Madina Muxtorovaning o‘g‘li bilan bog‘liq vaziyat Toshkent shahar IIBB boshlig‘i tomonidan nazoratga olindi

Jamiyat 09:48 / 04.01.2020 107404

Taniqli aktrisa Madina Muxtorovaning kenja o‘g‘li bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari - Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev tomonidan nazoratga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB xabarida aytiladi.

2 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda taxminan 10-15 yoshlardagi bolaning Yunusobod tumanida akasi tomonidan qiynoqlarga solinib, kaltaklab kelingani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan birinchi videoda bola o‘z akasi tomonidan muttasil ravishda qiynoqqa solinib, kaltaklanishi bayon qilingan. Tasvirlarda bolaning yuzi, qo‘llari, barmoqlari va ayniqsa oyog‘ining son qismi qizargani, ko‘kargan va qontalash bo‘lgani aks etgan.

«Shuni ma'lum qilamizki, holat O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari - Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Rustam Jo‘rayev tomonidan nazoratga olingan va hozirda Yunusobod tumani IIB FMB tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.

Bundan tashqari, 3 yanvar kuni kechqurun, soat 19:15 dan 20:00 ga qadar bo‘lgan vaqtda uch nafar ayol Toshkent shahar IIBBga murojaat qilib, bolaga tan jarohati yetkazilishi holati bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotganini tushuntirishni talab qilishgan. Ulardan biri o‘zini Saodat Abduzokirova deb tanishtirdi. Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik V.Tolibjonov va Tashkiliy boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Sh.Alimov S.Abduzokirova bilan suhbatlashdi. Ular ushbu holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilishi haqida tushuntirishlar berdi», - deyiladi IIBB ma'lumotida.

Xabarda aytilishicha, 4 yanvar kuni soat 12:00da Yunusobod tumani IIB FMB 7-bo‘limida jurnalistlar va blogerlar uchun brifing bo‘lib o‘tadi. 

Bundan oldin, Yunusobod tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi holat yuzasidan bayonot bergandi. 

Ko‘proq yangiliklar: