Prezidentning 2019 yil 8 oktyabrdagi PQ-4484-sonli qarori 1-bandiga muvofiq, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng ta'minlangan holda realizatsiya qilinadi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, respublikaning olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarida joylashgan iste'molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida o‘z savdo tarmoqlari orqali sotiladigan, umumiy ishlab chiqarish hajmining 10 foizidan oshmaydigan hajmi bundan mustasno sanaladi.
Bildirilishicha, 2020 yilgacha ishlab chiqarilgan shakarning cheklangan ma'lum qismi (ishlab chiqarish hajmining 12,5 – 13,5 foizi) ochiq birja savdolarida realizatsiya qilingan, qolgan qismi esa dilerlik tarmoqlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotilgan.
O‘tgan yil “Angren shakar” MChJ tomonidan jami bo‘lib 28,8 ming tonna shakar birja savdolarida sotilgan bo‘lsa, 2020 yilning faqatgina yanvar oyida birja savdolariga 20,0 ming tonna shakar qo‘yilishi rejalashtirilgan.
“Xorazm shakar” MChJ tomonidan o‘tgan 2019 yilda birja savdolarida 27,4 ming tonna shakar sotilgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar oyida 18,0 ming tonna shakar sotish rejalashtirilgan.
Birja savdolari orqali sotiladigan shakar hajmining bir necha barobar oshishi o‘z navbatida shakarga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish imkoniyatini beradi, deyilgan ma'lumotda.
Bir vaqtni o‘zida, 13ta mintaqaviy bo‘linma va 300dan ortiq savdo maydonchalaridan iborat bo‘lgan Respublika tovar-xomashyo birjasining infratuzilmasi shakar sotib olmoqchi bo‘lgan barcha ulgurji iste'molchilar va tadbirkorlarga birja savdolarida ishtirok etishni taklif qilgan.