Shahrisabz tumanidagi yangi mahallada maktab yo‘q, uylardagi isitish qozonlari isitmaydi

Jamiyat 18:30 / 03.01.2020 11069

Dekabr oyida Kun.uz saytida Qarshi shahrida 400 o‘rinli maktabda 1600 nafar o‘quvchi tahsil olayotgani haqda maqola e'lon qilingandi. Buning ortidan xuddi shu muammo yuzasidan boshqa hududlardan ham murojaatlar kela boshladi.

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi «Ravot» mahallasi ahli ham shu haqda xat yo‘lladi. Mahalla ahlining bildirishicha, ular 2017 yil yangi hududdagi yangi qurilgan uylarga ko‘chib kelishgan. Ya'ni, namunaviy mahallaga. Ammo bu namunaviy mahallaning maktabi yo‘q. Ota-onalar farzandlarini 4 kilometrdan 10 kilometrgacha bo‘lgan masofaga maktablarga olib borishar ekan.

Aslida, hududda namunaviy uylar qurilishi boshlangan vaqtda bo‘lajak maktab va bolalar bog‘chasi qurilishi uchun ham yer ajratilgan. Ammo bu yerda qurilish boshlanmay qolib ketgan.

Mahalla ahli qator tashkilotlarga bu borada murojaat qilib, maktab qurilishi 2021 yildagi davlat dasturiga kiritilishi haqda javob xati olgan. Tuman hokimligi vakillari ham mazkur muammo yuzasidan aholi bilan uchrashib, maktab 2021 yilda qurilishini ma'lum qilishgan.

Hokimlik vakiliga ko‘ra, hududda maktab qurilishi uchun taxminan 8 milliard so‘m pul kerak va mahalliy budjetda bunday mablag‘ yo‘q. Odatda, maktablar qurilishi respublika budjetidan ajratilgan pulga quriladi.

«Ravot» mahallasi fuqarolari esa yana ikki yil maktabsiz qolishga rozi emas. Ular maktab qurilishi nima sababdan 2020 yil emas, 2021 yilgi dasturga kiritilganiga javob so‘rashmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy saytiga kirib respublikadagi umumiy maktablar soniga e'tibor bersangiz qiziq holatga duch kelasiz:

Masalan, O‘zbekistonda 1991 yilda jami umumta'lim maktablari soni 8333ta deb ko‘rsatilgan. Har yili maktablar soni o‘sib borib, 2006 yilda 9803tani tashkil etgan. Ammo xuddi shu yildan boshlab maktablar soni kamayib borishini kuzatamiz: 2008 yil 9788ta, 2014 yil 9758ta va 2019 yil 9774ta. Xullas, so‘nggi 13 yilda maktablar soni ko‘payish o‘rniga kamayib borgan.

Ehtimol, bu o‘sha yillardan boshlab respublikamizda yoppasiga qurilib ishga tusha boshlagan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bilan bog‘liqdir, bunisi bizga qorong‘i. Bugungi holat shuki, ko‘pchilik hududlarda maktablar yetishmasligi muammosi qalqib chiqmoqda.

Mazkur muammoni o‘rganish jarayonida yana bir masala e'tiborni tortdi.

Mahallada 521ta xo‘jalik istiqomat qilayotgan namunaviy uylar bor. Uy egalari ko‘rsatganidek, xonadonlarga tabiiy gazga moslashgan individual qozonxonalar qurilgan. Ammo, mahallada tabiiy gaz tarmog‘i yo‘q. Qishning sovuq kunlarida shu qozonxonadan foydalanish uchun o‘tin ham, ko‘mir ham yoqib ko‘rishgan, hatto ayrimlar suyultirilgan gaz balloni ham ulagan, ammo foyda bermagan.

Shundan so‘ng fuqarolar o‘zlari yangi boshqa turdagi isitish tizimlari o‘rnatishga majbur bo‘lgan.

Savol: modomiki tabiiy gaz berilmas ekan, boshqa turdagi yoqilg‘i bilan ishlamas ekan, hech narsaga yaramaydigan bunday qozonxonalar o‘rnatib (ehtimol, «o‘tkazib»), uylar narxini oshirish kimga kerak edi?

Fikrimizcha, qurilish korxonalari bu qozonxonalarni ishlata olmayotgan fuqarolardan qaytarib olib, qayta hisob-kitob qilish lozim.

«Ravot»dagi namunaviy uylarning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan ham hech qachon namuna olmaslikni maslahat bergan bo‘lardik. Chunki bu hovlilardagi oshxona suvi ham, hojatxonadagi kanalizatsiya tarmog‘i ham, barchasi bitta quduqqa quyiladi. Chuqurligi bir-ikki metrdan oshmaydigan bu quduqlar shunday joyga o‘rnatilganki, darvozadan kirgan odam avvalo uning ustidan o‘tadi.

Kanalizatsiya quduqlari juda sayoz ekani fuqarolarga albatta noqulaylik tug‘diradi. Ammo chuqurroq kavlashning ham iloji yo‘q, yerosti sizot suvlari sathi juda yaqin ekan.

Darvoqe, ravotliklarning davlat tomonidan belgilangan narxda ko‘mir sotilayotganidan xabari bor, ammo hali ham olishmagan. Sababi — mahallaning ko‘mir olishga borib ko‘rgan bir necha nafar fuqarolari uning ham sifatsiz, yarmi kukundan iborat ekanini ma'lum qilishmoqda.

Xullas, ravotliklarning muammosi faqat maktab yoki bolalar bog‘chasi emas, bekorga «to‘rt tomonga» turli murojaatlar qilishmayapti. Ularni bir eshitib ko‘rish kerak.

Anvar MUSTAFOQULOV,

Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: