Dasturchilar Ilhom Qodirov va Abzalxo‘ja Ibrohimovlar o‘zbekcha ruhdagi “Shumtaka” o‘yinini ishlab chiqdi. “O‘zimiz dasturchi bo‘lganimiz uchun uni ishlab chiqishga deyarli pul sarflamadik”, deydi g‘oya mualliflari. “Shumtaka”da non, osh, choynak, qovun, tarvuz, uzumzor kabi atributlardan foydanilgan. Qahramon esa milliy kiyintirilgan. Dasturchilar Kun.uz’ga bergan intervyusida “Shumtaka”ning paydo bo‘lishi haqida gapirib berdi.
Ilhom Qodirov:
— 29 yoshdaman, IT park universiteti 2 kurs talabasiman. “Shumtaka” o‘yinini Afzalxo‘ja bilan ishlab chiqqanmiz. O‘yinni milliy ruhda qilishga harakat qildik, “Subway Surface”dan ilhomlanib yasaganmiz o‘yinni. Farqi shundaki, 4 qatorli maydonda yugurib ketadi, yo‘lidan choynak, qovun, tarvuz, uzumzorlardan o‘tib uzoqroq masofaga borish kerak bo‘ladi.
Afzalxo‘ja Ibrohimov:
— 24 yoshdaman, 2022 yilda Toshkent Texnika universitetini bitirganman. Hozirgi kunda biz o‘yin yasash bilan shug‘ullanamiz. “Shumtaka” o‘yiniga milliy ruh berish uchun paxta, non kabilarni qo‘yganmiz, tangachalar yig‘ish o‘rniga paxta bilan non yig‘adi va shuning hisobiga ballga ega bo‘ladi. Yugurib ketayotganda turli to‘siqlar chiqadi, g‘o‘lalar, uzumzor chiqadi, sakrab yoki aylanib o‘tiladi. Tarvuz-qovunlar ham chiqadi, bu ham milliy ruh beradi.
Ilhom Qodirov:
— Milliy bo‘lgani uchun xayolga birinchi shu narsalar keldi va paxta, non tanlandi. Bizda bozor katta emas, o‘yin yasash qiyin deb o‘ylashadi, O‘zbekiston bozorida ko‘proq veb-dasturlashga e’tibor qaratishgan, o‘quv kurslarda xam ko‘pincha shu o‘rgatiladi. Shu sabab biz o‘yin yo‘nalishidan borishga qaror qildik. Bu narsa xam osonligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldik, shu bilan birga o‘zimizga tajriba bo‘ldi.
O‘yin yasashda Unity engine'dan foydalandik, bu maxsus o‘yinlar ishlab chiqaruvchi dastur hisoblanadi.
Afzalxo‘ja Ibrohimov:
— Men dasturiy ta’minotini qilganman, qolgan ishlariga ham qo‘ldan kelgancha qarashganman. Unity engine'da ishlash uchun c-sharp dasturlash tilini bilish kerak. Unity engine dasturiy ta’minotidan foydalanib o‘yinlar yasaladi, interfeysini, qayerda qanday ishlatishni bilsa, uning ichida o‘yin yaratish uchun kerakli vositalar bor. O‘shalardan foydalanib koding qismi yoziladi. Faqat Unity engine emas, Unreal engine ham bor, unda asosan katta o‘yinlar qilinadi PUBG kabi. Unity engine'ga hech qanday pul to‘lanmaydi, faqat o‘yindan olingan daromad yiliga 100 ming dollardan oshsa, ularga dasturiy ta’minot uchun pul to‘lanadi.
O‘yindagi bolaning o‘ynashini noldan qilish kerak bo‘ladi, lekin biz tayyor umurtqaga bolani kiydirganmiz, animator noldan harakatlarini qo‘yib o‘tirmaydi. Ko‘proq olinayotgan ballar, harakatlariga koding ishlatiladi.
Ilhom Qodirov:
— Bu o‘yinni yasashga bir yilcha vaqt ketdi, ixchamlashtirsak, 4 oy deyish mumkin. 2021 martida boshlab, 2022 yil martida tugatganmiz. Budjeti katta bo‘lgani yo‘q, o‘zimiz dasturchi bo‘lganimiz uchun ba’zi animatsiya va rasmlarni sotib olishga pul ketdi. O‘zi o‘yin yasashda eng qimmat narsa dasturiy ta’minot hisoblanadi, shuning uchun arzonga tushdi bizga.
