2019 yil yakunlari bo‘yicha inflatsiya prognoz koridorining (13,5-15,5 foiz) yuqori chegarasiga yaqin darajada shakllandi va 15,2 foizni tashkil etdi.
«Inflatsiya sur'ati asosan yilning ikkinchi yarmida tartibga solinadigan narxlarning erkinlashtirilishi (21,6 foizga o‘sishi), shuningdek, 2019 yil avgust oyidagi milliy valuta devalvatsiyasi natijasida tezlashdi.
2019 yil davomida narxlarni yuqori o‘sishi un va non mahsulotlari (24,8 foiz), go‘sht mahsulotlari (23,4 foiz), meva va sabzavotlar (14,5 foiz) hamda yo‘lovchi transporti (13 foiz) sohalarida kuzatildi.
2019 yilning oktabr-dekabr oylarida choraklik inflatsiya darajasi 2018 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 5,7 foizdan 5 foizgacha sekinlashdi.
Markaziy bank 2020 yil uchun inflatsiyaning bazaviy prognozini belgilangan 12-13,5 foiz darajasida saqlab qolmoqda. Joriy yil yakuniga qadar inflatsiya darajasi pasayishi quyidagi prognoz baholariga asoslangan:
2019 yilda yuzaga kelgan ba'zi inflyatsion omillar ta'sirining tugab borayotganligi hamda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarining aksariyati bo‘yicha narxlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi, shuningdek, asosiy savdo hamkor davlatlardagi narxlar darajasiga moslashib bo‘lganligi;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik va qurilish sanoatida mahsulot ishlab chiqarish hajmi o‘sishi prognoz qilinmoqda va bu ichki iste'mol bozorida taklif hajmining ortishiga xizmat qiladi. Bunda raqobat muhitini bosqichma-bosqich yaxshilab borish muhim omil hisoblanadi;
pul-kredit va makroprudensial siyosatning zarur dastaklaridan foydalanish hamda davlat xarajatlari va umumiy budjet taqchilligini optimallashtirish orqali kreditlarning maqbul darajada o‘sishi ta'minlanadi va shu orqali inflatsiya va ayirboshlash kursiga bo‘lgan bosimni pasaytiradi.
2018-2019 yillarda o‘rtacha ish haqi darajasining sezilarli darajada to‘g‘rilanganligi hisobiga 2020 yilda aholi nominal daromadlarining mo‘'tadil darajada o‘sishining kutilishi talab omillari ta'sirini kamaytirishga yordam beradi», deyiladi MB ma'lumotida.