Majburiy ijro byurosining qonuni qachon qabul qilinadi? Prezidentning bu boradagi ikki topshirig‘i ijrosiz qolmoqda

O‘zbekiston 15:40 / 14.01.2020 35809

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 maydagi «Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste'mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5059-sonli Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etilib, tashkilotning asosiy vazifalari belgilab berilgandi.

Farmonga muvofiq, muqaddam sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta'minlab kelgan Sud departamenti tugatilgan hamda uning davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan bo‘shatilayotgan shtat birliklari, shuningdek balansida bo‘lgan vositalar hamda boshqa moddiy-texnika qimmatliklar Byuro ixtiyoriga o‘tkazilgandi. Byuro tugatilayotgan Sud departamentining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha uning huquqiy vorisi etib belgilangan.

E'tiborli jihati shundaki, Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Oliy sud va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2017 yil 1 oktyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, uning yangi tahrirdagi loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish vazifasi yuklatilgan edi.

Hozirga qadar bundayin birinchi oktyabrlarning uchtasi o‘tib bo‘ldi. Biroq qonun hanuz qayta ko‘rib chiqilgani yo‘q.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil 12 mart kuni ijro tartib-taomillarini yanada soddalashtirishga qaratilgan navbatdagi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Mazkur qarorning 9-bandida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga uch oy muddatda sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlarini ijro etish sohasidagi, shuningdek, ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta'minlash borasidagi protsessual normalarni tizimlashtirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining Ijro ishini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi loyihasini ishlab chiqish va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish vazifasi qo‘yildi.

Biroq, davlat rahbari ayni bir masala yuzasidan bir emas, ikki marta topshiriq bergan bo‘lishiga qaramay, majburiy ijro ishini muvofiqlashtiruvchi yangi qonun yoki kodeks loyihasini ishlab chiqish qaysi bosqichdaligi haqida rasmiy ma'lumotlar berilmagan. Bosh prokuratura matbuot xizmati bergan ma'lumotda «Ijro ishini yuritish to‘g‘risida»gi kodeks loyihasi ishlab chiqilgan, lekin ushbu kodeks Jinoyat, Jinoyat protsessual, Jinoyat ijroiya hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga (yangi tahrirda qabul qilinishi kutilmoqda) bog‘liq bo‘lgani sababli mazkur kodekslar yangi tahrirda qabul qilingan taqdirda qabul qilinadi, deyiladi.

MIB esa bugungi kunga qadar, tanqidiy jihatdan qayta ko‘rib chiqishga muhtoj bo‘lgan qonunga asoslanib ishlab kelmoqda.

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonuniga uni yangi tahrirda qabul qilish to‘g‘risida topshiriq berilganidan so‘ng 4 marta, Ijro ishini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi loyihasini ishlab chiqish haqidagi ko‘rsatmadan so‘ng esa yana 5 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Dilshod Abduqodirov

Ko‘proq yangiliklar: