar (shu jumladan, o‘pirilishlar) tufayli salomatlikning boshqa xil shikastlanishlari bilan bog‘liq baxsiz hodisalar tekshiriladi va hisobga olinadi.

Ushbu nizom talabiga ko‘ra, 5 va undan ziyod kishining o‘limiga sabab bo‘lgan baxsiz hodisalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tuzilgan komissiya tomonidan tekshiriladi.

Maxsus tekshirish komissiyasi 15 kun mobaynida baxsiz hodisani tekshirib chiqadi, korxonadagi mehnatni muhofaza qilish ahvolini, agar zarur bo‘lsa, tarmoqning boshqa korxonalarida ham tekshirishni tashkil etadi, maxsus tekshirish dalolatnomasini tuzadi.

Mazkur dalolatnomaga asosan marhumlarning o‘limi ularning mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda yuz bergani tasdiqlansa, qonunlarda belgilangan tartibda va miqdorlarda boshqa to‘lovlar ham amalga oshirilishi lozim bo‘ladi.

Jumladan, Mehnat kodeksining 192- va 193-moddalari xodimning vafoti munosabati bilan uning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga zarar to‘lovlari to‘lanishi lozimligini ko‘zda tutadi.

Kun.uz tahririyati Hukumat komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan qiziqdi. «O‘zbekiston Temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati ushbu masalaga Transport vazirligi munosabat bildirishi mumkinligini ma'lum qildi. Transport vazirligining matbuot kotibi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, maxsus komissiya hozirda o‘z ishini yakunlagan, natijasi bo‘yicha tayyorlangan hujjat loyihasi esa Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Tayyorlangan hujjat loyihasida aynan nimalar bayon etilgani haqida ma'lumot berilmagan.

Hodisa yuz berganiga bir oy to‘lgan bo‘lishiga qaramasdan, marhumlarning mehnat qonunchiligida belgilangan huquqlari bilan bog‘liq masala yuzasidan qanday qaror qabul qilingani haqidagi savol ochiq qolmoqda.

Kun.uz bu masaladagi o‘rganishlarini davom ettiradi.

Dilshod Abduqodirov

Ko‘proq yangiliklar: