Vazirlar Mahkamasining “Davlat qarzini samarali boshqarish va jalb qilinayotgan qarzlardan maqsadli foydalanishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qayd etilishicha:
Moliya vazirligi tomonidan Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi texnik ko‘magida Davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasi ishlab chiqilgan;
davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasini mamlakatdagi makroiqtisodiy o‘zgarishlar va tashqi omillarni hisobga olgan holda har yili Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi lozim;
Xalqaro valuta jamg‘armasining me'yori asosidagi Moliya vazirligining hisob-kitoblariga muvofiq O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash uchun davlat qarzining maksimal darajasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizdan oshmasligi lozim;
O‘zbekistonning 2020 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunida 2020 yil davomida O‘zbekiston nomidan yoki O‘zbekiston kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish bo‘yicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 4 milliard AQSh dollari hamda Davlat budjetidan qaytariladigan tashqi qarzni o‘zlashtirishning chegaralangan hajmi 1,5 milliard AQSh dollari miqdorida belgilangan.
Davlat qarzini samarali boshqarishda quyidagi ustuvor maqsadlarga qatiy rioya qilinishi belgilab qo‘yildi:
davlat qarziga o‘z vaqtida va to‘liq xizmat ko‘rsatilishini kafolatli ta'minlash;
davlat qarzini makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish, diversifikatsiyalash va davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining oshib ketish xatarlarini pasaytirish;
davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqishni talab etmaydigan dasturlarni ularning ijtimoiy-iqtisodiy va strategik ahamiyatidan hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishdan kelib chiqib belgilash;
davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlarning natijadorligini, o‘z-o‘zini oqlashini, ular amalga oshirilishi bo‘yicha ma'lumotlarning shaffofligini ta'minlash orqali qarzlardan maqsadli va samarali foydalanish;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq miqdordagi davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslar va banklarni bosqichma-bosqich bozor shartlarida moliyalashtirishga o‘tkazish.
Belgilanishicha:
a) O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlar bo‘yicha O‘zbekiston nomidan bitimlarni imzolash va O‘zbekiston kafolatini berish Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan ma'qullangan holda amalga oshiriladi;
Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyati Vazirlar Mahkamasi Rayosatida davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan dastur va loyihalarga doir masalalarni ko‘rib chiqish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;
Davlat qarzini samarali boshqarish va ulardan maqsadli foydalanishni muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyati tuzilmasida davlat qarzini samarali boshqarish va undan maqsadli foydalanishni muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis shtat birligi qo‘shimcha ravishda kiritildi;
b) 2020 yil 1 yanvardan boshlab ustav fondida (ustav kapitalida) 50 foiz va undan ortiq miqdordagi davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan tashqi qarz majburiyatlarini jalb qilish Moliya vazirligini tegishli tartibda xabardor qilgan holda amalga oshiriladi.
Barcha darajadagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari hamda mahalliy hokimliklar rahbarlari soha, tarmoq va hududni rivojlantirish dasturlari uchun ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik, shu jumladan, xalqaro va hududiy forumlar, investitsion anjuman va boshqa hamkorlik doirasida ijtimoiy-iqtisodiy hamda moliyaviy samaradorligi chuqur tahlil qilinmagan O‘zbekiston nomidan yoki O‘zbekiston kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish bo‘yicha takliflarni kiritish amaliyotiga chek qo‘yilishi to‘g‘risida ogohlantirildilar.
Moliya vazirligi:
bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasi Rayosatining 2020 yilda O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlarni tanlab olish va natijadorligini nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi qarorni;
2020 yil 1 dekabrga qadar ilg‘or xorijiy tajriba asosida kelgusi yillarda O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan dastur hamda loyihalarni tanlab olish mezonlari, ularni ko‘rib chiqish, tanlab olish va natijadorligini nazorat qilish tartibini belgilovchi nizomni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
Prezidentning 2020 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq:
a) Davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan loyiha va dasturlarning natijadorligini baholash jarayoni quyidagilarni nazarda tutadi:
yakunlangan loyiha va dasturlarni Hisob palatasi auditdan o‘tkazishi, audit natijalari bo‘yicha axborotni har chorak yakunida Qonunchilik palatasi, prezident Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga yuborishi;
tegishli vazirlik va idoralar yakunlangan loyiha va dasturlar bo‘yicha Oliy Majlisi palatalarining qo‘mitalariga uch oy ichida taqdimotlar o‘tkazishi;
Hisob palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi loyiha va dasturlarning ishlab chiqilishi, tanlab olinishi, monitoringi va audit natijalariga oid ma'lumotlarni ommaviy axborot vositalari va veb-saytlarda joylashtirilishini ta'minlashi;
b) Hisob palatasi tomonidan uch oy muddatda davlat qarzlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlarni baholash va auditdan o‘tkazish hamda ularni xatarlar bo‘yicha guruhlashtirish masalalarini o‘z ichiga oluvchi tartibning tasdiqlanishi ma'lumot uchun qabul qilindi.
Moliya vazirligi davlat tashqi qarzi holati bo‘yicha, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi esa davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan loyihalarning amalga oshirilishi bo‘yicha har yili bir marta Qonunchilik palatasiga hisobot berib boradi.
O‘zbekiston nomidan jalb qilingan davlat tashqi qarzlari maqsadli yo‘naltirilgunga qadar Moliya vazirligi G‘aznachiligining g‘azna hisob varaqlarida saqlanishi yoki vaqtinchalik tijorat banklari depozitlariga o‘tkazilishi natijasida yuzaga keladigan foiz xarajatlaridagi tafovutlar Davlat budjeti hisobidan qoplanishi belgilandi.
Davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlar bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida, to‘liq va kafolatli amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida:
2020 yil 1 fevraldan boshlab Moliya vazirligi G‘aznachiligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Kafolat jamg‘armasi tashkil etiladi;
Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekistonning kafolatlari uchun to‘lovlar, jalb qilingan qarzlarni qayta kreditlash bitimida belgilangan Moliya vazirligining marjasi va boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi;
O‘zbekistonning kafolatlari uchun to‘lovlar qarzlarning qoldiq summasiga yillik 0,5 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilandi.
Davlat qarzi, jumladan O‘zbekistonning kafolatlari hisobidan moliyalashtirilgan loyiha va dasturlar bo‘yicha qarzdor tashkilotlar (banklar) o‘z qarz to‘lovlarini vaqtida va to‘liq amalga oshirmagan holatlarda davlat qarzi Jamg‘arma mablag‘lari va Davlat budjeti hisobidan so‘ndiriladi hamda qarzdor tashkilotlardan (banklardan) mavjud qarzdorlik va hisoblangan jarima to‘lovlari mos ravishda Jamg‘arma va Davlat budjetiga qaytarilishi belgilab qo‘yildi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasi davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha loyihaoldi hujjatlari, shuningdek, texnik topshiriqlar va tender hujjatlarining kompleks ekspertizasidan belgilangan tartibda o‘tkazadi. Davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan dasturlar hamda loyiha qiymatining 80 foizi va undan ortiq qismi tijorat banklari orqali qayta moliyalashtiriladigan loyihalar kompleks ekspertizadan o‘tkazilmaydi.
Bunda, kompleks ekspertizadan o‘tkazish uchun to‘lov investitsiya loyihalari va xarid hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazish uchun belgilangan to‘lov miqdorining 50 foizi miqdorida undiriladi.