Prezident videoselektori: 2020 yil uchun eksport rejasi 22 foizga oshirildi

Iqtisodiyot 19:40 / 15.01.2020 28133

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 yanvar kuni eksport, investitsiya va mahalliylashtirishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

«Jahonda iqtisodiy raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi davrda barqarorlikning asosiy omili ishlab chiqarishni kengaytirish va tashqi bozorlarda mustahkam o‘rin egallashdir.

Eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida o‘tgan yili mamlakatimiz eksporti hajmi 28 foizga o‘sdi. Hududiy sanoat eksporti qariyb 2 barobarga oshdi.

Mazkur yo‘nalishdagi ko‘rsatkichlarni yanada oshirish maqsadida bu yildan boshlab prognoz ko‘rsatkichlarini belgilash va monitoring qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etildi.

Avvalambor, eksport prognozi 3 yillik qilib tasdiqlandi. 2020 yil rejasi o‘tgan yilgiga nisbatan 22 foiz ko‘p belgilandi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida. 

Videoselektor yig‘ilishida eksport, investitsiya va mahalliylashtirish yo‘nalishlariga mas'ul mutasaddilarning vazifalari ko‘rib chiqildi. Har bir dollardan unumli foydalanish bo‘yicha hududlar va tarmoqlar rahbarlarining shaxsiy mas'uliyati belgilandi.

Davlat rahbari bundan buyon tarmoq yoki hududning masalasi degan sansolarlik bo‘lmasligi, eksport prognozi ijrosini ta'minlashga har bir vazir, xo‘jalik birlashmasi rahbari hokim bilan birga teppa-teng javob berishini ta'kidladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga joriy yilgi eksport prognozi ijrosini to‘liq ta'minlash bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqib, mahsulotlarni qayerga, qachon eksport qilish va buni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash vazifasi qo‘yildi.

To‘qimachilik, meva-sabzavotchilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari va avtomobil sanoati kabi yetakchi tarmoqlar salohiyatidan samarali foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. 

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga paxta tolasini qayta ishlash quvvatlarini 80 foizga yetkazish, yangi korxonalar hisobiga eksport nomenklaturasini diversifikatsiya qilish hamda geografiyasini kengaytirish topshirildi. 

Mamlakat eksportyorlarining salohiyatli bozorlarga kirishini yengillashtirish uchun imtiyozli savdo rejimini joriy etish, «GSP+» umumiy preferensiyalar tizimiga qo‘shilish yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi. 

Ko‘proq yangiliklar: