2019 yilda milliy valutaning almashuv kursi dinamikasi valuta bozoridagi talab va taklifning joriy nisbatidan kelib chiqib, ichki va tashqi omillar ta'sirida shakllandi.
Markaziy bankning 2019 yilda ichki valuta bozori va uning rivojlanish tendensiyalariga doir sharhida aytilishicha, bunda valuta bozorida talab va taklifning bir maromda oshishi sharoitida, maqsadli sotuv hajmlariga nisbatan intervensiyalar hajmi kam bo‘lganligi sababli, birinchi yarim yillik davomida valuta birjasidagi savdo sessiyalarida milliy valuta AQSh dollariga nisbatan 2,8 foizga qadrsizlandi.
2019 yilning iyul va avgust oylarida savdo hamkorlar bo‘lgan ayrim davlatlar valutalari devalvatsiyasi va buning natijasida yuzaga kelgan devalvatsion kutilmalarning ortishi, shuningdek, ichki valuta bozorida chet el valutasiga bo‘lgan talabning o‘sishi natijasida milliy valuta 10,2 foizga qadrsizlandi.
2019 yil davomida valuta birjasi savdolarida so‘mga nisbatan AQSh dollarining dinamikasi
(so‘m/AQSh doll.)
2019 yilning keyingi oylarida so‘mning almashuv kursi nisbatan barqaror bo‘lib, sentabr-noyabr oylari davomida 1,3 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, dekabr oyida 0,1 foizga mustahkamlandi.
Umuman olganda, 2019 yil davomida milliy valutaning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi yil boshiga nisbatan 13,9 foizga qadrsizlandi (8341 so‘m/doll.dan 9501 so‘m/doll.gacha).
Bundan oldin, 2019 yilda fuqarolar tomonidan qancha dollar sotilgani va sotib olingani ma'lum bo‘lgandi.