Ukrainada juma namozi: Kiyev shahridagi jome' masjiddan fotoreportaj

O‘zbekiston 00:05 / 11.01.2020 40304

Kun.uz muxbirlari Ukraina safari davomida “Ar-Rohma” jome' masjidida bo‘lib, jum'a namozining ado qilinishi jarayonida ishtirok etishdi.

“Ar-Rohma” – Ukrainaning bosh masjidi hisoblanadi. U Kiyev shahrida joylashgan bo‘lib, Ukraina Musulmonlari Diniy Boshqarmasining (UMDB) binosi, madrasa va minoradan iborat Islomiy majmuaning bir qismidir. Uning qurilishi 1994 yilda boshlangan. 2000 yilda masjidning bir qismi qurib bitkazilgach, namoz o‘qishga ruxsat berilgan. 2011 yilda majmuaning rasmiy ochilish marosimi o‘tkazilgan. 3200 m.kv. hududda joylashgan masjidda 2 mingdan ortiq musulmonlar ibodat qilishi mumkin.

Ukrainada 50 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ularning taxminan 5 foizi musulmonlardir. Bundan tashqari Islom diniga amal qiluvchi va xorijdan, xususan Saudiya Arabistoni, Hindiston, Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa ko‘plab davlatlardan o‘qish yoki ishlash uchun tashrif buyurgan mehmonlar ham bor. Ular bir safda turib “Ar-Rohma” masjidida ibodat qilishadi.

Masjidda ayollarning ibodat qilish uchun ham sharoitlar yaratilgan. Ular safning oxirida, maxsus to‘siqlar bilan ajratilgan va kirish eshigi alohida bo‘lgan hududda diniy amallarni bajarishi mumkin. Masjidda yosh bolalarning ham ibodat qilishiga hech qanday to‘sqinlik yo‘q. Ba'zi musulmonlar masjidga oilaviy tarzda tashrif buyurishadi. Ota-ona ibodat qilayotganida, bolakaylar bir-biri bilan o‘ynab yuradi. Ba'zan o‘yinqaroq kichkintoylarning sho‘x-shodon ovozlari masjidda yangrab turadi.    

Juma kunlari masjid atroflarida Islom dini talablariga binoan so‘yilgan go‘shtlar va boshqa mahsulotlar savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari “Halol” sertifikati talabi asosida tayyorlangan ovqatlar ham taklif qilinadi. Aholisining ko‘pchiligi nasroniy bo‘lgan Ukrainadagi musulmonlar uchun bu juda qulay. Juma kuni farz amalini bajargandan so‘ng, ro‘zg‘or uchun xarajat qilish yoki ovqatlanib olish imkoniyati bor.

Xayr-ehson qilib, savobga ega bo‘lishni istagan musulmonlar masjid hududiga qopga solingan mahsulotlarni olib kelishadi. Ularni musofirlar, talabalar, umuman olganda muhtojlar bemalol olib ketishi mumkin.

Masjid hududidagi xayr-ehson qutilari maqsadli tarzda bir-biridan ajratilgan. Misol uchun musulmonlar ijtimoiy soha, ta'lim sohasi, Qur'on maktablarini rivojlantirish yoki ta'lim dargohlari, masjidlar qurilishi uchun sadaqa qilishlari mumkin.

“Ar-Rohma” masjididagi juma namozi ibodati jarayonini kuzatib, ko‘p millatli musulmonlar orasida bayramona kayfiyat, birodarlik, bir-biriga hurmat, bag‘rikenglik kabi xislatlarning hukmron ekaniga guvoh bo‘ldik.

Kun.uz muxbiri Nurmuhammad Said va operator Nuriddin Nursaidov maxsus Kiyev shahridan tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: