O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilning 31 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarosi N.X. konsullik bo‘limiga murojaat qilib, jiyani R.X.ning baxsiz voqea oqibatida fojiali halok bo‘lganini xabar bergan.
TIV ma'lumotida aytilishicha, o‘tgan yilning oktabr oyidan boshlab R.X. Germaniyadagi PRAXX jamiyatining malaka oshirish dasturi doirasida Kil shahri yaqinidagi fermer xo‘jaliklaridan birida shartnoma asosida amaliyot o‘tayotgan edi. 27 dekabr kuni u balandlikdan qulab tushib, vafot etgan. Mahalliy politsiya tekshiruv o‘tkazdi va baxsiz hodisa yuz berganini tasdiqlagan.
Elchixonaning konsullik bo‘limi qarindoshlar va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan birgalikda O‘zbekiston fuqarosining jasadini vatanga jo‘natishga oid konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etgan va Germaniya (Berlin, Brandenburg, Bremen, Quyi Saksoniya, Gamburg, Meklenburg-Old Pomeraniya, Saksoniya, Saksoniya-Anhalt, Shlezvig-Holshtayn, Turingiya), Shvetsiya, Shveytsariya va Chexiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatning Berlin shahridagi elchixonasiga +49-30-39-40-98-55, +49-30-39-40-98-30 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatgan.