Umra ziyoratiga borib kelish tartibi takomillashtiriladi

O‘zbekiston 14:59 / 18.05.2024 11466

Senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi

Qayd etilishicha, keyingi yillarda fuqarolarning Umra ziyoratiga borib kelishida turli muammolarga duch kelish holatlari aniqlanmoqda. Xususan, turizm faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayrim tadbirkorlar Umra safariga ketish haqidagi reklamalarda berilayotgan va’dalarini bajarmayotgani, manzilga yetib borganda mehmonxonalar bilan bog‘liq muammolar mavjudligi, ko‘p hollarda esa ziyoratchilar borish-kelishda samolyot reyslarining belgilangan sanadan kechikishi kabi holatlar uchrayapti. 

Foto: senat.uz

Senatorlar muhokama qilgan qonun shu kabi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. U ziyoratchilar Umra amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, xorijda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonun bilan “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha yangi litsenziyalanadigan faoliyat turi joriy etilmoqda. Ushbu litsenziya Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan beriladi hamda uni olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida davlat boji undiriladi. 

Mazkur qonun bilan amalga oshirilishi uchun ruxsat va tegishli hujjatlarni talab etadigan faoliyat turlari qatoriga Davlat xaridlari elektron tizimi operatori faoliyatini amalga oshirganlik uchun ham ruxsatnoma olish qo‘shimcha sifatida kiritilmoqda.

Bundan tashqari, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar o‘zgaradi. Endilikda Umra tadbirlarini litsenziyasiz amalga oshirish yoki litsenziyalarni qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olish bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarida jarimaga sabab bo‘ladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: