DW murojaat qilgan ekspertlarning fikricha, Belarusga neft yetkazib berilishining to‘xtatilishi Rossiyaning Belarusga nisbatan bosim o‘tkazish vositalaridan biridir. Ammo nizoning avj olishi har ikki tomon uchun ham zararli, deb hisoblashmoqda ekspertlar.
Yangi yil Rossiya-Belarus munosabatlarida neft inqirozi bilan boshlandi: Rossiya 1 yanvardan Belarusdagi neftni qayta ishlash zavodlariga neft yetkazib berishni to‘xtatdi, chunki bu boradagi shartnoma muddati 2019 yil 31 dekabrda tugagandi. Minsk va Moskva butun dekabr oyi davomida muzokara olib bordi, ammo neft narxi to‘g‘risida kelisha olishmadi. Shundan keyin Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko muqobil manbalar orqali neft yetkazilishini ta'minlashga buyruq berdi.
Rossiya neft yordamida Belarusga bosim o‘tkazmoqda
«Transneft» rasmiy vakili Igor Demin neft yetkazib berish to‘xtatilishining sababini Rossiyadagi neft qazib oluvchi kompaniyalar Belarusdagi neftni qayta ishlash zavodlariga xomashyo yetkazib berish bo‘yicha «Transneft»ga ariza bermagani bilan izohladi. Avvalroq prezident Aleksandr Lukashenko mamlakat 2020 yilda Rossiyadan 24-25 mln tonna atrofida neft sotib olmoqchiligini, ammo uning narxi, tranzit tarifi va Rossiyaning soliq manyovri sababli to‘lanadigan kompensatsiya miqdorini kelisha olmaganini ma'lum qilgandi. Moskva neft bo‘yicha kelishuvni ittifoq davlati doirasidagi chuqurlashgan integratsiyaga bog‘lamoqda.
«Politicheskaya sfera» instituti direktori Andrey Kazakevich mavjud vaziyatni Rossiyaning Belarusga nisbatan bosimi sifatida baholamoqda.
«Neft yetkazib berishning to‘xtatib qo‘yilishi Rossiya tomonining strategik qarori emas, balki Belarus rahbariyatidan qandaydir qo‘shimcha shartlar yoki qarorlar olish yo‘lidagi bosimdir», - deydi ekspert.
BEROC iqtisodiy tadqiqotlar markazi tahlilchisi Dmitriy Kruk ham neft yetkazib berishning to‘xtatilishini Rossiyaning bosim o‘tkazish vositasi deb hisoblamoqda.
«Moskva Minskni chuqurlashgan integratsiya to‘g‘risidagi «yo‘l xaritasi»da belgilangan qandaydir shartlarga ko‘ndirmoqchi yoki Rossiyaning neft sohasidagi soliq manyovrlari uchun kompensatsiya olishdan voz kechishga majbur qilmoqchi», - deydi u.
Lukashenko muqobil neft manbalarini qidirmoqda
Moskva bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanishi bilanoq Aleksandr Lukashenko neftni muqobil manbalar orqali yetkazib berish to‘g‘risida topshiriq berdi.
«Gap birinchi navbatda Boltiqdagi portlardan temir yo‘l transporti orqali yetkazish hamda «Drujba» neft quvuridan muqobil yetkazib berish yo‘llarini topish to‘g‘risida bormoqda», - deyiladi Belarus prezidenti matbuot xizmati xabarida.
«Nashe mneniye» ekspert markazi rahbari Valeriya Kostyugovaning so‘zlariga ko‘ra, bu bilan faqatgina ichki bozor talabini qondirish mumkin, ammo eksport qilish imkoni bo‘lmaydi. Dmitriy Kruk esa neftni temir yo‘l transporti orqali olib kelish Belarus uchun moliyaviy jihatdan nomaqbul deb hisoblamoqda.
Belarusga neft yetkazib berish boshlandi
4 yanvar kuni «Belneftexim» konserni raisi o‘rinbosari Vladimir Sizov Belarusdagi neftni qayta ishlash zavodlariga Rossiya neftini yetkazib berish boshlanganini ma'lum qildi.
U yetkazib beriladigan hajm muntazam ravishda oshirilib borilishini ta'kidladi.
Shu bilan birga, Rossiyaning «Transneft» kompaniyasi Belarusdagi Novopolotskiy neftni qayta ishlash zavodiga 130 ming tonna neft yetkazib berish to‘g‘risida ariza tushganligini ma'lum qildi.
Avvalroq TASS manbasi Rossiya Belarusga neft yetkazib berishni davom ettirishga roziligini, faqat 2019 yilgi bozor shartlarida hamkorlik qilinishini taklif etayotganligini aytgandi.
«Rossiya kompaniyalari bu shartlarni saqlab qolishni taklif qildi, ammo Belarus tomoni neft yetkazib berilishini rad etdi», - dedi agentlik suhbatdoshi.
Neft nizosining avj olishi hech kim uchun foydali emas
Ekspertlarning barchasi Minsk va Moskva o‘zaro kelishib oladi va 2020 yil uchun shartnoma imzolaydi degan fikrni bildirdi.
Neft sohasida Belarusning mavqei ancha ustun, chunki Rossiya nefti tranziti Belarus hududidan o‘tadi.
«Belarus tranzitni cheklashi yoki Moskva narx borasida yon berishi uchun 2006 yildagi kabi neft trasportirovkasi narxini ko‘tarishi mumkin», - deydi Dmitriy Kruk.
Nizoning avj olishi har ikki tomon uchun foydali emas, deydi Andrey Kazakevich, chunki shartnoma tuzilmasligi Rossiya uchun moliyaviy yo‘qotish demakdir.
«Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda ko‘p muammolar bor, ammo bunday ko‘rinishdagi qarama-qarshilik kelgusida Belarusni Rossiya ta'sir doirasidan chiqib ketishga majbur qilishi mumkin», - deb hisoblaydi u.