“Qishloq qurilish bank” ATB ustav kapitalidagi davlat ulushi 780 mlrd so‘mga oshmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2020 yil 7 yanvarda «Qishloq qurilish bank» ATB aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda budjet ssudasidan vujudga kelgan 780 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ni, ATB “Qishloq qurilish bank” ustav kapitalidagi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining ulushini ko‘paytirishga yo‘naltirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra Moliya vazirligi bilan bank o‘rtasida 780 477 399 947,25 so‘mlik shartnoma (bitim) tuzishga ruxsat beriladi.
Openinfo.uz portalida e'lon qilingan faktga ko‘ra, "Qishloq qurilish bank" nominal qiymati 119,25 so‘m bo‘lgan 6,544,883,857 dona oddiy aksiyalarni chiqaradi. Ushbu aksiyalar yopiq obuna yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga joylashtiriladi.
Hozirgi vaqtda "Qishloq qurilish bank" ustav kapitali hajmi 1,07 trln. co‘mga teng bo‘lib, undagi davlat ulushi 96,47 foizni tashkil etadi. Yuqorida qayd etilgan shartnoma natijasida davlat ulushi o‘sgan taqdirda, bankning ustav kapitali hajmi 78 foizga oshadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tijorat banklaridagi davlat ulushi bo‘yicha aksiyador funksiyasini bajaradi. 2019 yil 25 dekabr holatiga O‘zbekistondagi umumiy bank aktivlarining 86 foizi davlat ulushi mavjud banklarga tegishli.
"Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi" O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 60-bandiga ko‘ra, soliqqa oid yoki davlat oldidagi boshqa qarzdorlik hisobiga jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushini shakllantirish yoki oshirish to‘g‘risidagi qaror jamiyat aksiyadorlari umumiy yig‘ilishi tomonidan jamiyatning joylashtirilgan ovoz beruvchi aksiyalarining kamida uchdan ikki qismi egalari bo‘lgan aksiyadorlarning (davlatdan tashqari) roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda, aksiyadorlarning oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.