Ijtimoiy tarmoqda Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida dalani payhon qilgan qo‘ylar so‘yib tashlangani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
Muxbir.uz kanalida tarqalgan videoda viloyat qishloq xo‘jaligi inspeksiyasi boshlig‘i Akrom Aripovligi aytilgan mas'ul shaxs viloyat hokimi Zoyir Mirzayevga ko‘rilgan chora to‘g‘risida hisobot berayotganini ko‘rish mumkin.
Akrom Aripovning aytishicha, u Nishon tuman IIB boshlig‘i bilan birga tumanning Ibn Sino mahallasi hududidagi «Otamurod ota» fermer xo‘jaligida bo‘lib, dalani payhon qilgan 21 bosh qo‘y egasini topgan.
Video davomida Akrom Aripov qo‘ylar Zoyir Mirzayev topshirig‘i bilan so‘yilayotganini aytib, go‘shti kam ta'minlangan oilalar va qishloq xo‘jalik texnikalarini ta'mirlayotgan ustalarga berilishini aytgan.
Ijtimoiy tarmoqda ushbu holatga e'tirozlar bildirilib, sud qarorisiz o‘zgalar mulkiga daxl qilinganiga e'tibor qaratilgan.
Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati bu xabarlarga munosabat bildirgan va Zoyir Mirzayev qo‘ylarni so‘yishga topshiriq bermagani, holatga qonun doirasida ish ko‘rilishi kerakligi haqida topshiriq bergani ta'kidlangan.
Qayd etish kerakki, ekin maydoniga kirib ketgan jonivorlarni so‘yib tashlash amaliyoti O‘zbekistondagi amaldorlar uchun begona holat emas. 2018 yil kuzida Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida chorvadorlarning fermer xo‘jaligi hududida shartnoma asosida boqilayotgan chorvalari (28 bosh qo‘y) tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan dalaning o‘zida so‘yib tashlangandi.
Bundan tashqari, 2018 yilning kuzida Buxoro viloyatida fuqarolarning paxta dalasiga kirib ketgan qo‘y-echkilari va qoramollari sudsiz musodara qilinib, so‘yib tashlangani kuzatilgandi.