Afzalxo‘ja Ibrohimov:
— Asosan chetdan olingan modelerga pul berilgan, kodingni o‘zimiz qilganmiz, shu sabab katta mablag‘ ketmagan. O‘yinni deyarli nol budjet bilan qilganmiz, bizdan tashqari bitta modeler ishlagan, tashqaridan kelgan, modelni qilgach, chiqib ketgan. 3D model ustida ishlagan, qo‘l haqi berganmiz.
O‘yin bitgach, 5 yoshli bir ukamiz test qilib bergan, juda qiziq bo‘lgan. O‘ziga yaqin bo‘lgan non, tarvuz, qovun kabilar chiqqani uchun qiziqroq bo‘lgan o‘yin. 15-20 daqiqa o‘ynashgan bolalar, yaxshi natija bu.
Ilhom Qodirov:
— O‘zbekistonda o‘yinlar rivojlanishiga katta bir to‘siq bor, bu — monetizatsiya. O‘yinmi, dasturmi monetizatsiya qilmoqchi bo‘lsa dasturchi, u xorijiy reklama kompaniyalariga bog‘lanib qolgan bo‘ladi. O‘zimizning partnyor dasturlari bo‘lsa, reklama qabul qilib o‘tkazib beradigan tashkilot bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi. Shunda dasturchi hech kimga bog‘lanmay, mustaqil ravishda o‘yin chiqara oladi.
Afzalxo‘ja Ibrohimov:
— 2019 yilda quiz o‘yin yaratib Google Play'ga yuklaganman, oldin Google Play'da o‘zbek segmentida o‘yinlar yo‘q edi, dasturlar ko‘paydi hozir, lekin o‘yinlar hali ham shunday. O‘sha o‘yinimni 100 mingta odam yuklab olgan, lekin xozir olib tashlangan, chunki to‘g‘rilab turilishi kerak vaqti-vaqti bilan, bo‘lmasa olib tashlanadi.
Niyatimiz shu o‘zbek segmentida o‘yinlarni ko‘paytirish. O‘yin industriyasini qarasak, 2023 yilda iqtisodga 185 mlrd dollar foyda olib kelgan dunyo iqtisodiga. Kino sanoati esa 90 mlrd dollar foyda keltirgan, 2 barobar ko‘p degani bu. Bu soha rivojlanib boryapti, 2024 yilda 235 mlrdga chiqishi aytilyapti. Shu sababli biz ham o‘zbekcha o‘yinlarni ko‘paytirmoqchimiz.
Adashmasam, “Call of duty” AQSh armiyasi bilan birga ishlayapti. Maqsad odamlarni urush holatida qanday harakatlanishga o‘rgatish, mashg‘ulot o‘tkazish shartmas, o‘yin orqali qilishyapti, harbiylarni ham o‘yinlar orqali shug‘ullantirishyapti, shu darajaga yetdi o‘yinlar.
Ilhom Qodirov:
— Biz birinchi bo‘lib chiqarayotganimiz yo‘q, boshqa o‘zbekcha o‘yinlar ham bor, lekin soni kam, shuning uchun qidiruv natijalarida chiqmaydi. Yana bir sabab o‘yindagi kamchiliklar to‘g‘rilanmasa, Google Play o‘yinlarni o‘chirib yuboradi, shu sabab bo‘lishi mumkin.
Afzalxo‘ja Ibrohimov:
— O‘yinlar bolaning vaqtini olishi qisman to‘g‘ri, qisman noto‘g‘ri ham. Bola asosiy qilishi kerak bo‘lgan o‘qishi, ishidan chalg‘ishi mumkin. Bola qanday o‘yin o‘ynashiga ham bog‘liq, foydalimi-zararlimi. Masalan, dasturlashni o‘rganayotgan bola uchun quiz o‘yinlar bor bilimini orttiradi.
Bizning “Shumtaka” oflayn o‘yin, ko‘proq odamdan diqqat talab qiladi, zehnini oshiradi.
Ilhom Qodirov:
— Veb-dasturchilar ko‘payib ketgan, O‘zbekiston bozorida juda ko‘p. Lekin ko‘pchilik bilmaydiki, html css orqali ilova yasash mumkin, masalan, capacitor bilan Android, iOS'ga ilova yasasa bo‘ladi. Capacitor telefonning gps lokatsiyasini, batareya sarfi ma’lumotlarini ololadi, shundan foydalanib ilova yasash mumkin.
Afzalxo‘ja Ibrohimov:
— “Shumtaka”ni xali rivojlantiramiz. Bundan tashqari, yangi o‘zbekcha o‘yinlar chiqarmoqchimiz. Bozorda ko‘proq o‘zbekcha o‘yinlar bo‘lishini ta’minlaymiz. “Shumtaka” hozircha Android'da, kelajakda yangilab, iOS platformalariga ham chiqarish niyatimiz bor.