Vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalariga ajratmalar miqdori maqbullashtiriladi 

Iqtisodiyot 12:10 / 02.01.2020 13874

O‘zbekistonda vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalariga ajratmalar miqdori maqbullashtiriladi. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasining “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda aytilgan.

Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 fevralga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalariga davlat bojlari, yig‘imlar va soliq bo‘lmagan to‘lovlar, ma'muriy va moliyaviy jarimalardan ajratmalar miqdorini budjetdan tashqari mablag‘lardan to‘lab kelinayotgan ish haqi va rag‘batlantirish to‘lovlarini unifikatsiyalashtirgan holda Davlat budjeti orqali amalga oshirish hisobiga maqbullashtirish bo‘yicha taklif kiritadi.

Shuningdek, vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan ularning xodimlariga uy-joy va avtomashinalar xaridi uchun imtiyozli kreditlarni va foizsiz ssudalarni ajratish bekor qilindi.

Belgilanishicha, 2020 yil 1 yanvardan boshlab budjet tashkilotlari, vazirlik, idoralar va davlat maqsadli jamg‘armalarining:

milliy valutadagi budjetdan tashqari mablag‘lari hisobi faqat Yagona g‘azna hisobvarag‘ida yuritiladi;

vaqtincha bo‘sh turgan milliy valutadagi mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish, ularning so‘rovlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Markaziy bank bilan kelishilgan holda elektron auksion orqali amalga oshiriladi;

tijorat banklari depozitlariga 2020 yilgacha joylashtirilgan milliy valutadagi mablag‘lari depozit muddati tugagandan so‘ng, muddat uzaytirilmasdan Yagona g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Bunda tijorat banklari depozitlariga kredit resursi sifatida maqsadli joylashtirilgan mablag‘lar mazkur resurs hisobiga berilgan kreditlar so‘ndirilgandan so‘ng Yagona g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi budjet tashkilotlari hamda davlat maqsadli jamg‘armalarining tijorat banklardagi hisobvaraqlarining harakati bo‘yicha ma'lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yadi.

Ko‘proq yangiliklar: